Yo'laklarga to'kilgan kuz barglari Azizning oyog'i ostida shitirlab, uning ko'nglini battar g'ashladi. Kasalxona darvozasidan chiqarkan, kamayib qolgan mashinalar ovoziga ham, uzoq-yaqindan o'tayotgan yo'lovchilarning sharpasiga ham e'tibor bermay, uyiga yo'l oldi. Tunov kun ro'y bergan baxtsiz hodisada mashinalarning pachoq bo'lganidan ko'ra, otasining oyog'i singanidan vijdoni qiynalib, yuragi uvushdi. Ayni paytda Azizning ishlari ham yurishmayotgan edi. Ketar ekan, pul so'rashi mumkin bo'lgan do'stlari, qarindoshlari bir-bir ko'z oldidan o'tdi. Yo'l yoqalab yurib, xazonlar ostida qolgan pulga ko'zi tushdi. Har yoqqa alangladi. Yaqin atrofda hech kim ko'rinmasdi. Pulni olishni ham olmaslikni ham bilmay, biroz o'ylanib turdi. "Topgan topaloqniki" degan o'y xayolidan o'tdi-yu pulni olib, otasini davolatish uchun ham, mashinalarni tuzatish uchun ham yetarli ekanligidan sevindi.
Cho'ntagidagi o'z puliga shirinlik oldi. Darvozadan yugurib chiqqan bolalari quvonchdan qiyqirishdi.
Boshini ro'mol bilan tang'ib olgan xotiniga:
— Siqilma onasi, hammasi yaxshi bo'ladi, — dedi.
— Eh, qayerdan ham yaxshi bo'lardi. Bo'ynimizgacha qarzga botib ketdik-ku. Dard ustiga chipqon bo'lgandek, uzugimni ham topolmayapman. Shu ham bir korimizga yarar deganimda, qarasam qo'ygan joyimda yo'q.
Ayolining bu so'zlaridan so'ng, bu pul tushirib qoldirgan insonning o'ziga ham kerakdir? degan xayol shodligini parchalab yubordi. Bu pulni egasini topib qaytarsa, otasi tuzalmaydi, agar qaytarmasa bir umr vijdon azobida yashaydi. "Bu pulni bersammikin, axir birovning haqqi birovga yuqmaydi-ku" degan o'y yuragidan o'tdi". Tuni bilan pulning egasini qayerdan topishni o'ylab chiqdi.
Tong sahar kasalxonaga yana o'sha yo'ldan yurib borardi. O'yga berilgancha tinmay bir-nimalarni takrorlayverardi. To'satdan pul topib olgan joyidan sal nariroqda bir onaxonning yig'lashi eshitildi. Bu pul shu ayolniki ekanini ko'ngli sezdi. E'tibor qilmasdan onaxonning yonidan o'tib ketdi. Borarkan, vijdoni oyoqlarini bog'ladi, sekin orqasiga qaytdi.
— Tinchlikmi, onaxon!
— Bugun nevaramning shartnoma pulini to'lashning oxirgi kuni. Men esa qarz-havola qilib yig'gan pulni yo'qotib qo'ydim. — dedi.
Aziz barini endi tushundi. O'ylab o'tirmay uning pullarini qaytarib berdi.
Onaxon shunchalar sevindiki, ko'zlaridan sevinch yoshlari qalqidi. Aziz yana otasini o'ylab, mayus tortgancha ko'zlarini yerdan uzolmadi. Onaxon unga tikilib, nimadir uni azob berayotganligini payqadi.
— Nima bo'ldi o'g'lim nega xomushsiz? Biror ko'ngilsizlikka duch keldingizmi? Tortinmay ko'nglingizni yoravering, yengillashasiz, balki sizga biror bir yordamim tegib qolar — dedi.
— Eh onaxon, nimasini aytasiz, e'tiborsizligim sabab ikki kun oldin avtohalokatga uchradim, bir odamning mashinasiga va o'zimnikiga ham katta zarar yetdi. Ustiga-ustak o'shanda otam ham men bilan birga edilar. Oyoqlariga jiddiy jarohat yetgan ekan. Tezroq operatsiya qilinmasa, oyoqlaridan ajralishlari mumkin. Nima qilishga hayronman, ishim ham yurishmay turibdi. Bilasizmi shularni o'ylasam yuragim orqaga tortib ketadi. O'zimni ovutish uchun har kuni kasalxonaga piyoda shu yo'lakdan o'tib boraman. Xuddiki shu yo'ldan yurib borsam muammoyim hal bo'ladigandek.
— Yaxshi ish bo'lmapti-ku o'g'lim. Bu ham Alloh Taoloning sizga yuborgan bir sinovi — dedi. U Azizni duo qilib, Ollohdan otasiga davo berishini so'radi. Yo'lak bo'ylab ketayotgan Aziz ruhida bir yengillik, qalbida xotirjamlik bilan dadil qadam tashlardi. Onaxon uyiga borib, bo'lgan ishni turmush o'rtog'iga aytib yig'lab yubordi. Hojakbar ota esa darhol ayolini yupatishga tushdi.
Qo'y xotin, nega yig'laysan? Muhimi o'sha odam pulni qaytaribdi-ku, shunga sevinmaysanmi? Agarda otasining holiga qayg'urayotgan bo'lsang, men unga qo'ldan kelgancha yordam beraman— dedi-yu shunday insofli insonlar hali-hanuz bor ekanligiga yana bir karra amin bo'ldi. Hojakbar ota sobiq shifokor edi. Yaqinda chet elda malaka oshirib kelgan shogirdi — doktor Xo'jayevga qo'ng'iroq qilib, o'sha insonga yordam qo'lini cho'zishini iltimos qildi.
Hojakbar otaning Xo'jayevga ko'p yillik mehnati singgan: o'zining barcha shifokorlik saboqlarini, bemorlarga sidqidildan amaliy ko'mak berishni, shuningdek operatsiya jarayonining nozik jihatlarini o'rgatgan edi. Shu bois u yo'q deyolmadi. Bularni eshitib onaxonning yuziga tabassum yugurdi.
— Yigitning manzilini bilasanmi? dedi, — Hojakbar ota yuzida nim tabassum bilan.
— Axir yigitni yaqindan tanimasam qanday qilib manzilini bilishim mumkin?
— Obbo, endi nima qilamiz, yordam berishni yo'lini topishga topdik-u, endi yigitni qanday qilib topamiz, — dedi otaxon xavotirlanib.
— E, shoshmang-chi uni qanday qilib topishni bilaman. U har kun shifoxonaga bir yo'ldan yurib borishini aytgandi, vaqtni o'tkazmay yuraqoling o'sha yerga, har soniya g'animat. Ular o'sha yo'lakka yetib borib, Azizning shu yerdan o'tishini rosa kutishdi. Ular hozir o'tib qolar deb kechgacha o'tirishdi. Biroq Aziz negadir chor-atrofda ko'rinmadi. Ertasi kun tongdan ular yana o'sha yo'l tomon ketishdi. Biroz vaqt o'tmay haligi yigit shoshilgancha shu yo'ldan ketib borardi. Hojakbar ota yigit bilan ko'rishdi. Uning halolligi uchun minnaddorchilik bildirdi.
— O'g'lim, kecha shu yo'lakdan o'tishingizni rosa kutdik, lekin sizni negadir uchratmadik, sizga xushxabarimiz bor edi, — dedi otaxon.
— Ota, kecha hovlimni sotuvga qo'ygandim. Kuni bilan o'sha ish bilan band edim. Biroq haligacha mijoz topilmadi. Vaqtim kam nima qilishni ham bilmay turibman.
— Qo'ying o'g'lim, ota hovlingizni sotmang, bunga hojat yo'q. Men yaqinda chet eldan malaka oshirib kelgan shogirdi bilan gaplashdim. Uning xususiy shifoxonasi bor. Operatsiyaga yordam beradi, — dedi otaxon quvonch bilan.
— Yo'g'e otaxon, qo'ying, otamni o'zim davolataman. Sizlarni qiynab qo'yishni xohlamayman.
— Bu nima deganingiz o'g'lim, sira xijolat bo'lmang, tezroq otangizni o'sha shifoxonaga ko'chirishimiz kerak, yaxshisi yuring, vaqt o'tkazmay shuni harakatini qilaylik.
— Ota, qanday bo'larkin, dedi yigit o'ylanib.
— Hammasi qandday bo'ladi, yuring.
Shu kuniyoq ular Azizning otasini Xo'jayevning kasalxonasiga o'tkazishdi. Ertasiga Xo'jayev operatsiyani boshlab yubordi. Olti yil oldin nafaqaga chiqishiga qaramasdan Hojakbar otaning o'zi ham operatsiyada ishtirok etdi. Nihoyat to'rt soat davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli o'tdi.
— Hojakbar ota va Xo'jayev eshikdan chiqib kelarkan, xavf ortda qolganligini tez orada otaxon o'rnidan chopqillab yurib ketishini aytishdi. Rostanmi doktor, otam tuzaldilarmi? judayam xursand qildingiz, tashakkur, — dedi-yu ko'zlariga yosh qalqidi.
Albatta, tuzaldilar, bir haftadan so'ng uyga olib ketishingiz mumkin, haqini esa to'lashingiz shart emas, ustozim Hojakbar ota nomidan bu sizga hadiya— dedi Xo'jayev.
— Katta rahmat! Ishlarim yurishishi bilan haqini qaytaraman. Bu bo'ynimdagi bir qarz bo'la qolsin. Eng muhimi otamni vaqtida davolatish nasib etdi.
Shifoxona eshigidan chiqarkan, Padari buzrukvori tuzalganini o'ylab, sevinchi ichiga sig'may ketdi.
©Navoiy viloyati Qiziltepa tumani
Atoyev Quvonchbek