Ushbu reyting 2010-yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, universitetlarni baholovchi dunyodagi nufuzli reytinglardan biri hisoblanadi.
Universitetlarning muvaffaqiyati darajasi ularning faoliyatini statistik tahlil qilish, ma’lumotlarni tekshirish, shuningdek, xalqaro akademik hamjamiyat vakillari va ish beruvchilarning yillik global ekspertlik so‘rovnomalari natijalari asosida baholanadi.
So‘rovlar davomida mutaxassislar olti mingta ta’lim muassasalari orasidan ularning fikricha faqat eng yaxshi oliy o‘quv yurtlarini, shuningdek, o‘qishni magistratura va doktorantura darajalarida davom ettirish uchun eng kuchli bo‘lgan universitetlarni tanlaydi.
Oliy o‘quv yurtlari faoliyati tahlili 13 ko‘rsatkichdan iborat. Ularni asosiy baholash mezonlari quyidagilar:
- talabalar va o‘qituvchilar xalqaro harakatchanligi;
- xalqaro stipendiya dasturlari soni;
- ilmiy tadqiqotlar darajasi;
- innovatsiyaga hissa qo‘shish;
- ilmiy maqolalaridan manbalar olish;
- ta’lim xizmatlarining darajasi va boshqalar.
Ushbu reyting ma’lumotlari 2020-yil sentabr oyida e’lon qilingan.
Unda qatorasiga to‘rt yildan buyon Oksford universiteti yetakchilik qilmoqda. Sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari orasida faqatgina Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti reytingdan joy olgan bo‘lib, u 174-o‘rinda. O‘zbekistondan esa birorta oliy o‘quv yurti joy olmagan.
Reytingda kuchli o‘ntalik quyidagicha:
- Oksford universiteti;
- Stenford universiteti;
- Garvard universiteti;
- Kaliforniya texnologiya instituti;
- Massachusets texnologiya instituti;
- Kembrij universiteti;
- Kaliforniya universiteti, Berkli;
- Yel universiteti;
- Prinston universiteti;
- Chikago universiteti.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning oktabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilgacha oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlovchi qarorga imzo chekkan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini ilg‘or universitetlarga aylantirish va ulardagi ta’lim darajasini dunyoning 500 ta eng yaxshi universitetlari qatoriga qo‘shish rejalashtirilgan.