Kanada buyurtma qilingan koronavirusga qarshi vaksinalar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Meduza’ning yozishicha, bu haqda ochiq ma’lumotlar asosida vaksina tashuvlarini kuzatib boruvchi o‘z trekeriga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kanadada 153,9 million kishini (mamlakat aholisining 410 foizi) emlash uchun vaksina yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar mavjud. Buyurtma qilingan vaksinalar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya (o‘z aholisining 295 foizini emlashi mumkin), uchinchi o‘rinda esa Avstraliya (aholisining 269 foizini emlay oladi).
Kanadada turli ishlab chiqaruvchilarning, xususan, Moderna va Pfizer/BioNTech kompaniyalari vaksinalaridan foydalaniladi. 7-dekabr kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo emlashlar kelasi haftadan boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 80 million kishini (mamlakat aholisining 55 foizini), AQShda — 455 million kishini (mamlakat aholisining 139 foizini) emlash uchun vaksinalar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar mavjud.
7-dekabr kuni The Washington Post manbalarining xabar berishicha, hozirda kovid vaksinasining eng yirik yetkazib beruvchisi bo‘lgan Pfizer kompaniyasi Amerika hukumatiga kelasi yil yozigacha mamlakatga qo‘shimcha 100 millionta doza vaksina yetkazib bera olmasligini ma’lum qilgan. Bunga Pfizer’ning boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan ham shartnoma tuzgani sabab bo‘lgan.
Koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasini butun dunyo bo‘ylab tarqatish noyabr oyi oxiridan boshlandi. Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib ushbu kompaniya vaksinasidan foydalanishni ma’qulladi. Pfizer 2020-yil oxiriga qadar, oldinroq rejalashtirilganidek, 100 million emas, balki 50 million doza vaksina ishlab chiqara oladi.
JSST 2021-yilning birinchi choragida koronavirusga qarshi 500 million doza vaksina tarqatish niyatida.