Hukumatning “Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar-ma’rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qarorga ko‘ra, ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar-ma’rifiy “Aqlvoy” telekanali (bolalar telekanali) tashkil etiladi.
Ma’lumotni qiziqarli va tushunarli shaklda taqdim etish orqali bolalarning bilim olish faolligini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy ko‘nikmalarini rivojlantirish (edutainment) telekanalning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur telekanal:
- Edumedia Corporation qoshida yuridik shaxs tashkil etmasdan ta’sis etiladi;
- respublikaning barcha hududlarida yetkaziladigan umumfoydalanishdagi ijtimoiy raqamli teleeshittirishlar paketi tarkibiga kiritiladi;
- o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida faoliyat yuritadi.
Avvalroq O‘zbekistonda o‘quvchi va talabalar ishtirokida Yangi yilga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazish taqiqlangani, Samarqandda so‘nggi ikki yilda 700 nafar bola nogironlikdan xalos bo‘lgani hamda Tanzila Norboyeva bir yilda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qanchasi oilalarga farzandlikka berilayotganini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.