Boburni anglash
Reja :
- “Boburnoma”- Z. M. Bobur ijodining gultoji.
- Asarda tabiat tasviri.
- Bobur tilga olgan tarixiy shaxslar.
- Andijoni qoldi Boburning .
Bobur – dilbar shaxs. Uyg’onish davrining tipik
hukmdori, jasur va tadbirkor kishi bo‘lgan. U san’atni va
adabiyotni sevar, hayotdan zavqlanishni yaxshi ko‘rardi.
(Javoharlal Neru)
- M. Bobur - o‘zbek adabiyotining buyuk darg‘alaridan biri sifatida tarix sahifalarida shoh va shoir sifatida o‘chmas iz qoldirdi. U o‘z g‘azallari , ruboiy, tuyuqlarida qalb go‘zalligini, odamiylikni madh etadi. Shoirning “Boburnoma” asarini va g‘azallarini o‘qir ekanman har bir so‘zida ona Vatan sog‘inchini his etaman. Eng mushkul damlarda she’riyatga oshno bo‘ladi. Hasratlarini qog‘ozga to‘kadi. 400 dan ortiq g‘azal va ruboiy bitdi. “Mubayyin” , “Harb ishi”, “Musiqa ilmi”, “Mufassal” hamda “Boburnoma” kabi asarlarni yozdi. “Boburnoma” asari chin ma’noda Bobur ijodining gultoji, shoh asari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Asarda tarixiy davr , geografik ma’lumotlar, iqtisodiy masalalar, qishloq xo‘jaligi, matematik hisob-kitoblar, musiqiy yangiliklar, lisoniy xabarlar, etnografik manbalar va xalq og‘zaki ijodiga keng o‘rin berilgan. Ijodkor qaysi hududni qalamga olmasin o‘sha joyning tabiati, iqlimi so‘zda ifodalab kitobxonni ajib bir tabiat qo‘yniga olib kiradi. Jumladan, Farg‘onaning tasviri shunday boshlanadi:
“Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdindur. Ma’muraning kanorasida voqe’ bo‘lubtur. Sharqi Qoshg‘ar , g‘arbi Samarqand, janubi Badaxshonning sarhadi tog‘lar…”
Yoki Samarqand tasviriga e’tibor qarataylik: “ Qishi mahkam sovuqtur, qori agar Kobul qoricha tushmas. Yozlar yaxshi havosi bor, agarchi Kobulcha yo‘qtur”-deydi. Chindan ham Samarqand tabiati quruq. Kobulning issiq-garmsel shamoli Boburni charchatgani va Samarqandni, Andijonni sog‘ingani shundan ham ayon bo‘ladi.
Bobur asarda tabiat tasviri bilan birga tarixiy shaxslardan 1600 dan ortig‘ini tilga oladi. So‘z sehrining mo‘jizasini qarangki, har bir insonning tashqi ko‘rinishidan tortib, qiziqishlarigacha ifodalab kitobxonga tanishtiradi. Jumladan, otasi Umarshayx Mirzoni shunday tasvirlaydi. “… past bo‘yli, yumaloq soqolli, sarg‘ish yuzli, norg‘ul kishi erdi. To‘nni rosa tor kiyar erdi. Pokiza e’tiqodli kishi erdi.”
Necha asrlik tariximizdan voqif etuvchi “Boburnoma” bizning eng qimmatli boyligimizdir. Bobur garchand Vatandan yiroqda bo‘lsa-da , o‘z farzandlik burchini mukammal ado etadi. Andijonini sog‘ingan yurakning tub-tubidan sizib chiqqan salmoqli satrlar Bobur ruhini ona yurtiga shu buyuk asar orqali olib kelgan bo‘lsa ajab emas. Saltanat, toj-u taxt uni Hindiston va Kobulda kishansiz kishanlagan bo‘lsa ham shoirlik hissi bilan har daqiqa Vatanini yod etib turdi. Ba’zan achchiq xotiralar iztirobga solgan bo‘lsa, ba’zida esa ona diyorda o‘tgan bolaligi Bobur Mirzo qalbiga bir olam quvonch baxsh etadi. Shoir X. Davron aytganidek, uning Vatanidan yagona yodgorlik bu ona tili, ya’ni turkiy til edi:
Samarqanddan Bobur ketarkan,
Dilda tuyub hasrat sasini.
Olib ketdi ona yurtidan
O‘zbek tilim, birgina seni.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Vatan buyuk jasorat sohiblarini aslo unutmaydi. Bu kun yurtimiz bo‘ylab shoir tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda. Uning aziz siymosi hamisha yodimizda, yuragimizda. Shohlik va shoirlikni birday ilkida tutgan, buyuk davlat barpo etib, ulkan ma’naviy meros qoldirgan bobomiz biln har qancha faxrlansak arziydi. Mirzo Bobur bugun g‘azallari, ruboiylari va “Boburnoma” asari bilan mangu yashab kelmoqda. Shoirning adabiy merosini mukammal o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish bizning eng asosiy burchimizdir.
Uchquduq tuman 10-maktab
9-“B” sinf o‘quvchisi
Sirojiddinova Mohinur