LOTIN-КИРИЛЛ

Boburni anglash

Boburni anglash

                                  Reja:

Bobur-Temuriy shahzodalar ichida eng qo‘rqmasi va shijoatlisi.

Darveshvash, miskinlar homiysi, tadbirkor, bog‘bon podsho e’tiroflariga sazovor bo‘lgan betakror shaxs.

Adabiyotdagi yangi bosqich asoschisi.

Hayot va adabiyotning mard-u maydoni.

Bobur- har bir zamonning eng barkamol timsoli.

     Bobur dilbar shaxs, uyg‘onish davrining tipik hukumdori , mard va tadbirkor odam bo‘lgan , u san’atni sevardi, hayotdan huzur olishni yaxshi ko‘rardi.

                                                (Javoharla’l Neru)

 Dunyoda har bir millatning eng gullagan davri va eng mashhur shaxslari bo‘lganidek o‘zbek xalqining ham o‘tgan tarixi davomidagi eng taraqqiy topgan davr bu Temur va Temuriylar davri bo‘lsa, mana shu oiladan chiqqan buyuk shaxslar : Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi bobolarimiz shu yurtga daxldor har bir farzandning faxri va g‘ururiga aylandi. 

 Mashhur tarixchi Xondamir shunday yozadi: “ Bobur Mirzo Temuriy shahzodalar ichida eng qo‘rqmas, va shijoatlisi edi.Ularning birortasi ham Bobur Mirzo boshdan kechirgan sarguzashtlarning mazasini totib ko‘rmagan edi”. 

Haqiqatdan ham biz shoh va shoirning “Boburnoma” asarini yoki she’riy janrdagi yozgan nazm javohirlarini o‘qiydigan bo‘lsak, yoki mashhur o‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirovning Bobur va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi sevib mutolaa qilgan asarlarim: “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni” kabilar , yana bir tanishib chiqqan asarim Xorald Lampning “Bobur- yo‘lbars” kabi asarlarning mutolaasidan biz bobomizni ancha chuqur anglaymiz va mehr qo‘yamiz va yana shuni ham tushunamizki, biz o‘qiyotgan barcha voqea-hodisalarning deyarli hammasi haqiqatda yuz bergan , hech bir yolg‘on aralashmagan tarixiy voqe’likdir. Mazkur asarlar orqali men buyuk bobokalonimizga oid juda ko‘p ma’lumotlarni o‘zimga kashf qilganman. Sizga ham tushungan va anglaganlarimni bayon qilaman.

Xorald Lampga o‘xshagan olimlar uni ko‘chmanchi bir mamlakat ichidagi eng madaniyatlashgan oila vakili deb e‘tirof etadi. Aslida esa, Temuriylar davridagi uyg‘onish davrini Yevropa hali his etib ko‘rmagan bir zamon vakili ekanini uning o‘zi tan olmaydi.

 Bobur Amir Temur bobomizning uchinchi o‘g‘li Mironshoh naslidan bo‘lib, otasi Umarshayx Mirzo o‘ta halol, insonparvar shaxs bo‘ladi, Boburning o‘zi otasini davlat siyosatida biroz oqsoq, hukumdorlarga xos strategiya va hodisalarni oldindan ko‘ra olish qobiliyati bo‘lmaganini aytsa-da, bir safar Axsi tarafdan o‘tgan karvon yo‘lini qattiq qor bosib qoladi, ikki kishigina omon qoladi. Mana shu karvonda tashilayotgan barcha mol-mulklarni otasi ikki yil ko‘z qorachig‘iday asraydi va o‘z egalarini toptirib yetkazadi. Bu birgina misol Umarshayx Mirzoning iymonli va insofli halol hukumdor ekanligini isbot etadi.

Bobur yoshligidan Temurga havas bilan , u qurdirgan binolar, bezaklar, suratlar, inson yaratgan bebaho merosga qiziqish bilan ulg‘ayadi, Eng katta orzusi: Samarqand taxtiga o‘tirish , bobosi an’analarini davom ettirish edi. 

Bu hislarni diliga tukkan yigitning hali aqli ko‘p narsalarga yetmasdanoq boshiga saltanat tashvishi tushdi. 12 yoshli valiahd otasining bevaqt fojiasidan keyin imkonsiz tarzda hokimiyat ishlariga tortiladi. Bunda unga onasi Qutlug‘ Nigorxonimning onasi Eson Davlatbegim va bir qator vafodor beklar yordam beradi. Bir hind tarixchisi uning bu paytdagi holatini suvdan chiqqan baliqqa o‘xshatadi. Hasan Yoqub ismli unga harbiy san’atdan tarbiya bergan ustozlari, Ahmad Tanbal kabi ko‘plab beklardan, hatto o‘z ukalari, tog‘alari, amakilaridan , xolalari, do‘stlaridan vafo va sadoqat ko‘rmagan Bobur hamma narsaga ko‘z yumib , hayotini boshqatdan boshlay oladi, yangi marralarni, oldigilaridan ham yuksak g‘oya va rejalarni amalga oshirishda o‘ziga kuch va shijoat topadi. Ularni kechira oladi, oldingidan ham yaxshi muomala qiladi. Yaxshilik qilishdan to‘xtamaydi.

Samarqandni ikki bor egallasa ham yoshligi, yaqinlarining xiyonati, tajribasizligi tufayli Shayboniyxondan yengiladi, yurtimiz yana o‘zga bir xalqning qo‘liga o‘tadi. Noiloj qolgan juda kam askar bilan qolgan Bobur bir necha oylar davomida uysiz , joysiz, kiyim-kechaksiz, oziq –ovqatsiz tog‘-u toshlarda sarson-sargardonliklardan so‘ng afg‘on yerlarini va uzoq harakatlardan keyin , 5 bor yurishdan keyin hind yerlarini hukumdori bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi. Mana shu poyonsiz va nihoyatda ko‘p boyliklarni sohibi bo‘lishiga qaramay u hech qachon mol-mulkka mukkasidan ketmaydi. Janglarda topilgan boyliklarning katta qismini askarlariga taqsimlab beradi, beva –bechoralarga doim g‘amxo‘r hukumdor bo‘lgani uchun unga “Miskinlar homiysi”,” Darveshvash podshoh” laqablari beriladi. 

Bobur o‘zi zabt etgan mamlakatlardagi xalqning turmush tarzini puxta o‘rganadi. Yerlarning hosildorligi, sug‘orish tizimiga katta e’tibor qaratadi. Afg‘on yerlari past-baland bo‘lgani uchun chig‘iriqdan, charxpalakdan foydalanishni yo‘lga qo‘yadi. Bu esa oziq- ovqat tanqisligining oldini oladi. Hind yerlariga borganda u yerning hech bir yaxshi tomonini ko‘rmaydi, uning yagona boyligi oltin va javohirlari ekanini aytadi. Shoh mamlakatda ulkan qurilishlar qiladi, yangi unumdor bog‘-rog‘lar yaratadi, yangi –yangi meva-sabzavot navlarini keltirtirib ektiradi, o‘sha mashhur Andijon qovunlaridan boshqa hamma ekinlar hosil beradi. 

Mashhur bir hind arbobi aytganidek: “ Qamish kapalarda kun ko‘rayotgan hindlarga yaxshi va mustahkam imoratlar qurishni, yaxshi yashash uchun dehqonchilik va bog‘dorchilik orqali farovonliklarini ta’minlashni aynan Bobur va shu sulola vakillari o‘rgata oldi “. 

Bir necha yillar davomida Angiliya mustahkamlakasi ta’sirida bo‘lgan bu sehrli diyorga baribir Boburiylar davridagidek yangiliklar va gullab-yashnash nasib etmadi, aniqrog‘i, inglizlar buni eplay olishmadi.  

Mamlakatda chin o‘zbekona bunyodkorliklar, bog‘lar yaratgani uchun Bobur xalqda “Bog‘bon podsho” nomlari bilan ham ataladi.

Bobur o‘ziga xos harbiy qobiliyatga ega edi. Kam sonli qo‘shini bilan ham bir necha marta kuchli va ko‘p sonli qo‘shinni ham yenga olgan : Ibrohim Lo‘di bilan bo‘lgan Panipat jangida xuddi shunday voqea yuz beradi. U birinchilardan bo‘lib poroxli , o‘qotar qurollardan foydalanadi , bu ham o‘z zamonasining ixtirosi edi.  

Hozirgi kunda dunyo xalqlari eng ko‘p o‘rgangan hukmdorlardan biri sifatida e’tirof etiladi. “Boburnoma” va “Hind devoni” , “Muxtasar” , “Harb ishi” kabi asarlari “Volidiya” nomli tarjimalari Boburni faqat shoh emas, shoir, olim, tarixchi, geograf, etnograf , musiqashunos, yozuvchi sifatida ham dunyoga tanitdi. Shunchalar suronli umr kechirgan bu shaxsning naqadar go‘zal qalb egasi ekanini guvohi bo‘lamiz. Ushbu qalbning barcha o‘y-fikrlarini , hislarini tushuna boshlaymiz. Dardlarini , armonlarini bilib olamiz. 

Qo‘rquv qahatchilikdan omonlik topdim, 

Yangi jon-u , yangi jahonlik topdim.

Bugun yovni mahv et, qo‘lingdan kelsa, 

Olov kuchaydimi, kuyadi jahon, 

Dushmanga o‘qingni ayovsiz otgin,

Kamon o‘qlashiga bermagin imkon. 

Bu Boburning Shayboniyxon bilan qilgan janglari davrida yozilgan bo‘lib, yigirmaga ham yetmagan yigitning ruhidagi yoshlarga xos g‘ayrat va shiddatkorlikni ko‘rishimiz mumkin. 

Qolmadi hurmat ahli olamda,

Olam-u olam ahlidan yuv ilik.

Boburo, ikki podshohlig‘din

Yaxshiroq bu zamonda beklik. 

Deb yozgan qit’asida esa biz shohlikning naqadar mashaqqatli ekanini , uning ustiga o‘zining sodiq kishilarining sotqinligi yana ham dilini ezganini his etamiz.  

 Ko‘pdin berikim yor-u diyorim yo‘qdur, 

Bir lahza-yu bir nafas qarorim yo‘qdur,

Keldim bu sori o‘z ixtiyorim bir-la,

Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qdur. 

Ruboiysida esa biz shohning ko‘ngil olamiga kirib borgandek, tuyg‘ularini boshdan kechirgandek bo‘lamiz . 

Bobur ulkan imperiyaga asos soldi, farzandalari va nabiralarini to‘g‘ri tarbiyalashga harakat qildi. Malika Bayda tomonidan zaharlangandan so‘ng va hind yerlaridagi quruq va issiq jazirama uni holdan toydirib, jussasini kichraytirib borar, uyqusizlik, isitma, yangi mamlakatning hali to‘liq o‘rnatilmagan chegaralaridagi tinimsiz hujumlar uni nihoyatda charchatdi , holdan toydirdi. Bu tashvishlar ichida eng dilini kuydurgan cho‘g‘ vatan sog‘inchi bo‘ldi. U yurtidan ikki metr joy so‘rab maktub yozdi, ammo bu xalqning qo‘zg‘alishiga, mavjud hukumronlikka putur yetkazadi deb rozi bo‘lishmadi. 

  Bobur 1530 - yil vafot . Uning vafoti bir necha kun sir tutildi. Tarixda ilk bor Humoyun taxtga qonunan o‘tqazildi. Bundan avval esa hamma vaqt , albatta, janglar bilan egallangan ekan. 

 Shoh va shoir adabiyotdagi yangilik bu har bir narsani boricha tasvirlash edi. Uning xotira asari shunisi bilan ahamiyatliki, unda yozuvchi o‘z xato va kamchiliklarini ro‘y-rost ayta oladi, xatolarini tan oladi. Bu esa podshohga xos bo‘lmagan samimiylik edi. 

 Har bir jangga kirishdan oldin askarlariga qasamyod qildiradigan sarkardaning asarlari, har bir to‘rtligi, ruboiysi adabiyotning ham ulkan merosiga aylandi. Jangda qanday mardona bo‘lsa, adabiyot maydonida ham shunday betakrorlik va oddiylik ,asarlari tilining ravonligi mumtoz adabiyotimizdagi topilmalardan bo‘ldi. Adabiyotning mard-u maydoniga aylandi. 

 Insoniy tuyg‘ulari, millatimizga xos kechirimlilik va mehnatsevarligi Boburni nafaqat o‘zbek balki hind va afg‘on millatiga ham sevimli qildi. Ammo uning sifatlari , podshoh sifatidagi siyosati bugun boshqa millatlarga ham o‘rnak qilib ko‘rsatishga arziydi. Agar har bir kamol topayotgan yigit Boburdek mard va maqsadlaridan qaytmas bo‘lsa, har bir davlat rahbari va tizimida xizmat qilayotgan rahbarning bosh maqsadi: xalqni farovon yashashini taminlash , tinchligini kafolatlash bo‘lsa, ishonamanki, butun dunyodagi xalqlar baxtiyor yashaydi. 

Men bobomiz haqidagi kitoblarni o‘qib shunday insonning avlodi bo‘lganimdan juda xursand bo‘ldim. Bu ajdodlarga munosib bo‘lishga , yangi bilimlarini egallashga , kelajakda ota-bobolarimiz kabi mag‘rur, salohiyatli, kamtarin, zakovatli shaxs bo‘lib yetishishga harakat qilaman. 

 

 

O'qilgan: 1007 bora O'zgartirish kiritilgan san'a 14 Feb 2023

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: