“Agar korrupsiyani yo‘q qilmoqchi bo‘lsangiz dastlab o‘zingizning eng yaqin uch nafar do‘stingizni fosh qiling. Siz nimaga shunday qilayotganingizni aniq bilasiz, ular ham huddi shunday – nimaga fosh qilinganini aniq bilishadi.”
Li Kuan Yu, Singapurning sobiq bosh vaziri
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim boʼlgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol boʼlishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash eng muhim va dolzarb masalalar qatoridan joy olgan.
Hozirda, adliya organlari va va muassasalarida “Korruptsiyasiz hayot sari” huquqiy aktsiyasiga start berildi. Korruptsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida korruptsiyaga oid tushunchalarni bilish muhim ahamiyatga ega:
Aksilkorrupsiya – korrupsiya darajasini pasaytirish, korrupsiya bilan bog‘liq omillarni (oldini olish, bartaraf etish, tugatish va hokazolarni) kamaytirishga qaratilgan davlat organlari, mansabdorlari, fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkorlar va xususiy sektorning korrupsiya holatlarini fosh etish va bartaraf etishga oid faoliyatlari hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat sud, huquq-tartibot organlari vakillari, balki jamoat tashkilotlarining faollari, jurnalistlar, blogerlar va oddiy fuqarolar tashabbus ko‘rsatishi mumkin.
Favoritizm atamasi fransuzcha “favoritisme” va lotincha “favor” so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, “moyillik” degan ma‘noni bildiradi. Favoritizm – rahnamolik koʻrsatish yoki himoya ostidagi ayrim xodimlarni yaqin olish va qo‘llab-quvvatlash ma‘nolarini bildiradi. Ba‘zida rahbarlar o‘z qo‘l ostidagi ayrim xodimlarni boshqalarga qaraganda o‘ziga yaqinroq oladi, ular bilan juda do‘stona mudi. Ko‘p hollarda favoritizm ishxonadagi ishchi muhitni buzadi, hamkasblar o‘rtasida bo‘linishlarga olib keladi va korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaradi. Odatda favorotizm quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi: lavozimi bo‘yicha ko‘tarish, mukofotlarni hisoblash va davlat mukofotlariga tavsiya qilish, mehnat ta‘tillari berish yoki sanatoriyalar va xorij safarlariga yuborish, murojaatlarni ko‘rib chiqish navbatini, shuningdek, ish vaqti va navbatchilik grafiklarini belgilash shular jumlasidandir.
“Halollik vaksinasi” – korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari majmuasi. Bu atama ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tilga olingan. Korrupsiyaga qarshi kurashda adolat bosh mezon hisoblansa, mavjud qonunlarga amal qilish va ularga boʻysunish asosiy shartlar sirasiga kiradi. Bularga erishishning yagona yo‘li “halollik vaksinasi”dir
Lobbizm atamasi inglizcha “lobbyism” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “kluarlar”, “hos xonalar” degan ma‘nolarni bildiradi. Lobbizm – davlat idoralari, qonunchilik, ijroiya, sud hokimiyatlarining mintaqalar iqtisodiyoti ayrim tarmoqlari va sohalarini, korxonalar, ijtimoiy guruhlarni obyektiv zarurat taqozosi bilan emas, balki ma’lum bir manfaatlarni ko‘zlab, ba’zan mansabdor shaxslarni sotib olish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati hisoblanadi.
Nepotizm atamasi lotincha “nepos, nepotis” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “nevara”, “jiyan” degan ma‘nolarni bildiradi. Nepotizm – o‘zining yaqin qarindoshlari yoki do‘stlariga asossiz imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) ta‘sir o‘tkazish, shu jumladan: yaqin qarindoshlari va (yoki) do‘stlariga asossiz mukofotlar hisoblash, davlat organlari va muassasalari manfaatlari zarariga yaqin qarindoshlari va do‘stlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash
Reyderlik atamasi inglizcha “raider” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “bosqinchi”, “qaroqchi” degan ma‘nolarni bildiradi. Reyderlik – korrupsiyaning bir shakli bo‘lib, bunda, o‘zgalar mulkini uning ixtiyoriy roziligisiz egallab olish va o‘zlashtirishga aytiladi.
Zamonaviy jamiyatda bemor yoki uning yaqinlari tomonidan shifokorni rag‘batlantirish hollari tez-tez uchrab turadi, bu holat turli yo‘llar bilan talqin qilinadi. Masalan, tug‘ruqxonalarda muhtojlarga tibbiy yordam ko‘rsatish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalarni bajargani uchun samimiy minnatdorchilik tariqasida “suyunchi” ko‘rinishidagi pora beriladi. Ayrim tug‘ruqxonalarda hatto “tug‘ish stavkasi” belgilangan. Farzand tug‘ilishi bilan oilalarga quvonch va baxt ulashguvchi ushbu shifo maskanlarida bunday maishiy korrupsiya ko‘rinishlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Zero, har bir ota-ona farzandli bo‘lar ekan, tibbiyot muassasasidan rozi bo‘lib chiqib ketishi kerak. Afsuski, ayrim holatlarda shifokorlarning noqonuniy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lamiz. Bunday harakatlar uchun O‘zbekiston qonunchiligida jinoiy javobgarlik belgilangan.
Жамиятимиздаги ижтимоий-маънавий муҳитга салбий таъсир ўтказадиган, тараққиётимизга тўсиқ, миллий хавфсизлигимизга таҳдид саналадиган коррупцияга қарши муросасиз курашиш ва жамиятда қонун устуворлигини таъминлашга барчамиз бирдек масъулмиз!
Uchquduq tumani adliya bo’limi Yuridik xizmat ko’rsatish
markazi bosh yuriskonsulti F.Umurova