LOTIN-КИРИЛЛ

 

O‘qituvchilar haqida so‘z borganda albatta so‘z mulkining sultoni bo‘lmish Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari qulog‘ingiz ostida bot-bot jaranglayveradi:

Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, 

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Yoki “Otalar so‘zi” kitobida keltirilgan ushbu jumalalar yodingizga tushadi

Buzrukmehrdan:

Nima uchun ustozingni otangdan afzalroq hurmat qilasan? – deb so‘radilar

- Chunki otam meni o‘tkinchi hayotga olib keldi, ustozim esa boqiy hayot bag‘ishladi, - deb javob berdi. 

Ha ustoz ana shunday ta’rifu tasnifga loyiq inson. Ular haqida qanchalik to‘lqinlanib yozmaylik, baribir kamlik qiladi. Bugun biz tilga olayotgan qahramonimiz Sayyora Shernazarova ham maqtovlarga molik ustozlardan. 1993 yilda Rossiyada Kursk davlat instituti filologiya fakulьtetini a’lo baholarda tugatib, dastavval shu shahardagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ikki yil ishladi. 1995 yildan esa Uchquduq tumanidagi 18-maktab o‘quvchilariga rus tili fanidan saboq berishni boshladi. 

Sayyora Shernazarova o‘z kasbining fidoyilaridan. U yangilikka o‘ch, o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydi. Shu bois ham ustozning yangi pedagogik axborot texnologiyalarga asoslangan ilg‘or ish tajribasi viloyat miqyosida bir necha bor ommalashtirilgan. Sayyora opadagi ustozlik mas’uliyati ko‘plab shogirdlarga ibrat. Dars mashg‘ulotining o‘quvchilar uchun foydali va samarali bo‘lishi uchun izlanishdan charchamaydigan Sayyora opaning darsini kuzatar ekansiz, bolalarni sevgan, kasbini sevgan bu kabi aziz ustozlarga hurmatingiz oshadi. 

-Hayotda birgina chinakam baxt bor, u ham bo‘lsa boshqalar uchun yashamoqlik baxti! Ha, bu ham katta baxt aslida. Chunki umrim bolalar bilan o‘tdi, ular uchun yashadim, ular bilan baxtni his qildim, - deydi Sayyora opa Shernazarova o‘z hayotidan, kasbidan mamnun bo‘lib. 

Darvoqe, nozik yelkalarida zamonning zalvorli yukini ko‘targan, qalbida esa nozik g‘unchalar o‘stirgan Sayyoraxondek ayollarga “Bor bo‘ling aslo charchamang!” deging keladi. 

Sayyora opaning yutuqlariga to‘xtalmadik, uning o‘zi bir mavzu bo‘ladi, Sayyora Shernazarova! Umr daftaringiz sahifalari shirin xotiralar bilan to‘la bo‘lishinit ilab qolamiz. 

 

Insoniyat qanchalik taraqqiy etmasin, shunchalik kitobga ehtiyoj sezib, unga talpinib boraveradi. Kitob aql-zakovat va taraqqiyotning ildizi. Shunday ilm-ziyo ulashish esa shu ildizni sug‘orish bilan barobar nazarimda.

 “KELAJAK” yoshlar markazida faoliyat yuritadigan axborot kutubxona markazi tuman aholisi va yoshlarini kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini orttirishga ular o‘rtasida turli kitobxonlik tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazishga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan ilm o‘choqlaridan biri. Uncha ham katta bo‘lmagan bu ahil jamoada Umida opa Itoqova 30 yillik ish tajribasiga ega.

Buxoro viloyatining Olot tumanida tug‘ilgan Umidaning yoshligi kitoblar orasida o‘tdi. Uyining yonida kutubxona borligi uchunmi bu dargoh uni o‘ziga ohangrabodek chorlab turardi. Doimiy kitoblar qurshovida yuradigan kutubxonachilarga esa havas bilan qarardi. O‘tkir Hoshimovning kitoblarini sevib o‘qir ekan Buxorodagi texnikumda ham “kutubxonachilik” yo‘nalishida tahsil oldi. 

O‘qishni tamomlab, Olot tumanidagi 8-sonli maktab kutubxonasida ish faoliyatini boshladi. Keyinchalik oila qurib, Uchquduqqa kelishdi. 1994 yildan avvalgi Ibn Sino nomli markaziy kutubxona hozirgi axborot-kutubxona markazida yordamchi kutuxonachi bo‘lib ish faoliyatini davom ettirdi.

Albatta, har qanday kasbning qiyinchiliklari va afzalliklari bo‘lgani kabi kutubxonachilik kasbi ham bundan mustasno emas. Har bir inson muvaffaqiyatlarga erishish uchun ko‘plab mashaqatlarni boshidan o‘tkazadi. Oldiniga yordamchi kutubxonachi, so‘ngra uslubshunos vazifasida ishlagan qahramonimiz 2019 yildan bibliografiya xizmati bo‘limiga rahbar bo‘lib tayinlangan. 

Darvoqe, erishilgan natijalar ortida doim fidoyi ustozlar bo‘ladi. Umida opa ham ustozlari Nasiba Hamroyeva, Ilmira Bekpulatovalardan sohaning sir – asrorlarini qunt bilan o‘rganganidan mamnunligini yashirmaydi. 

Kitob bilan oshno bo‘lgan qalbdan aslo yomonlik chiqmaydi, deyiladi donolar bisotida. Ziyo ulashuvchi kutubxonadek tabarruk joyda faoliyat yuritib, kattayu kichik insonlar qalbiga ilm-u hikmat ulashayotgan Umida opa Itoqova hamisha hurmatga loyiq!

 

 

      Uchquduq tuman hokimi Xamroyev Soli Farmonovichning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

     Assalomu alaykum, aziz va moʻtabar onaxonlar!

     Munis opa-singillar, dilbar qizlar!

Eng go‘zal oyning eng nafis bayrami - xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish an’anasi, 8 mart – xotin-qizlar kuni bilan Siz azizlarni chuqur ta’zim bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman! 

Darhaqiqat, jamiyatning madaniyat darajasi, ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi.

Donolar aytganidek, dunyoda ayol mehrining bahosini o‘lchaydigan me’zon, tenglashtiradigan boylik yo‘q. Bu ayol degan ulug‘ xilqatda nozik ta’b, buyuk qalb, nazokatli ko‘ngil, betakror fidoiylik, ona jasorati mujassamligi natijasidir.

   Mana shunday fazilatlar egasi bo‘lgan har biringizga bayram muborak bo‘lsin!

   Aziz opa-singillar!

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir. 

Xalqimizda “Otasi yaxshi-bittasi yaxshi, onasi-yaxshi hammasi yaxshi” yoki «Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz», kabi so‘zlar bejiz aytilmagan. Buning zamirida hayotiy haqiqat borligini albatta, hammamiz yaxshi bilamiz. 

Ko‘p ming yillik davlatchiligimiz tarixida buyuk namoyandalarimiz, mohir sarkarda va siyosatchi bo‘lgan ota-bobolarimiz yonida hamisha oqila, jasur va fidoyi momolarimiz ham o‘zlarining yuksak aql-zakovati, teran fikr va mulohazalari, amaliy harakatlari bilan mamlakat taraqqiyoti va rannaqiga munosib ulush qo‘shganlar.

  Bu ko‘hna tarix Bibixonim, To‘maris, Nodirabegim, Xonzodabegim, Uvaysiy, Zulfiya, Saida Zunnunovadek buyuk ajdodlarimizning millatimiz sha’ni, or-nomusini saqlash yo‘lidagi jasoratlariga guvohdir. 

  Bu borada hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Biz o‘tmishni yodga olar ekanmiz, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz, jahongir bobolarimiz qatorida, buyuk insonlarni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirib, har bir ishda kamarbasta bo‘lgan fozila ayollarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz” degan so‘zlari har jihatdan ibratlidir. 

Aziz va moʻtabar opa-singillar!

Ta’kidlash o‘rinliki, milliy davlatchiligimizning qadimiy va boy tarixida ayollarimiz hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak e’zoz-e’tibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz qalbida jo‘sh urayotgan shukronalik yurtdan va Yurtboshidan minnatdorchilik hissi amaliy faoliyatimizga ko‘chib, har bir sohada yuksak natijalarga erishishga ruhlantirmoqda. 

Ayol zotining qo‘li gul. Ozgina sharoit va imkoniyat berilsa, mohir qo‘llari bilan moʻjizalar yarata oladi. Ayniqsa, oilasi, yaqinlari uchun barcha imkonini ishga soladi. Prezidentimiz sa’y-harakati bilan yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy qiyin ahvoldagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Ayollar daftari” mana shunday qo‘li gul ayollarga imkon berib kelmoqda.

Bu borada Uchquduq tumanida ham o‘tgan 2023 yilda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 421 nafar xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga kiritilib, ularning 122 nafari ish bilan ta’minlandi, 65 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida mehnat qurollari sotib olib berildi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand, ishsiz 6 nafar xotin-qizga 33 mln. so‘mdan jami 198 mln. so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ehtiyojmand, boquvchisi bo‘lmagan 135 nafar xotin-qizga bazaviy hisoblashning 4 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlarning 75 nafariga 88 mln. 200 ming so‘m miqdorida bir martalik yordam berildi. Jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish va dori-darmon sotib olish uchun 100 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. 

Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan ehtiyojmand onalarning 65 nafariga nogiron bolasini davolatish uchun 78 mln. so‘m, 6 nafar ayolning ta’mirga muhtoj uyini ta’mirlashga 54 mln. so‘m, 4 nafarining ijara pullarini to‘lab berishga esa 20 mln. so‘m mablag‘ sarflangan.

Uchquduq tumanida 2023 yil davomida «Ayollar daftari» ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolarini hal etishga jami 1 mlrd. 220 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qabul qilingan reja 117 foizga bajarilgan.

Joriy 2024 yilda ham bu kabi ezgu ishlar davom ettirilib, 476 nafar tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan bo‘lib yil davomida 1 mlrd 200 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ hisobidan turli ko‘maklar ko‘rsatiladi.

Bu kabi fakt va raqamlarga batafsil to‘xtalib o‘tishimning boisi, bugun ayollarning dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarini bartaraf etishga davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotganligini ta’kidlashni istardim.

Yana bir muhim jihat,“Navoiuran” davlat korxonasining “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni geotexnologik koni apparatchisi Nuriddinova Manzura Toshqulovna “Shuhrat” medali bilan, Do‘stlik mahallasi yoshlar yetakchisi Malika Xudoyberdiyeva “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangani, Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Ozoda Ergasheva va Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi mudiri, terapevt vrach Ra’no Ahmedovalar «Moʻtabar ayol» ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgani barcha uchquduqlik opa-singillarimizni behad quvontirdi.

   Ularni yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etamiz!

Hurmatli opa-singillar!

Bamisoli bahor elchisi bo‘lib kelayotgan, o‘zingizdek go‘zal va dilbar mana shu qutlug‘ ayyomda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog‘ida bo‘ling!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ayyomingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!

       Bugun Uchquduq tuman hokimi 1-sektor rahbari S.F.Xamroyev boshchiligida Uchquduq tuman prokurori, 2-sektor rahbari M.Ortiqov, Uchquduq tuman IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari A.Rayxanov, Shimoliy kon boshqarmasi direktor o‘rinbosari B. Sharipov, xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri B.Axmedovlar ishtirokida fuqarolarining murojaatlari tinglandi.
        Unda fuqarolarning doimiy ishga joylashish, moddiy yordam, davolanish xarajatlari uchun pul mablag‘lari va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy ko‘mak so‘rab qilgan 50 ga yaqin turli soha va yo‘nalishdagi muammo va takliflari qabul qilindi.
         Shuningdek, qabul davomida fuqarolar tomonidan moddiy yordam so‘rab qilingan murojaatlar va farzandini davolatish istagida qilingan murojaatlar ijobiy hal etilib, qolgan murojaatlarni ham o‘rgangan holda ijobiy tomonga hal etish borasida mas’ullarga topshiriq berildi.

 

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI 

     Uchquduq tuman hokimi Soli Xamroyev bugungi ish kunini “Shalxar” ovulidan boshladi. Bu yerda Aqilbek Keubasov va Sandug‘ash Qalabayeva xonadonida bo‘lib, muammolarini joyida tingladi.
       3 nafar farzand tarbiyalayotgan oila ijtimoiy ko‘makka muhtoj. Aqilbek Keubasovning akasi Qasimbek Keubasovning yangi tug‘ilgan chaqalog‘i shu uyda parvarishlanmoqda. Asosiy masala onasi vafot etgan bolani parvarishlayotgan Sandug‘ash Qalabayevaga uning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi hamda bolalar nafaqasini tayyorlash tartibi aytilib, tegishli mutasaddilarga yaqindan ko‘maklashish vazifasi topshirildi.
        Bundan tashqari, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 2 500 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i yangi tug‘ilgan chaqaloqning ehtiyojlari uchun Qasimbek Keubasovga berildi.
        Tuman hokimi rahbarligida erta tongda qo‘l urilgan ish xayrli yakunlanishiga ishongan Sandug‘ash Qalabayeva barchaga minnatdorchilik bildirdi. Biz ham oila qarshisida turgan masalalarning ijobiy yechim topishida nazoratni davom ettiramiz va mavzuga yana qaytamiz.

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

 
       Ayolning qo‘li gul. Ozgina sharoit va imkoniyat berilsa mohir qo‘llari bilan moʻjizalar yarata oladi. Ayniqsa, oilasi yaqinlari uchun barcha imkonini ishga soladi.
Risolat Egamova ham ana shunday qo‘li gul hunarli ayollardan. U Shimoliy kon boshqarmasi markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyasida ikki kun ishlab, ikki kun dam oladi. Ishdan bo‘sh vaqtida ana shu ikki kunda 1 ta sumka to‘qib, 350 400 ming so‘m daromad topadi. Avval boshida tanish-bilishlarga, qarindosh-yaqinlarga buyurtma asosida paypoq, shapka, qo‘lpoq, sharf kabi oddiy narsalarni to‘qib berardi.
      Bugun Risolat faoliyatini kengaytirib, ayollar uchun foydali bo‘lgan buyumlar, zamonaviy dizaynga ega bo‘lgan bejirim sumkalar tayyorlamoqda. Hunarmandchilik mahsulotlarini qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonga buyurtma asosida yetkazib bermoqda.
Kuni-kecha viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev, tuman hokimi Soli Xamroyevlar hunarmand xonadonida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
-Quvonarlisi, nafaqat qo‘shni respublikalar hatto Amerikada yashovchi tanishlardan ham buyurtma qabul qildim, - deydi xursandchiligini yashirolmay Risolat Egamova. – Qo‘l mehnatim sotib oluvchilarga manzur bo‘layotgani yana izlanishga yana yangilik yaratishga undaydi.
        U asosan tanish-bilishlardan hamkasblardan qo‘shni-qo‘shnilardan hamda internet orqali buyurtmachilardan buyurtmalar qabul qiladi va tayyorlab beradi.
Bugun o‘z brendiga ega bo‘lgan Risolatning oldiga qo‘ygan maqsadlari ko‘p. U chog‘roqqina binoda o‘nlab shogirdlari bilan buyurtmalar qabul qilib, mahsulotning tayyorlanish jarayonlarini buyurtmachilarga kuzatish imkonini yaratishni orzulaydi. Yana ham ota ham ona bo‘lib o‘stirgan ko‘zining oqu-qorasi ikki o‘g‘lining baxtu kamolini ko‘zlaydi.
Risolat Egamovaning faoliyati yosh qizlarimizga kelinlarimizga ibrat bo‘lsin, degan maqsadda ushbu maqolani tayyorladik. Hunar, hunardan unar, deydi dono xalqimiz! Istagimiz Risolatga o‘xshagan qo‘li gul hunarli opa-singillarimiz safi ortaversin!

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

 

     “Дўстлик” маҳалласида яшовчи  Анвар Қурбонов гулларнинг энг ноёб турлари – “Алёндра”, “Хитой атиргули”, “Ҳиндистон пиёзи, “Узумгул”, “Қора шаҳзода” каби 500 туп гулни Учқудуқ иқлимига мослаштириб тувакларда парваришламоқда.

     Гуллар инсон кайфиятини кўтаради, эзгу ва гўзал ҳис-туйғуларга ошно этади. Айниқса, хона гуллари хонадон кўрки бўлиш билан бирга саломатлик учун ҳам кони фойда.

    Асли касби чилангар бўлган Анвар Қурбонов Шимолий кон бошқармаси “Шарқий” конида, турмуш ўртоғи Нигора Юнусова 7-мактабда ўқитувчи бўлиб ишлайди.  Хонадон томорқасининг 0,3 сотих майдонида ташкил этган иссиқхонада 100 дан ортиқ турдаги гул парваришланади.

    Вилоят ҳокими ўринбосари Саъдулла Мирзаев, туман ҳокими Соли Хамроев бу хонадонда бўлиб, улар фаолияти билан яқиндан танишди. Учқудуқ шароитида гул парваришлаб, кўпайтириб, ўстириб яна даромад олаётган оила аъзолари билан суҳбатлашди. Маҳалла ҳоким ёрдамчисига гулчиликка қизиққан маҳалла аҳолиси айниқса ёшларни “Устоз-шогирд” йўналишида ўқитишни ташкил этиш бўйича топшириқ берилди. 

   -Гулчиликка қизиқишим ёшлигимдан баланд, - дейди Анвар Қурбонов. – Бу меҳнат қалбни ёшартиради, кишига ҳузур беради. Гуллар яхшигина даромад манбаи ҳамдир. Ким-ки, Учқудуқ шароитида экин экиб кўкартириб бўлмайди деган фикрда бўлса, уйимга келсин, мўъжаз ҳовлида нималар қилиш мумкинлигини кўрсин.

УЧҚУДУҚ ТУМАН ҲОКИМЛИГИ АХБОРОТ ХИЗМАТИ

 

 

“Farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo‘yicha davlat xizmati, “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish va kafolatli saqlash mexanizmlarini joriy qilish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

2024 yil 1 iyulgacha farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo‘yicha davlat xizmati va elektron platforma to‘laqonli yo‘lga qo‘yiladi.

Kadastr agentligi tuman (shahar) hokimliklari bilan har yili 1 noyabrga qadar hududlarda “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat parklari” va “Yangi avlod bog‘lari” barpo qilish mumkin bo‘lgan tuman (shahar) hokimliklari balansidagi bo‘sh turgan yerlar ro‘yxati, maydoni va manzili haqida ma’lumotlarni to‘playdi.

Har yili 1 dekabrga qadar har bir tuman (shahar)larda “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalari doirasida aholi tashabbusi bilan “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun hamda bola tug‘ilganida guvohnoma olishda uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekish orqali “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilishga yer maydonlari ajratiladi.

Farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekib “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish maqsadida tug‘ilgan bolaning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil to‘lov” elektron platformasi orqali yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali to‘lovni amalga oshirgan holda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali buyurtma beriladi.

      Qarorga koʻra, 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni “2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat ana shunday noyob fazilatlari bilan bugun ham ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlarga mos holda, har tomonlama yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida qabul qilingan.

Qarorga koʻra, 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi. 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminladi.

Joylarda Navroʻz umumxalq bayramining barcha tadbirlarini milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda zamonaviy tajribalar asosida yuqori saviyada, ommaviy sayillar shaklida tashkil etish, ularda xalqimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

bayram tadbirlarini bahor ayyomida borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni aks ettiradigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan maʼno-mazmun bilan taʼsirchan usullarda oʻtkazish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekanini namoyon etish;

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish;

  • bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
  • “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navroʻz bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish;
  • jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyiha va aksiyalar uyushtirish, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navroʻz bayramining ruhi va falsafasiga uygʻun boʻlgan urf-odat, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
  • bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda ularning koʻrgazma-savdolari va tanlovlarini uyushtirish;
  • barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududdagi uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqadi, mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda, yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻradi.

    Saxiy bo‘linmaga yo‘l olarkanman, cho‘l  bag‘riga elanayotgan qor, betutqin shamol qora-qura tepaliklardan supurayotgan kumush zarrinlar ko‘z oldimda hayrat suratini chizadi, qishki sahro peyjazi tetapoya ijodkorning xayolini olislarga uchiradi, tashrifim mazmuniga uyqash bo‘lgan bolalik xotiralarim uyg‘onib ketadi. Kichikligimizda har bir hovlida oilaning xazina uyi bo‘lgan. Eskilar qazna, g‘azna deb ham atashgan. Mehmon kelsa ana shu xazina uyimizning eshigi ochilib, sarxil bir nimalar tashish uchun oyog‘imni qo‘limga olib chopardim. Shu uyga kirsam, xuddi “Ming bir kecha” ertaklaridagi maxfiy xazinaga kirib qolgandek ko‘zlarim ola-kula bo‘lib sandiqlarga, yangi-yangi ko‘rpachalarga, atlasu baxmal matolarga va yana mehmon uchun asralgan chinniy buyumlarga bir-bir qarab chiqardim. Hatto ifori ham boshqacha edi u uyning! Bugun yo‘l olganim – Markaziy moddiy texnika bazasi ham nomidan ayonki, korxonaning xazinasi. Bazadagi ta’minlash omborlari kon boshqarmasi uchun zaruriy tovar-moddiy boyliklari va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini qabul qiladi, saqlaydi va belgilangan tartibda tarqatadi. Buning uchun bo‘linma ikkita tuzilma: material texnik baza va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlarida ish olib boradi.

     Markaziy moddiy texnika bazasi cho‘l bag‘rida joylashgan bo‘lishiga qaramay, soyasi qalin sadalar tegrasida, jaziramada yashirinsangiz salobatining ulug‘vorligidan boshingizga tangadek oftob tushmaydi. Ostonadan boshlangan manzarali landshaft, qish bo‘lishiga qaramay yashillik e’tiboringizni tortadi. Bo‘linmada 2023 yilda boshlangan bunyodkorlik ya’ni ta’mirlash ishlari hozir ham davom etmoqda. Avvallari, omborxona sifatidagina qaralgan va u qadar e’tibor markazida bo‘lmagan baza bugun tajribali, bunyodkorlik ruhi bilan yashovchi mutaxassis rahbarlar sabab yangilanmoqda. Muhandis-texnik xodimlar hamda, ishchilar uchun ovqatlanish, yuvinish xonalarining ta’mirlangani va o‘rnatilgan tartib har qanday xodim ruhiyatida shukrona uyg‘otishi tabiiy. Ayniqsa, hisobchi qizlarimizning xonalaridagi shinamlikdan ko‘zingiz quvnaydi!

     Markaziy moddiy texnika bazasi ulkan hududda joylashgan. Shu kunga qadar faoliyati yoritilmagan bo‘linmamiz men uchun ham anchayin ma’lum bo‘lmagan mavzu. Shu bois, bazaga bo‘lgan “sayohatimga” tajribali mutaxassis Karim aka Jumanov  hamroxlik qildilar. Hududda borarkanmiz, Karim aka omborxonalar to‘g‘risida tushuntirish beradi: Lok-bo‘yoq va qurilish mahsulotlari hamda metizlar, shaxsiy himoya vositalari, energetika hamda NO‘AvaML ehtiyot qismlari, favqulodda vaziyatlar uchun zaxira mahsulotlar, metall xomashyolari mahsulotlari va kauchik mahsulotlari, kabel mahsulotlari, kapital qurilish bo‘limi mahsulotlari,  kapital qurilish bo‘limi materiallari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, kon-texnikalari uchun ehtiyot qismlar, NMZ ishlab chiqarish birlashmasi mahsulotlari,  ishlatib bo‘lingan (qop, rezina-texnik buyumlar, qog‘oz, shisha) mahsulotlari, bojxona ombori, kimyoviy moddalar ombori...

        Beixtiyor, Famonbuvining: “Boqivoy, bu oila ro‘zg‘ori uchun qilinadigan xarajatlar oldida Qorunning xazinasi nima bo‘pti?”, qabilidagi hikmatomuz so‘zi yodimga tushadiyu omborxonalarning sonini emas, bu hududda bir kecha-kunduzda amalga oshiriladigan yuklash-tashish, saqlash-tarqatish kabi masalalar ko‘lamini chamalayman. Haqiqatan ham goh saxovatini ko‘rsatib, goho yombilarini yashirib olgan tuproq bilan tillashib, undan misqollab yig‘ilgan ma’dan tog‘-tog‘ bo‘lsa ham garchi oltin xirmonidan keladigan daromad katta-katta raqamlarda aks etsa-da, xirmon uyulishi uchun sarflangan xarj va zahmatni ham yoddan chiqarmaslik zarur! Kombinat – ulkan oila, katta  ro‘zg‘or! Va ana shu ro‘zg‘or  uchun ishlatiladigan ashyolar xazina tashkilotning ishtirokisiz, hisob-kitobisiz amalga oshmaydi.  

         Hamroxim Gulshan opa Qo‘chqorova lok-bo‘yoq va qurilish mahsulotlari hamda metizlar omborxonasiga mas’ul. Uning mas’uliyati ham anchayin – qurilish uchun taxtalar,  izol,  falga-izol, olovga chidamli g‘ishtlar, bitumlar va uskunayu jihozlar uchun zarur bo‘lgan, mayda-chuyda, ammo katta ahamiyatga ega bolt-gaykalar, tegirmon uchun temir sharlar ham shunda. Gulshan opa Qo‘chqorova ana shularning kundalik sanog‘i, hisob-kitobi va sifatining hujjatlarga muvofiqligi uchun javobgar. Omborxona hududida borarkanmiz, opaning o‘ttiz yildan beri mehnat qilayotgan xodim sifatida, kecha va bugunning islohotlari o‘rtasidagi farqlar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdim. Oldinlari, yuk ko‘tarib-tashish quvvatiga ega texnikalar bo‘lmagani, to‘rt oyoqli aravalarga yuklash ishlarida jismoniy kuch talab etilgani, bugungi kunda esa texnika rivoji sabab qator qulayliklar ortgani to‘g‘risida gapirdilar. Ayniqsa, 2023 yilda 18x50 o‘lchamdagi 2 ta, 12x50 o‘lchamdagi 2 ta ayvonlar qurilgani, havo harorati keskin yuqori yoki past yohud yog‘ingarchilik vaqtlarida bu ayvonlar ayni muddao bo‘lishligini  aytib o‘tdi.

       Oltinlar o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi. Bu ma’danning yer ostida shakllanishi ulkan silsiladir, aniqlash, olish, ajratish ilm va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Oltin tuproq bag‘rida bo‘ladimi yo ishlab chiqarish pallasidami, tillo holiga kelishi uchun moʻjiza, ya’ni, kimyo zarur! Yuqorida ta’kidlaganimdek, kon-metallurgiyaning barcha jabhasi uchun kerakli ashyolar, jumladan kimyoviy reagentlar ham Markaziy moddiy texnika bazasida saqlanadi. Kimyoviy moddalar omboriga mas’ul Feruza Abduraxmonova bilan suhbatlasharkanman, kasbiga taalluqli masalayu savollarda zukko va shijoatli ekani seziladi. Qattiq jismlar o‘rab olgan ma’danning xaloskorlari va bakteriyalarning tirikchiligi ham mana shu yerda! Qolaversa, zavodning boshqa syex va laboratoriyalaridagi jarayon uchun muhim bo‘lgan kimyoviy moddalar ham Feruzaning nazoratida, reagentlarning tarkibi, qay sharoitda ishlatilishi, qay tarzda saqlanishi, qancha miqdorda,  qaysi viloyat yo qay xorijiy davlatdan keltirilishigacha ma’lumotlari yetarli.  Shu o‘rinda, dunyo xalqlari o‘rtasidagi tinchlikning ahamiyati nechog‘lik dolzarb ekanini eslatib o‘tsam. Markaziy moddiy texnika bazasiga keltirilayotgan ashyo va jihozlar, uskuna hamda, yoqilg‘i-moy mahsulotlarining ayrimlari xorijiy davlatlar bilan kelishuvlar, diplomatik munosabatlar orqali Respublikamizga kirib keladi. Bu kelishuv-shartnomalar ortida necha-necha kecha-kunduzlar, yo‘l ovoragarchiliklari va ulkan xarajatlar mavjudligini anglamaslik mumkin emas. Sanoatga tadbiq etilayotgan yangi, zamonaviy, ta’bi nozik texnikalar uchun sof, toza yoqilg‘i mahsulotlari va sifatli jihoz-uskunalar zarur. Tinchlikdek ulug‘vor ne’mat bor ekan, davlatlararo

iqtisodiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy aloqalar mustahkamlana-veradi, biroq, mahalliylashtirish haqida ham unutmaslik kerak! Zero, o‘zimizda, Vatanning ertasi uchun yuragi yonib turadigan, g‘oyalari yuksak mutaxassislar tomonidan milliy mahsulotlarimiz ishlab chiqilsinki, olislar yaqin bo‘lsin, xorijliklar kelishuv-shartnomalarini ko‘tarib bizning  yurtga kelsin!

Korxona xuddi oiladek – tashkilot ta’minotchining idroki, odil hisobi hamda, saxovati zamirida yangilanadi va shakllanadi. Shimoliy kon boshqarmasida ta’minot masalalari bilan Moddiy-texnik ta’minot bo‘limi shug‘ullanadi. Bo‘lim tovar-moddiy boyliklarining Markaziy moddiy texnika bazasiga keltirilishigacha bo‘lgan diplomatik, iqtisodiy-tijoriy  jarayonlarida ishtirok etadi. Shunga ko‘ra, ta’minot xizmati korxonaning samarali faoliyatini belgilovchi, aniq detall va raqamlar bilan ishlovchi muhim bo‘g‘inidir.  Ma’danni qazib olish va qayta ishlash juda murakkab, ilmiy jarayon bo‘lib, bu o‘z vaqtida va doimiy ravishda ishlab chiqarish uskunalari, tovarlar va  materiallarning yetkazib berilishini talab etadi. Bo‘limning eng muhim maqsadi ham, barcha sifat standartlariga javob beradigan materiallar, butlov ehtiyot qismlari va moddiy resurslarni har tomonlama o‘z vaqtida, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan miqdorda yetkazib berishdir. Bundan tashqari, ta’minotchilar bo‘linmalarga, rejaga muvofiq tarzda qishki-yozgi kondisionerlar, muzlatgichlar, mikroto‘lqinli pechlar, televizorlar, suv kullerlari kabi idora jihozlari va maishiy texnikalar keltiradilar. Bundan ikki yilcha avval xonamizdagi stullardan birining “yoshi” haqida hamkasbimning: “Bu stul mendan yoshi katta!”,  degan hazilomuz so‘zidan erinmay, stulning tavallud sanasini aniqlab ko‘rsam, uning aytganicha bor ekan. Ana shu “oqsoqol”  jihozlarimizni pensiyaga kuzatdik. Xonalarimiz ko‘rkamlashib, kitoblar, hujjatlar va kiyimlarni saqlash uchun yangi, zamonaviy jihozlarga ega bo‘ldik. Yangilanish jarayoni  butun Boshqarma bo‘ylab, shu bilan birga, bo‘linmalararo amalga oshirildi, bundan xuddi yangi uyga ko‘chib kirgan kishidek qalbga ajib xursandchilik indi. Ta’minotchilar to‘g‘risidagi minnatdorona o‘ylarimni tinim bilmay borib-kelayotgan avtoyukko‘targich e’tiborimni tortadi. Pildirab, chaqqongina harakat qilib paddondagi og‘ir yukni “qo‘llari” bilan ko‘taradi-da, bo‘linmalardan kelgan  buyurtma-hujjatga muvofiq yuk avtosiga joylaydi yoki bazaga keltirilgan yukni omborxonalarga tarqatadi, juda zaruriy va dastyor yordamchi! Bundan tashqari, omborxonadagi og‘ir va o‘ta og‘ir yuklar uchun Markaziy moddiy texnika bazasida ko‘prikli va chorpoyali kranlar mavjud. Bazaga kirmasingizdanoq, salobat bilan bo‘yini ko‘rsatib turuvchi ushbu kranlarning ham vazifalari aniq! Kon yuk avtomolining ulkan haybatli “qovurg‘asi”, qariyb bir tonna keladigan shinalar  mana shu kranlar yordamida tushiriladi va  yuklanadi.

Bazadagi omborxonalar bilan tanishib va ulardagi ashyolarni hayrat bilan tomosha qilarkanman, hamda, bu bo‘linmada ishlayotgan xotin-qizlarning raqamlar bilan ishlashdagi tafakkur zahmatlarini chamalarkanman, “Kombinatning ayollari har jihatdan qo‘rqmas va uddaburon!”, deya ko‘nglimdan o‘tkazdim. Chaman Murodova, Zuhra Po‘latova ana shunday ayollardan. Zilola Norqulova bo‘lsa  Avtomobil transporti boshqarmasi, 1-sonli Avtokorxona va “Sharqiy”, hamda, “Dovgiztov” konlari uchun zarur bo‘lgan shinalar, ekskovatorlar uchun tishlar, moy va havo filtrlari, akkumlyator kabi jihozlarning kelish-ketishi, soni  va saqlanishi uchun mas’uldir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining asosiy boyligi bu insondir. Bo‘linmalarda mehnat qilayotgan minglab xodimlarni kutayotgan oilasi bag‘riga sog‘-omon yetkazish, ular uchun  ish joylarida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash eng asosiy vazifadir. Shu ma’noda, mehnat muxofazasi va texnika xavfsizligi yuzasidan kon boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun ajratiladigan shaxsiy himoya vositalari ham baza hududidagi omborxonada saqlanadi. Kon boshqarmasidagi ulkan jarayonni mustahkam zanjirning halqalariga qiyos etgulik – qurilish, mehnat muxofazasi, energetika, favqulodda vaziyatlar, transport va temir yo‘llari kabi qator sohalarning ishlab chiqarishdagi uzviyligini bir maromda ushlab turishda Markaziy moddiy-texnika  bazasining saxovatli qo‘llari bor!

Men, maqolamning boshida sanoat korxonasidagi ish unumi, baraka va sifatni bejizga, Markaziy moddiy-texnika bazasi faoliyatiga bog‘lamadim. Ishlab chiqarishni inson organizmiga qiyoslasak, tanamizdagi irmoq-tomirlarga hayot vazifasini berish Ilohiy qoidaga muvofiq qondek moʻjiza ne’mat (agar qonning tarkibini tahlil qilib ko‘rsak uning chindan ham moʻjiza ekanini tushunamiz!) zimmasiga yuklatilgan. Tomirlarimizda oqayotgan qon hayot ekanimizga dalildir. Yoqilg‘i-moy mahsulotlarining ham xuddi inson organizmidagi qon ne’mati kabi korxonadagi jarayonlarda xizmati beqiyos.

  Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ombori tuman hududida, “Kokpatas” va “Dovgiztov” konlari maydonida, hamda “Adjibugut” kar’yerida joylashgan. Garchi, masofalar bir-biridan olis bo‘lsa-da, Vatan sanoatining rivoji yo‘lidagi g‘oyalar, reja va o‘ylar yagona! Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi barcha avtolarga tuzlimadagi ishchi-xodimlar xizmat ko‘rsatadi.  Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlarida yengil va quyuq neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash hamda, tarqatish uchun katta-katta sig‘imlar mavjud. Haybati odamni hayiqtiradigan bu sig‘imlarga keltiriladigan yoqilg‘i-moy mahsulotlarining, avvalo, sifati laborant xodimlar tomonidan tekshiriladi. Qariyb  9 metr balandlikka ega sig‘imlar ustida qo‘rqmay harakatlanish, sig‘im ichidagi yoqilg‘i-moy mahsulotining tahlilini yuritish uchun Anastasiya Yakovleva, Marina Jukovadek xodimlardan g‘ayrat va  mehnatsevarlikni o‘rganish mumkin! Tahlil har ikki soatda olib borilishini inobatga oladigan bo‘lsak, laborant xodimlarimiz bu haybatli idishlar ustiga kun davomida bir necha marotaba chiqib-tushishlarini tasavvur qilavering! Meni biroz qo‘rquv  bosganini  payqagan kimyoviy tahlil laboranti Munisa opa Ahmedova hazil aralash: “Nilufar, men har safar bu katta idishlarning ustida yurganimda xuddi ertakdagi Zumraddek uyimni bir ko‘rib olaman. Hecham qo‘rqmayman, yengillik, qushdek yengillikni xis etaman!”, deb qoldilar. Darhaqiqat, men Markaziy moddiy texnika bazasining ikkala tuzilmasida ham bo‘lib, xotin-qizlarimizning shijoatlilari, polvonlari shu bo‘linmada mehnat qilishlariga amin bo‘ldim, demak, To‘marislar hali barhayot!

Tinar opa Junisova “Ishning barakasi erta tongda!”, deya shahar uyquda payti 2-sonli AYOQSHda gavjum ish soatini boshlaydi. Avtobuslar, yengil markablar va og‘ir yuk ulovlariga bo‘linmalardagi vazifalarini bajarishlari uchun rejaga muvofiq

yoqilg‘i-moy mahsulotlarini tarqatadi. Qariyb o‘ttiz yildan beri Shimoliy kon boshqarmasida mehnat qilayotgan Tinar Junisova har jihatdan hamkasblariga o‘rnak. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborida mehnat qilayotgan yoqilg‘i qo‘yish shaxobchalari operatorlari, yoqilg‘i moylash materiallari ombori ustalari, quyuvchi-to‘kuvchilar, yukchilar, elektr gaz payvandchilar, chilangar-santexniklar, barchalari ulkan korxonaning eng ahamiyatli nuqtasida iqtisodiy samaradorlikka erishish uchun mehnatga shay holda! Nazarimda, vertikal va gorizontal po‘lat rezervuarlar, temir yo‘l sisternalari ham ishchilar  shijoatiga  uyqash holda,  sanoatga  “Labbay!”,  deb qad kerib turgandek!

Bugun, qachonlardir, uzoqdan ko‘rganim – haybatli kumushrang sig‘imlarning yonginasidan (haybatli tepaliklarni zabt etish orzusida!) o‘tarkanman, o‘sha hayratlarimning javobini topgandek bo‘ldim. Maqolada, tafakkurimizning qudrati yetgancha, yillar davomida e’tirof etilmagan, biroq dunyoga kelayotgan oltinimiz  zamirida munosib o‘rni bo‘lgan bo‘linma faoliyatiga biroz to‘xtaldik xolos. Markaziy moddiy texnika bazasi boshlig‘i Ulug‘bek Raxmanovga qanot bo‘lib Karim Jumanov, Ruslan Dayanov, Kamol Salimov, Javlonbek Aslanov, Dilshod Yuldashev, Tohir Rayimov kabi mutaxassislarning, shuningdek, tovarshunos, ekspeditor, yuk ortuvchi haydovchisi, chilangar, elektromontyor, kran mashinistidek turli kasb egalarining, hamda, baza yashilligiga mehnatlari singgan Safar aka Mahmudov, Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborida beta’ma mehnati sabab “Benzokolonka malikasi”, deya e’tirof etiluvchi Anastasiya Yakovlevalarning ibratli faoliyatlari to‘g‘risida qog‘oz qoralashni dilga tugib qaytdik. Anglaganimiz – xazinabonlarning bir kecha-kunduzda ulkan raqamlar bilan til topisha bilganlari, ishonch hosil qilganimiz – ishchi-xodimlar zimmasidagi mas’uliyat xissi bu hududga keltiriladigan og‘ir yuklardan ham og‘irroqligi! 

Muydinova Nilufar

SHKB Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi mutaxassisi

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: