Gepatitning A turi. Xo`sh bu qanday xastalik? Qayerdan yuqishi mumkin va asoratlari qanaqa?
BIZDA QAYSI TURI KO`PROQ UCHRAYDI?
—Virusli gepatit A (xalq orasida-sarq) kasalligi– bu o`tkir yuqumli jigar kasalligi hisoblanib, qo`zg`atuvchisi gepatit A kasalligi virusi hisoblanadi. Har yili o`n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. O`zbekiston Respublikasida virusli gepatitlarning A, V, S turlari ko`proq uchraydi. Maktabgacha yoshda bo`lgan bolalar va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko`proq kasallanadi.
VIRUSNING YUQISHI...
— Inkubasion davri, yani virusning organizmga tushishi va kasallikning ilk belgilari paydo bo`lishi 15 kundan 50 kungacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Kasallikning yuqish yo`li alimentar yo`l bilan–virus bilan zararlangan oziq-ovqat maxsulotlari, suv, o`yinchoqlar va iflos qo`l orqali yuqadi. Virus tashqi muxitga chidamli 60°C haroratgacha bo`lgan chuchuk va sho`r suvda bir necha oylab saqlanishi mumkin.
XASTALIK ALOMATLARI
—Gepatit A kasalligi jigar to`qimalarini yallig`lanish va nekrozli o`zgarishlarga va intoksikasiya(zaxarlanish) sindromlarini paydo bo`lishiga, jigar va taloqni kattalashishi, jigar faoliyatining klinik va laborator buzilishlari, sariqlik belgilarining paydo bo`lishi, siydik rangini to`q rangga kirishi va axlatni rangsizlanishi bilan xarakterlanadi.Klinikasida quyidagi simptomlar namoyon bo`ladi: xolsizlik va darmonsizlik, ishtaxa yo`qolishi, ko`ngil aynish va qayt qilish, mushaklarda og`riq. Yashash va ish joylarining sanitariya jixatdan qoniqarsiz xolatda bo`lishi, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, axolining zichligi, oziq-ovqat maxsulotlarini tayyorlash qoidalarini buzilishi, sifatsiz ichimlik suvidan foydalanish viruslarning ko`payishiga sharoit yaratadi.
VIRUSLI GEPATIT “A”NING KECHISHI VA ASORATLARI
Virusli gepatit “A”ning kechishi 3 xil jarayonda o’tishi mu’mkin;
Yengil shakli.
O’rtacha og’ir shakli.
Og’ir va fulminant shakllari-intoksikatsiya rivojlangan, juda og’ir kechishi, jigar yetishmovchiligiga olib keladi bazan o’lim holati uchraydi.
VIRUSLI GEPATITDAN HIMOYALANISHNING 6 MUHIM QOIDASI:
• Sog`lom turmush tarziga rioya qilish;
• Shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, jamoat joylariga va xojatxonaga borgandan so`ng qo`lni yaxshilab sovunli suvda yuvish;
• Oziq-ovqat maxsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonlarida sanitar-epidemiologik qoidalarga rioya qilish;
• Meva va sabzavotlarni iste`mol qilishdan oldin oqar suvda yaxshilab yuvish va so`ngra qaynagan suvda yuvish;
• Yashash joy gigienasiga rioya qilish: xonalarni shamollatish va namli tozalov ishlarini olib borish;
• Gepatit A virusiga qarshi emlash.
YODDA TUTING!
Profilaktik qoidalar kundalik turmush tarzingizga aylanishi kerak.
Virusli gepatit A kasalligiga eng samarali usul bu virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlashdir!!!
Uchquduq tuman SEO va JS bo’lim epidemiolog vrachi G’iyosjon Aktamov