LOTIN-КИРИЛЛ

ALIFBO ISLOHOTI – TILIMIZ KAMOLOTI

   Barchamizga yaxshi ma’lumki,  bugun milliy alifbo va imloni takomillashtirish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yangi O‘zbekistondagi boshqa ulug‘vor islohotlarga hamohang, uyg‘un tarzda kechmoqda.

   2021-yilning 16-mart kuni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Unga ko‘ra, alifboda mavjud harf birikmalari: sh va ch, shuningdek, o‘ va g‘ harflarini diaktrik belgisiz harflar bilan almashtirish taklif etildi.

   Joriy yilning 31-mart kuni esa alifbo muhokamasi bo‘yicha belgilangan so‘nggi muddat yakunlandi. Bu bo‘yicha qonun loyihalari muhokamasi sayti – regulation.uz’da ko‘plab takliflar bildirildi, muhokama qilindi.

   Lotin yozuviga asoslangan joriy alifboning kamchiligi shuki, O‘o‘ va G‘g‘ harflarining bosma shaklini yozish murakkablashdi, yaʼni o va g harflarining yoniga maxsus diakritik belgi (‘) qo‘yiladigan bo‘ldi. Bu esa kamchiliklar va noqulayliklarning kelib chiqishiga, bir harfni toʻgʻri terish uchun oltitagacha tugma bosishga, lotin yozuvidagi matnlarning kengayib ketishiga sabab bo‘ldi.

   Keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasi bilan tanishib chiqqan har bir millatimiz vakili borki, unga befarq bo‘la olmaydi. Chunki milliy alifbo har qanday millatning muayyan darajadagi saviyasi, shu bilan birga, kundalik maʼnaviy ehtiyoji sanaladi. Binobarin, yozuv kishilar o‘rtasidagi muhim aloqa vositasi sifatida kundalik ijtimoiy hayotdagi eng faol amaliy jarayon hisoblanib, u yoki bu ko‘rinishdagi turli yozishmalarda o‘z ifodasini topadi. Mana shundan kelib chiqilgan holda har jihatdan qulay bo‘lgan alifboga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy holdir. Yangi qonun loyihasida ko‘pchilikni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan baʼzi muammoli holatlarga asosli yechimlar taklif etilayotganidan faqat quvonish mumkin.  Qolaversa, amaldagi alifboning tegishli o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi savodxonlikni oshirishga xizmat qiladi, yozuv amaliyotini osonlashtiradi, shuningdek, milliy alifbomizning ilmiy-taʼlimiy jihatdan puxta bo‘lishini taʼminlaydi.

   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-maydagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosiga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yig‘ilishida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Qonun loyihasining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portali (regulation-gov.uz)dagi umumxalq muhokamasi muddatini 2021-yil 1-noyabrga qadar uzaytirishgakelishib olindi.

   Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad: milliy alifbo har qanday millatning yuzi hisoblanishi, uning har jihatdan barqaror va to‘kis bo‘lishi, u asosli taklif-tavsiyalar asosidachuqur ko‘rib chiqilishi, ona tilimiz tabiatiga uyg‘un, turli avlodga mansub yurtdoshlarimizni birlashtira oladigan, o‘qish va yozishga qulay, yaxlit harflardan iborat, zamonaviy axborot texnologiyalari talablariga mos, ko‘rkam alifboga ega bo‘lishdir. Zero, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan va bebaho badiiy asarlarning dunyoga kelishiga poydevor bo‘lgan go‘zal ona tilimiz mukammal alifboga munosibdir.

  Xulosa sifatida aytish mumkinki, milliy alifbomiz isloh etilib, qulaylashsa, katta-kichik avlodlarga mansub hamyurtlarimiz, shuningdek, yaqin-olis mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimiz yagona yozuv atrofida jipslashadi. Alifbo islohi o‘zbek tilining to‘laqonli davlat tiliga aylanishiga, rivojlanishiga, internet tili darajasiga chiqishiga, alifbodagi noqulayliklar sabab yuzaga kelayotgan savodsizliklarning oldi olinishiga, bir so‘z bilan aytganda, tilimiz kamoloti uchun xizmat qiladi.

Sоjidа Islomova, tuman hokimining davlat tili masalalari

bo‘yicha maslahatchisi.

 

O'qilgan: 728 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: