LOTIN-КИРИЛЛ

Boburni anglash

Boburni anglash

      Reja:

I. Kirish. Bobur hayotiga bir nazar.

II. Asosiy qism:

1. Bobur - buyuk podshoh.

2. Bobur asarlari - o‘zbek nasrining go‘zal namunasi.

3. Bobur she’rlari shaydosiman.

III. Xulosa. Bobur haqida buyuklar fikri.

Chig‘atoy sultonlarining eng sarasi va zo‘r

                                                            shijoatlisi edi.

                                                                                      ( Hasanxo‘ja Nisoriy )

 O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy sarkarda Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo Bobur 1483-yil 14-fevral kuni dunyoga kelgan. Bobur siymosi nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyo hamjamiyati tomonidan iste’dodli shoir, adolatli hukmdor, islom dinining Hindiston hududida keng tarqalishi, bu yerdagi tabaqaviy diskriminatsiya va xurofotga barham berishida muhim ro‘l o‘ynagan shaxs sifatida e’zozlanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur – Sharqdagi Uyg‘onish davrining eng atoqli siyosiy va madaniy arboblaridan biri. Boburning otasi - Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi – Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Boburning onasi o‘qimishli va oqila ayol bo‘lib, Boburga hokimyatni boshqarish ishlarida faol ko‘mak bergan, harbiy yurushlarida unga hamrohlik qilgan. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozil-u ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. 

 Bobur – buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyatchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san’atshunos, etnograf, hayvonot va nobotot olamining bilimdoni sifatida ko‘pqirrali faoliyat va ijod sohibi edi. Bobur birinchi navbatda, shoh, boburiylar sulolasining asoschisi edi. Buyuk shoh Bobur Hindistonda temuriylarga xos ulug‘ bunyodkorlik an’analarini davom ettirdi. Muxtasham qasrlar tiklash, ariq-kanallar qazish, bog‘-rog‘lar bunyod etish, adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qilish, elni adolat bilan boshqarish singari fazilatlar keyinchalik Hindistonning buyuk farzandlari tomonidan chinakam ijobiy baholandi. 

 Bobur juda ham adolatli shoh bo‘lgan. Movarounnahr taxti uchun kurash avjiga chiqqan turli siyosiy fitnalar uyushtirilmoqda edi. Buning ustiga Umarshayx Mirzoga tobe bir necha bek va hokimlar yosh hukmdorga bo‘ysinishdan bosh tortadilar. Ularning ayrimlari Boburning ukalarini yoqlasa, ba’zilari mustaqillik da’vosini qiladi. O‘z amakisi va tog‘asi bo‘lmish Sulton Ahmad Mirzo bilan Sulton Mahmudxon xurujlarini daf qilgan Bobur hukmronligining dastlabki ikkinchi-uchinchi yilida mavqeini mustahkamlash, bek va amaldorlar bilan o‘zaro munosabatini yaxshilash, qo‘shinni tartibga keltirish kabi muhim ishlarni amalga oshiradi. Boburning dastlabki siyosiy maqsadi - Amir Temur davlatining poytaxti, strategik va geografik jihatdan muhim bo‘lgan Samarqandni egallash va Movorounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Amir Temur saltanatini qayta tiklashdan iborat edi.

 Pirimqul Qodirov: “Bobur mirzo so‘z bilan jonli tasvir yaratish mahoratini mukammal egallagan adib edi. Buni o‘zi ham sezardi. Shuning uchun umrining oxirida o‘g‘li Humoyunga “Boburnoma” ni tugallab taqdim etganida unga bir ruboiy ilova qiladi:

  Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum,

  Olam eliding turfa sitamlar ko‘rdum,

  Har kim bu “Vaqoyi’ ” ni o‘qir, bilgaykim,

  Ne ranj-u ne mashaqqat-u ne g‘amlar ko‘rdum.


 

  “ Vaqoyi’ ” – “Boburnoma” ning dastlabki nomi edi. Bobur o‘z zamonasida boshdan kechirgan barcha ko‘rguliklarni haqqoniy tasvirlashga intilganining sababi bu ruboiyda aniq ko‘rsatiladi. Uning eng zo‘r istagi: “ Vaqoyi’ ” ni o‘qiganlar haqiqatni bilsinlar, u qilgan xatolarni takrorlamasinlar. “Boburnoma” ham “Temur tuzuklari” kabi avlodlarga ulkan hayotiy tajriba, saboq va qisman vasiyat tarzida yozilgan edi”, - deb tasvirlaydi. “Boburnoma” – o‘zbek nasrining go‘zal namunasi. Ungacha Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari muqaddimasida Rabg‘uziy ijodida nasr namunalari uchrar edi. Alisher Navoiy uni yuqori pog‘onaga olib chiqdi. Biroq “Boburnoma” bu borada o‘zbek nasrining o‘ziga xos kashfiyotlari sifatida yuz ko‘rsatdi. Asarda tarixning Bobur yashab o‘tgan davri voqealari ifodalangan. “Boburnoma” dagi voqealar bayoni aniq, ixcham, lo‘nda va ta’sirchan, eng muhimi, hayotiy haqiqatga mos va muvofiqligi bilan e’tiborlidir. Mashhur “Boburnoma” – buyuk temuriylar tarixi, buyuk hokimyat yaratilishidan so‘zlaydi. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida “Boburnoma” ning o‘ndan ziyod qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. 

 Boburning ilmiy mehnatlari orasida “Aruz haqida risola” alohida o‘rin egallaydi, unda sharqiy aruz vazni ko‘rib o‘tiladi. Asar she’riyatning she’riy asoslarini ehtiyotkorona va erishgan yutuqlarining tanqidiy o‘zlashtirish natijasidadir. 

 1521-yil islomning beshta shariat ustuni bayon etilgan falsafiy-diniy “Mubayyin” asarini yozgan. Nasriy asarlari “Qobul devoni” ga va “Hind devoni” ga jamlangan. U sharqiy, nasriy janrlarda o‘ndan ziyod she’rlar yozgan. Soliq chiqimi haqida “Mubayyin ul-zakot” kitobini yozgan. Arab grafikasi asosida “Xatti Boburiy” ni tuzgan. Bu asar turkiy fonetikaga oid hisoblanadi. Ushbu xat asosida Qur’on hamda Boburning shaxsiy asarlari qayta yozilgan.  

  She’rlarida uning shaxsiy hayoti, atrof-muhiti va tarixiy hodisalar aks etgan. Bobur she’riyatining asosini ishqiy-nasriy mazmundagi she’rlar tashkil etadi. Shoir san’ati o‘ziga xos adabiy uslub va mahorat, turkiy tilning ifodaliroq vositalari orqali tasvirlanadi. Uning she’rlarida o‘z davrining tarixiy hodisalari, shoirning shaxsiy hayoti, atrof-muhit, insonga bo‘lgan muhabbat, din, davr an’analari va axloqlari voqelik ila aks etgan. Boburning she’rlari shoirning tarjimai xoli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U orqali ijodkor shoirona til orqali teran tuyg‘ularni bayon qiladi, hayotiy hodisalar to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘lgan tashvishlarni mohirona so‘zlaydi. Bobur she’riyatning asosini ishqiy-nasriy she’rlar tashkil etadi. Ijodining asosiy qirralaridan biri, chinakam insoniy, dunyoviy, haqiqiy sevgini kuylaganligidir. Shoir lirikasi Alisher Navoiy ruboiylarida u sevgi, do‘stlik, go‘zallikka intilish kabi insoniy muammolarni ko‘targan. 

 Shoir o‘zining mukammal g‘azallarida go‘zal oshiq timsolini yaratib, unga tengsiz go‘zal tashqi ko‘rinish, boy ichki dunyo, ma’naviy mukammallik in’om etadi. Shu bilan birga u noyob badiiy vositalarni ham mohirona qo‘llaydi. Bobur she’riyatida ona Vatan mavzusi alohida o‘rin tutadi. Uning she’rlarida, ayniqsa, to‘rtliklari vataniga bo‘lgan sog‘inch va cheksiz muhabbati ta’sirchan ifidalangan. 

 Zahiriddin Muhammad Bobur vatanimiz tarixidagi takrorlanmas siymolardan biridir. U nafaqat yirik adib, buyuk tarixchi, ulkan olim, balki mohir sarkarda va davlat arbobi ham edi. Uning ijodi mana shu sohalar bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Uning mustaqil siyosiy faoliyati juda erta – otasi Umarshayx Mirzoning kutilmaganda vafot etishi bilan boshlandi. O‘shanda u bor-yo‘g‘i 12 yoshda edi. 

 Bobur haqida Javoharla’l Neru shunday yozadi: “Bobur dilbar shaxs. Uyg‘onish davrining buyuk hukmdori, mard va tadbirkor shaxs bo‘lgan, u san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur olishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq bo‘lib, ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan”. 

     Monstyuart Elfinston ham Boburga shunday ta’rif bergan edi: “Uning uslubi oddiy va mardona, jonli va obrazli. U o‘z zamondoshlarining qiyofalari, urf-odatlari va intilishlarini, qiliqlarini oynadek ravshan tasvirlaydi. Shu jihatdan “Boburnoma” asari Osiyoda yagona chinakam tarixiy tasvir namunasidir”.

 Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, o‘zbek adabiyoti ko‘p yillik tarixga ega. Millat adabiyot tarixini har zamonda yangilab, uning badiiy imkoniyatlarini butun dunyoga namoyon etib turuvchi aziz insonlari, ijodkorlari bo‘ladi. Bulardan biri Temuriylar saltanatida xizmat qilib, amiri muqarrab unvoniga ega bo‘lgan g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy bo‘lsa, ikkinchisi bevosita temuriyzoda, davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburdir. 

 Biz yosh avlod o‘tmishimiz va tariximizni chuqur o‘rganib, ularga ergashib, buyuk ishlar qilmog‘imiz, chin inson bo‘lmog‘imiz kerak bo‘ladi. 

  

 

O'qilgan: 1623 bora O'zgartirish kiritilgan san'a 14 Feb 2023

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: