Bugungi kunda hayotiy jarayonlar davomida koʻp marta quloqqa chalinib qoladigan, yoki biror tashkilotga borganda katta harflar bilan yozib qoʻyilgan Korrupsiya va unga aloqador soʻzlar aslida koʻp ming yillik tarixga ega. Tarixiy manbalarga koʻra korrupsiya haqida eramizdan avvalgi Shumer podsholigi davrida ham eslatib oʻtiladi. Korrupsiyaning bugungi kungacha yetib kelganligi esa shundan dalolat beradiki, boshqa illatlar kabi, uni ham tag-tugi bilan yoʻqotib boʻlmaydi. jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish bir yoki ikki mamlakatnigina tashvishga solayotgan mavzu emas. Bugun bu masala global darajada haligacha mukammal yechimini topmagan va topmaydiganga oʻxshaydi. Nega bilasizmi? Chunki, inson omili bunda yuqori. Moddiy manfaat yotibdi tagida, noqonuniy va harom boʻlsa-da. Insonning koʻziga togʻri yoʻl, gunoh koʻrinarmidi gap pul haqida ketganda?!
Naqadar xudbinmiz, naqadar koʻzi och. Cheksiz Qudrat Sohibi oldida bir lahzachalik qadri yoʻq bu umrimizda nimalarni xohlab, nimalarni tusamaydi bu nafs. Mol – dunyo-ku oʻz yoʻliga, oʻzimiz… oʻzimizga tegishli deb oʻylaydigan jism-u tanimiz ham Allohniki-ku! Nega tirishamiz toʻq qoringa yana ovqat qidirib, nega toʻymaymiz ogʻzimizda luqmamiz boʻla turib, nega boshqalarning qoʻliga qarab qolamiz qoʻynimiz toʻla ne’mat boʻlganda?
Bizda ayb yoʻq! “Rozi qilishini men soʻrabmanmi?! Koʻnglidan chiqarib berdi-da qilgan ishimga yarasha! Oʻzi-ku qoʻyar-da qoʻymay, “oling-oling… chin dildan.. koʻnglimga tugib qoʻygandim endi, olsangizchi” deb hol-u jonimni qoʻymagan. Bermasayam rozi edim, nimayam derdim…” Bizda ayb yoʻq!
Masalaning bu tomoni ham bor. Shu darajaga tushdikki, tamagirlikning eng yorqin namunasi bugun oddiy, kundalik hayotda koʻp kuzatiladigan bir holatga aylangan. Faqat uni hech kim korrupsiya deb atamaydi. Uning nomi boshqacha jaranglaydi: “Niyat qilib qoʻygandim, ishim hal boʻlsa, shu akamizga bi-i-i-r …”
Chindan, ayb pora oluvchilarda emas, balki uni beruvchilarda! Emishki, toʻrt – besh soʻm bersang, xotining bilan chaqalogʻingga yaxshiroq qararmish. Birov aytmaydiki, bu oq xalatlilarning vazifasi oʻzi shu – yaxshiroq qarash hamma bemorga! Bolalar bogʻchasidan tortib, ishlaydigan ishxonalarimizgacha bu “an’ana” davom etadi. Demakki, qarashimizdagi nuqsonlarga tuzatish kiritmas ekanmiz, doim ishimiz hal boʻlishi uchun kimlarningdir hojatini chiqarib yuraveramiz. Natijada, “rivojlanish” avj oladi… faqat salbiy hisobda. Korrupsiyaning noqonuniyligini, uning haromligini aqlga oʻrgatib boʻlmas ekan, uning tomir yoyishini keskin jazo bilan toʻxtatish kerakdir.
Jinoyat Kodeksining 210-moddasidagi jazo turi pora bilan oziqlanadigan, “immunitet” shakllangan inson uchun kichik shamollashning bir koʻrinishidek gap. Faqat uni “oʻz vaqtida oldini olishga ulgurish” lozim. Bundaylar har qayerda oʻzlariga oʻxshaganlarni topib, hatto yarata oladilar. Asosiysi, masala “oʻraga sichqon tushdi, guldur gup boʻlsin”, yiring olib kattalashib ketmasin. Mana qanday korrupsiya urchib ketyapti. Oʻziga ishongan odam nega pora bersin? Oʻzini hurmat qilgan, iymonli odam nega pora olsin? Shunday ekan, bu puch ish amalga oshishida oʻzining “hissa”sini qoʻshganlarga jazoni keskinlashtirish qabih yoʻlga kirmoqchi boʻlgan har qanday insonni, yana bir bor chuqur mulohaza yuritishga undaydi. Ommaviy xalqqa sazoyi qildirish, kerak boʻlsa mol-mulkini toʻliq davlat tasarrufiga musodara qilish bilan ham kurashsak arziydi.
Xohlardimki, korrupsiya ijtimoiy qatlamda oʻz oʻrniga ega boʻlmaganlarning belini bukchaytirmasin, yuzini yerga qaratmasin, taqdir shunaqa ekan deb tan berib ketaverishlariga zamin boʻlmasin, beparvo va norozi kimsalarga aylantirmasin! Jamiyatda aholidan korrupsiyaga boʻlgan munosabat soʻralishiga-da ehtiyoj qolmasin.
Har bir jamiyatda korrupsion munosabat emas, korrupsiyaga nisbatan nafrat ufurib tursin.
Davlatda ko’p sohalarning ildiziga bolta urar ekan, bu tanazzulning sababchilari keskin jazolansin! Yo’l yoqasidagi bannerlarda shiorlar emas, korrupsionerlarning suratlari osib qo’yilsin! Insonlarning yashash tarziga, hayotiga bu og’u xavf tug’dirmasin!
Yandashova Feruza Avaz qizi
Uchquduq tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti