Virusli gepatit "A” – o’tkir yuqumli antropanoz kasallik bo’lib, kasallikning qo’zg’atuvchisi viruslardir. Kasallik jigar faoliyatining buzulishi va organizmda umumiy zaharlanish alomatlari bilan kechadi. Sarg’ayish belgisi bilan kechadigan kasalliklar aholiga qadimdan ma’lum bo’lib, bu kasalliklar to’g’risidagi birinchi ma’lumotlar Gippokratning ilmiy asarlarida bayon qilingan.
Virusli gepatit "A” virusi o’z xususiyatlariga ko’ra enteroviruslar turiga, pikornaviruslar oilasiga mansubdir. Virusli gepatit "A” virusi antigenlik nuqtai nazaridan gomogen bo’lib, o’ziga xos yagona antigen saqlaydi. Bu antigen kuchli immunogenlik xususiyatiga ega.
Virusning yuqori harorat, kislotalar, efirlar, dezinfektsiyalovchi vositalarga chidamliligi uning tashqi muhitda uzoq muddat saqlanib qolishini ta’minlaydi, ayniqsa past haroratda virus bir necha oy, hattoki yillab saqlanishi mumkin. Virusli gepatit "A” kasalligining asosiy manbai bemor odam hisoblanadi. Bemorlar najasida antigenlarini yuqori sezgirlikdagi immunoferment analizi usullari bilan sariqlik paydo bo’lishidan 12-14 kun oldin va sariqlik paydo bo’lgach yana 3 hafta mobaynida aniqlash mumkin. Virusning eng yuqori miqdori bemor najasida yashirin davr oxiri va butun sariqlik oldi davrida kuzatiladi. Bu paytda virusni 100% bemorlarda aniqlash mumkin. Sariqlikning 1-haftasida 50%, 2-haftasida 20% va3-haftasida 5% bemorda virus aniqlanadi, 4-haftasida virusli gepatit "A”-antigeni kamdan-kam hollarda topiladi. Infektsiya manbai sifatida sariqlik oldi davridagi bemorlar hamda "A” gepatitning simptomsiz shakli bilan og’riganlar eng katta xavf tug’dirishadi.
Organizmga tushgan qo’zg’atuvchi miqdoriga qarab, virusli gepatit "A” kasalligining yashirin davri 15 kundan 50 kungacha bo’lishi mumkin, o’rtacha 25-30 kunni tashkil etadi. Virusli gepatit "A” kasalligi asosan og’iz orqali yuqadi, ya’ni ifloslangan suv, oziq-ovqat mahsulotlari va maishiy-muloqot orqali yuqadi. Ko’pchilik hollarda suv yo’li asosiy yuqish yo’li bo’lib xizmat qiladi. Oziq-ovqat yo’li bilan zararlanish o’tkir va aksariyat hollarda surunkali tusda amalga oshadi. Bu yo’l bilan yuqishda termik ishlov berilmaydigan turli-tuman oziq-ovqat mahsulotlar, meva-sabzavotlar, ko’katlar, poliz mahsulotlari, sharbatlar asosiy yuqtirish omillari hisoblanadi. Virusli gepatit "A” kasalligining oldini olishning asosiy tadbirlari shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, meva va sabzavotlarni istemol qilishdan avval yuvish, suvni faqat qaynatilgan holda iste’mol qilish, kasallik aniqlangan bemorlarni o’z vaqtida virusli gepatit "A” ga qarshi emlash, kasallikni oldini olishda samarali profilaktik chora-tadbiri hisoblanadi
Bugungi kunda Dunyoning ayrim davlatlarida virusli gepatit "A” kasalligidan himoyalovchi samarali vaksinalar ishlab chiqilib, ommaviy emlash ishlari olib borilmoqda. Virusli gepatit "A” kasalligiga qarshi emlash 94-98% holatlarda virusli gepatit "A” kasalligini oldini oladi va ushbu vaksina ishlatilganda emlashdan keyingi asoratlar kuzatilmaydi.
Hozirgi vaqtda, virusli gepatit "A” kasalligiga qarshi emlash ishlari keng tarzda olib borilmoqda. Virusli gepatit "A” kasalligiga qarshi emlash maqsadida, Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan "MEVAK-A” vaksinasi qo’llanilmoqda. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko’ra, ushbu vaksinaning xavfsizligi va sifatini kafolatlovchi sertifikatlari mavjud bo’lib, vaksinatsiya bir marotaba qo’llaniladi, qayta emlash ishlari talab etilmaydi. Virusli gepatit "A” kasalligiga qarshi emlashga asosan 18 oyligidan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar emlanishi rejalashtirilgan. Virusli gepatit "A” kasalligiga qarshi emlash ishlari viloyatning barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalaridagi emlash punktlarida amalga oshiriladi.
Hurmatli ota-onalar, bolalaringizni virusli gepatit "A” kasalligiga chalinmaslikning asosiy va yagona usuli, virusli gepatit "A” kasalligiga qarshi profilaktik emlash hisoblanadi. Bugungi kunda maktablarda hamda Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va uyushgan hamda uyushmagan bolalar o’rtasida virusli gepatit “A” kasalligi qayd etilmasligi maqsadida profilaktik tadbirlar, jumladan alohida qaynatilgan suvdan iste’mol qilishlari, shaxsiy gigiyenaga amal qilishlari, tartibsiz ovqatlanmasliklari tavsiya etiladi.
Uchquduq tuman SEO va JS bo’limi. Muallif. N.Adizova