Sport bilan shug‘ullanish uni sog‘lom turmush tarziga aylantirish yo‘lida sport maktablari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan-ki, ular sport sohasida yutuqlarga erishish bilan birga chempionlar tarbiyalashga ham hissa qo‘shib kelmoqda. Navbatdagi qahramonimiz tuman sport maktabi metodisti Lola Sulaymonova.
Xatirchining polvon qizi Lola yoshligidan sportga mehr qo‘ydi. Darsdan bo‘sh paytlarida maktabda tashkil etilgan sport to‘garaklariga muntazam qatnashib yurdi. Kollejda sport murabbiysi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi. Mehnat faoliyatini 2016 yilda Uchquduq tuman sport maktabida boshladi.
Qaysi sohada bo‘lmasin chin dildan mehnat qilgan inson albatta mukofotini oladi. Respublika va xalqaro darajadagi sport musobaqalarida tuman sport maktabi tarbiyalanuvchilarining munosib g‘alabalarga erishishida o‘z hissasini qo‘shgan Lola Sulaymonovaga O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan “Oliy toifali instruktor-metodist” sertifikati berildi.
Hozirda Lola Mustafayevna Buxoro innovatsiyalar universitetining 3-bosqich talabasi. Shu bilan birga oliy toifali instruktor metodist hamdir.
-Hayotdagi har qanday yutuq, ayniqsa, sportdagi g‘alaba o‘z-o‘zidan kelmaydi. Faqat tinimsiz mehnat, uzluksiz mashqlargina g‘alabaga yetaklaydi, - deydi Lola Sulaymonova.
Ha, inson taqdiri bevosita yoshlik orzulari bilan bog‘liq. Shundanmi Lola Mustafayevna hayotini sportsiz tasavvur qilolmaydi.