Hozirgi ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, katta zilzilalar zamon va makonda ancha tartibli tarzda sodir bo‘ladi. Shu sababli ham bugungi kunda zilzilalarga oldindan tayyorlanish, undan keladigan talafotlarning oldini olish mumkin. Zamonaviy dunyoda bu odatiy narsadek tuyuladi, ammo texnika rivojlanmagan davrlardachi? “Daryo” bugun XV asrning talafotli zilzilasi haqida hikoya qiladi.
Italiya yarimorolidagi eng kuchli zilzila
1456-yilning aynan shu kunida sodir bo‘lgan zilzilaning ma’lumotlari qayta o‘rganilishi natijasida, ushbu yer silkinishi Italiya yarimorolida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila ekani ma’lum bo‘ldi. Ushbu zilzila haqida ma’lumotlar cheklangan bo‘lsa-da, olimlar silkinishning zararlari, xarakteri va tektonik harakatlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi. Italiya tarixidagi eng kuchli zilzila ko‘lami juda keng bo‘lgan, butun Italiya hududining olti foizi undan aziyat chekdi. Italiya va Germaniyaning ko‘plab shaharlari vayron bo‘ldi. Ko‘plab aholi punktlari, ayniqsa, qirg‘oq bo‘yida yashovchi aholidan hatto iz ham qolmadi.
Oyning qolgan qismida, ikkinchi asosiy shok sodir bo‘lgunicha, bir nechta bilinar-bilinmas silkinishlar sodir bo‘ldi. Ketma-ketlik 1457-yil boshiga qadar (ba’zi manbalarda maygacha) davom etdi va bu ko‘proq zarar yetkazdi.
Talafot
Neapol zilzilasini ikki xil yo‘l bilan tasvirlash mumkin: xalq tili yoki qurbonlar soni bilan. Birinchi variant bilan aytadigan bo‘lsak, Italiya tarixidagi eng kuchli yer silkinishi “shaharni ildizi bilan qo‘porib tashladi”. Ikkinchi variantda raqamlar so‘zlaydi — 35 ming qurbon. 5-dekabrda sodir bo‘lgan silkinishda asosiy zarar ko‘rgan hududlar Napoli va Piana Kamapana bo‘ldi. Butun shahar vayronaga aylandi. Ko‘pchilikning oxirgi so‘zlari tuproq ostida aytilmay qolib ketdi...
Italyan seysmologlari ushbu davomli zilzilani ikkita alohida silkinishga ajaratadi. Birinchisi — 5-dekabrdagi — 7,2 magnitudali. Ikkinchisi 30-dekabda sodir bo‘lgan — 6,6 magnitudali. O‘rganishlar natijasida bundan keyin ham kuchliroq zilzilalar sodir bo‘lsa-da, ushbu silkinish zararlari hisoblab chiqilib, eng talafotli zilzila deb topilgan.
Italiya tarixidagi eng kuchli zilzilalar
Yuqorida so‘z yuritilgan yer silkinishi, ta’kidlanganidek, yarimorol tarixidagi eng kuchlisi edi. Undan so‘ng Italiya yana bir necha marotaba “titradi”.
30-iyul, 1626-yil. Yana Neapol. Ushbu zilzila bu safar 10 minglab qurbon talab qildi.
8-sentabr, 1905-yil. Kalabriya yarimorolida (Italiya) Rixter shkalasi bo‘yicha 7,9 balli zilzila sodir bo‘ldi. Taxminan, besh ming kishi halok bo‘ldi, 25 ta qishloq deyarli vayron bo‘ldi.
1908-yil 28-dekabrda Sitsiliya orolida Rixter shkalasi bo‘yicha 7,5 balli zilzila bo‘lib, Messina shahri va yaqin atrofdagi 25 ta aholi punktini butunlay vayron qildi. Turli manbalarga ko‘ra, 80 mingdan 250 minggacha odam qurbon bo‘ldi.
1915-yil 13-yanvarda Apennin tog‘ tizmasining markaziy qismida, Avezzano yaqinida zilzila sodir bo‘ldi. Taxminan, 1600 kvadrat kilometr maydonga, yuzlab shahar va qishloqlarga ushbu tabiiy ofat ta’sir ko‘rsatdi. Kuchli silkinishlar Adriatikadan tortib yarimorolning Tirren qirg‘oqlariga qadar bo‘lgan hududlarda sezildi. Taxminan, 30 ming kishi vafot etdi.
1980-yil 23-noyabr. Italiyaning janubida Rixter shkalasi bo‘yicha 6,8 gacha bo‘lgan yetti zarbadan iborat zilzila uch ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 1,5 ming kishi g‘oyib bo‘ldi, sakkiz ming kishi jarohat oldi, 200 ming kishi uysiz qoldi. Zilzila Neapol va Potentsa orasidagi 26 ming kvadrat kilometr kenglikdagi maydonni qamrab oldi.
Italiyada oxirgi ikki dekadada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar ham yo‘q emas. Masalan, 2002-yil 31-oktabrda Italiyaning markaziy va janubiy mintaqalarida kuchli yer silkinishi qayd qilindi. Rixter shkalasi bo‘yicha 5,4 balli zilzila San-Juliano qishlog‘idagi maktabni vayron qildi. 29 kishi halok bo‘ldi, ulardan 26 tasi bolalar. 61 kishi jarohat oldi, uch ming kishi boshpanasiz qoldi.
2009-yilning 6-aprel sanasida Abrusi tog‘li hududida 6,7 magnitudali yer qimirlashi qayd qilindi. Eng ko‘p zararni Akvila shahri ko‘rgan bo‘lsa, Rim ham ushbu silkinishni sezdi. Ba’zi aholi punktlarida binolar 50 foizgacha zarar ko‘rdi. Kuchli, ammo talafotsiz o‘tgan kam sonli zilzilalardan biri desak ham bo‘ladi.