Twitter ma’muriyati Amerika prezidenti rasmiy akkaunti @POTUS va Oq uy rasmiy akkaunti @WhiteHouse’ning mavjud obunachilarini AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenga o‘tkazmaydi. Bu haqda Baydenning raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha vakili Rob Flaerti ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
Baydenning jamoasi Business Insider nashriga aniqlik kiritishicha, Baydenga birinchi xonimning @FLOTUS va Oq uy matbuot kotibining @PressSec rasmiy Twitter-sahifalarining mavjud obunachilari ham berilmaydi.
Twitter Bayden hamda uning ma’muriyatida vitse-prezidentga aylanadigan Kamala Xarrisning shaxsiy sahifalari obunachilariga bildirishnoma yuborib, Baydenning o‘tish davri jamoasi rasmiy sahifasi @transition46’ga obuna bo‘lish imkoniyati haqida ma’lum qiladi. Keyinchalik bu akkaunt Oq uyning rasmiy sahifasi sifatida @WhiteHouse deb o‘zgartiriladi.
Twitter rasmiy vakili Nik Pachilio The Wall Street Journal’ga ma’lum qilishicha, Bayden AQSh prezidenti bilan bog‘langan jami 12 ta rasmiy akkauntni qo‘lga kiritadi. Pachilioning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoq Baydenning jamoasi bilan akkauntlarga aloqador “bir qator jihatlar bo‘yicha” muzokaralarni davom ettirmoqda.
Rasmiy Twitter sahifalarining joriy obunachilari nima sababdan Baydenga berilmasligi noma’lum. Flaerti ta’kidlashicha, 2016-yilda amaldagi prezident Donald Trampga @POTUS va @WhiteHouse akkauntlarining obunachilari undan avvalgi prezident Barak Obamaning iltimosi bilan berilgan edi. The Washington Post jurnalisti Xyugo Louell o‘z Twitter’ida Baydenning jamoasiga tayanib yozishicha, obunachilarning yangi AQSh prezidentiga berilishidan Tramp akkauntlarining administratori bosh tortgan.
Barak Obama rasmiy kommunikatsiyalar uchun Twitter’dan foydalanishni boshlagan birinchi amaldagi AQSh prezidentiga aylangan. U foydalangan @POTUS sahifasi u lavozimdan ketganidan keyin @POTUS44’ga o‘zgartirilgan va muzlatilgan. O‘sha vaqtda uning 13,7 million obunachisi bo‘lgan.
Donald Tramp uchun yangi @POTUS akkaunti tuzilgan. Uning vakolatlari tugashi bilan sahifa @POTUS45 deb qayta nomlanadi va muzlatiladi.
Ayni paytda @POTUS akkauntiga 33,2 million kishi obuna bo‘lgan. @WhiteHouse sahifasida 26 million, @FLOTUS’da 16,4 million, @PressSec’da esa 6,3 million obunachi bor.
Donald Tramp Twitter’dan faol ravishda foydalanadi, biroq o‘z bayonotlarini rasmiy sahifada emas, o‘zining shaxsiy akkauntida e’lon qilib boradi. Trampning @realDonaldTrump shaxsiy sahifasiga 88,5 million kishi obuna bo‘lgan. Jo Baydenda esa 21,6 million obunachi bor.
2021-yil 20-yanvar kuni saylangan davlat rahbari demokrat Jo Bayden o‘z lavozimiga kirishishi kerak. Dekabr o‘rtalarida saylovchilar hay’ati Trampning saylovdagi bosh raqibini Amerikaning 46-prezidenti deb e’lon qildi. Baydenning inauguratsiyasi an’anaga ko‘ra Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.
Amaldagi Amerika yetakchisi o‘z raqibining g‘alabasini tan olishdan bosh tortib, hamon saylov natijalari yuzasidan sudlarda da’volashishga urinmoqda. CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Tramp “chuqur e’tiroz” lahzalarida jazavaga tushib, Baydenning inauguratsiyasi kuni Oq uyni tark etmasligini aytmoqda.
Bayden esa o‘z raqibini ba’zi shtatlardagi saylov yakunlarini sud orqali bekor qilishga urinib, bu bilan xalq xohishiga hurmatsizlik ko‘rsatayotganlikda aybladi.