Tadbirkorlik sub’yektlariga soliq yuklamasini kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida belgilangan.
Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bunda, korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi.
Sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida 2031 yil 1 yanvargacha mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor va Nishon tumanlarida yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’yektlariga 2025 yil 1 yanvarga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.
Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlarida yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’yektlariga 2025 yil 1 yanvarga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.
Toshkent viloyatining Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Bekobod tumanlarida yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’yektlariga 2025 yil 1 yanvarga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lanadi.