Quturish – hayvonlar va odamda uchraydigan, asab tizimining og’ir shikastlanishi bilan kechadigan hamda o’lim bilan yakun topadigan o’ta xavfli yuqumli virusli kasallikdir. Odamlar uchun kasallik manbai bo’lib: quturgan uy hayvonlari - it, mushuk, sigir, ot, eshak, cho’chqa, yovvoyi hayvonlardan – chiyabo’ri, tulki va boshqalar, hisoblanadi. Odamlarga quturish kasalligi 90-95 % holatlarda itlardan yuqadi.
Kasallik odamga qanday yuqadi?
Odamga quturish kasalligi shu kasallikka chalingan hayvonlarning tishlashi, tirnashi, tishlarining qadalishi, shuningdek, jarohatlangan teri va shilliq qavatlariga so’lagi tushishi paytida yuqadi. Kasallik o’ta og’ir kechib, doimo o’lim bilan tugaydi.
Quturish kasalligiga chalingan hayvonlarda kuzatiladigan belgilar :
-hayvon tajovuzkor bo’lib, duch kelgan hayvonlar va odamlarga tashlanadi, tishlashga, tirnashga harakat qiladi;
-yorug’likdan qo’rqadi, qorong’u joyga kirib olishga harakat qiladi, egasi chaqirganida oldiga kelmaydi;
-ovqatlanishdan bosh tortadi, to’g’ri kelgan jismlarni og’ziga solib, yutadi, keyinchalik yutunishi qiyinlashadi, og’zidan juda ko’p so’lak oqadi, bezovta bo’ladi, tovushi bo’g’ilib yo’qola boshlaydi va orqa oyoqlari yurmay qoladi, ya’ni falajlanish holatlari kuzatiladi.. Hayvonlarda ham kasallik o’lim bilan yakun topadi.
Siz agar it va boshqa uy hayvonlaringizda kasallikning shunday belgilarini kuzatsangiz, darhol veterinariya vrachiga murojaat eting!
Yodingizda bo’lsin!
-Itni doimo bog’langan holda saqlash, ko’chaga olib chiqilganda tumshuq tasmasini taqish, itni tunda ko’chaga chiqarib yubormaslik va ko’chada qarovsiz qolishi hamda yovvoyi hayvonlar bilan muloqotda bo’lishiga yo’l qo’ymaslik kerak;
-Farzandlaringizni qarovsiz qolgan va begona itlar bilan o’ynashiga hamda ularni uyga olib kelishiga aslo yo’l qo’ymang;
-Itni o’z vaqtida hududiy veterinariya idoralariga olib borib, ro’yxatdan o’tkazish, har yili uni veterinariya ko’rigidan o’tkazib, quturishga qarshi emlatish zarur.
Agar, Sizni hayvon tishlasa so’lagi jarohatlangan teri va shilliq qavatingizga tushsa, unda Siz zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilishingiz hamda mutaxassis vrachning tavsiyasiga ko’ra, quturishga qarshi o’z vaqtida va to’liq emlanishingiz kerak.
Uchquduq tuman SEO va JS bo'limi.
Muallif: N.Adizova.