LOTIN-КИРИЛЛ

   Boshlovchilik uchun muhimi so‘z. Bundan ham muhimi — KERAKLI vaqtda KERAKLI SO‘Zni aytish! Gapirayotgan mavzuingni ko‘pchilik oldin ham katta davralarda gapirgan yoki odamlarni hayratga solib bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘zingni ovozing, o‘zingni ohangrabong bo‘lmasa odamlarning yodida qolishing tugul sening so‘zing, gapirayotgan gaping shovqinlar ichida qolib ketaveradi. Mavzu dolzarb bo‘lsa-yu, hissiz ohang bo‘lsa uning ta’sirchanligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Uchquduqlik boshlovchi Qobuljon Qurbonovning har bir davrada, har bir tadbirda aytadigan o‘z so‘zi, gapi bor. U nafaqat Uchquduq tumani, balki Navoiy viloyatida o‘tkaziladigan deyarli ko‘pchilik tadbirlarda boshlovchilik qiladi. Undagi jozibali nutq san’ati va boshlovchilarga xos sehrli ovozi kishilar diqqatini o‘ziga torta oladi.
Qobuljon asli xatirchilik. Navoiy madaniyat va san’at kollejini bitirib, 2013 yilda “Uchquduq” madaniyat saroyiga ishga keldi. Bugungi kunda madaniyat saroyining badiiy rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U ikki kasbni bir qo‘lda tutgan, desak xato bo‘lmaydi. Negaki, badiiy rahbar sifatida tashkil etgan tadbirlari nafaqat NKMK ishchi-xodimlariga balki tumanning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan auditoriyasi uchun qiziqarli, barchaga birdek manzur bo‘lmoqda. Boshlovchiligi esa o‘sha tadbirlarga fayz bag‘ishlaydi.
    -Yoshligimdan mahoratli so‘z ustasi O‘tkir Siddiqovga taqlid qilardim, – deya xotirlaydi Qobuljon. Men ham katta sahnalarda chiroyli kiyinib chiqib butun zalni o‘zimga qaratsam, so‘zim bilan mahliyo etsam derdim. Shu sohada o‘qish barorida xalqimizning sevimli boshlovchilari bilan tanishdim. Marhum ustozim Rahmatilla Mirzayevning: “Birovning so‘zini birovga yetqazish qanchalik mahorat talab etishini har sahnaga chiqqanda yodga ol”, degan o‘gitlari yodimga tushadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor birinchi ustozim Fotix Jalolovdan o‘rganganlarim bugun ham Uchquduq ahliga qilayotgan xizmatlarimda as qotyapti, –deydi suhbatdoshimiz.
Bugun Qobuljon Qurbonov badiiy rahbarlik qilayotgan “Uchquduq” madaniyat saroyida 14 ta to‘garak faoliyat yuritadi. Milliy raqs, estrada, vokal, xor, folklor singari jamoalarga yuzlab uchquduqlik yoshlar jalb etilgan. Madaniyat saroyi qoshida faoliyat olib borayotgan “Xushchaqchaq” havaskor teatr jamoasi tomonidan “Yodgor”, “Bebaxt orzular”, “Non qadri”, “Ulfatlar nayrangi” spektakllari tomoshabinlarga manzur bo‘lish barobarida teatr san’atiga, aktyorlikka qiziquvchi uchquduqlik yoshlarni sahnada kashf etdi. Ayni kunlarda ijodiy jamoa “Oltin xazina yoxud aqldan ozish hech gapmas” super komediyasi ustida ishlayapti.
     Uchquduqda san’atni, madaniyatni sevadigan minglab konchilar, metallurglar, chorvadorlar umrguzaronlik qiladi. Albatta, olis hududlarga taniqli ijodkorlarning doimiy tashrif buyurishi amrimahol. Ammo uchquduqliklar madaniyat saroyining “Yeles” xalq vokal jamoasi xonandalari Banu Iskakovani o‘zining “Yulduz Usmonova”si, Gulnur Qurakbayevani – “Qaraqat Abildina”si, Mag‘jan Saduaqasovni – “Quandiq Raxim”i, xushovoz xonanda Feruz Ibodullayevni esa – “Ozodbek Nazarbekov”i deb biladi. Shu bois, turli millat vakillari do‘st-inoq yashayotgan Uchquduqda qo‘shiqchilar repertuaridan qardosh xalqlar qo‘shiqlari ham o‘rin olgan.
- Madaniyat saroyimizning “San’at” milliy cholg‘u ansambli “Qizilqum san’at g‘unchalari 2019” tanlovida bosh sovrin – gran pri, “Ekspressiya” estrada raqs ansambli o‘tgan 2023 yilda Toshkentda o‘tkazilgan “Art Silk Way” tanlovida gran pri - bosh sovringa sazovor bo‘lishgan. 2021 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Roza Vostoka” xalqaro tanlovida ham faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Xonanda Banu Iskakova esa respublika Botir Zokirov nomidagi “Ofarin” konkursi diplomanti. Bu ijodkorlar poytaxtda yoki katta shaharlarda ijod qilsalar bundan-da katta muvafaqqiyatlarga erishishlari mumkinligini bilishadi. Biroq, bugun Uchquduq xalqi uchun xizmatlari kerakligini tushunishadi va his etishadi,-deydi badiiy rahbar Qobuljon Qurbonov.

      Ha, aslida san’atkor, ijodkor uchun xalqning olqishidan katta mukofotning o‘zi yo‘q. Bu mukofotni olayotganlardan biri –“Uchquduq” madaniyat saroyi xodimlaridir.

     Yana so‘zni qaxramonim Qobuljon Qurbonov haqida davom ettiraman. San’at sohasidagi ijodkorlikni sen o‘zingga kasb qilib tanlolmaysan. Chunki u Yaratgan tomonidan berilgan ne’mat. Qobul hududda o‘tadigan siyosiy tadbirmi, ko‘ngilochar dasturmi, muhim sanalarga bag‘ishlangan bayram shodiyonalarimi hammasida boshlovchilik qiladi. Uni ana shunday “tushadigan” ovoz bilan siylagan. U esa ana shu qirralarini ochilishida o‘z ishxonasi “Uchquduq” madaniyat saroyining hissasi kattaligidan ayniqsa, madaniyat saroyi direktori yosh iste’dod Po‘lat Amonovdan minnatdor.
“Bugungi kuning qadriga yetish, shukronalik katta davralarning peshtoqiga harflar bilan ilinishidan tashqari, baralla aytiladigan so‘z. Ana shunday so‘zni aytish menga nasib etganidan xursandman. Chunki so‘zgina insonning qalbiga tezroq o‘rnashib oladi. Otam Ziyodulla Qurbonov uzoq yillar biz bolalari uchun mehnat qilib qarilik gashtini surar payti ikki ko‘zidan ajraldi. Bugun bizni faqat ovozimizdan taniydi. Otamning meni ovozimni eshitib qanchalik xursand bo‘lishini yuzlaridan ko‘raman... Onam Saida Qurbonova og‘ir xastalik sabab to‘shakka mixlangan. Har gal ko‘rishga borganimda yoki telefonda gaplashganimda: “Ovozingni eshitib, og‘riqlarim esimdan chiqdi”, desalar xursand bo‘laman. Xalqimizning faqat yaxshi kunida xizmat qilish kasbimning birinchi darajali “qasamyodi”. Va faqat shu uchun duo olaman. Ana shu duolar esa endigina 70 dan sakragan 80 ga yetayotgan onam uchun kifoya qilishini niyat qilaman”, deydi Qobuljon Qurbonov.

Laylo KARIMOVA

      Assalomu alaykum qadrli do‘stlar!
      Madaniyat va san’at sohasining fidoyilari!

       Avvalo, Siz azizlarni, sizlar orqali minglab san’at muxlislarini 15 aprel kuni nishonlanadigan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hammamizga yaxshi ma’lumki, inson va jamiyat hayotida, xalqning ma’naviy dunyosini, ongu tafakkurini yuksalti-rishda san’atning o‘rni va ahamiyati
beqiyosdir.
        Mamlakatimizda uchinchi yil nishonlanayotgan mana shu quvonchli bayram kunida ko‘p asrlik shonli tarixga, ijodiy maktablarga ega bo‘lgan o‘zbek madaniyati va san’ati o‘zining boy an’ana va qadriyatlarini saqlab, zamon bilan hamnafas bo‘lib, izchil rivojlanib kelayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
      Hayot yo‘llarida uchrab turadigan turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘zining sevgan kasbiga, qadrdon sahnasiga hamisha sadoqat ko‘rsatib, ko‘pmillatli xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan “Uchquduq” madaniyat uyi xodimlari Miliya Mudarisovna, Banu Iskakova, Gulnur Quraqbayeva, Feruz Ibodullayeva, Po‘lat Amonov Qobiljon Qurbonov, Nodir Fatullayev, “Qizilqum” madaniyat uyi xodimlari Qasыmbek Qojanbayev, Bag‘ila Amanova, Nurjan Davletov, Janiy Alpamisov, Meyramkul Pirmanova, Raxmatillo Qurbonnazarov, Jang‘ali Jubatxanov, Gʻaziza Alxojayevalarning mashaqqatli va fidokorona mehnatlarini har qancha olqishlasak, chin qalbdan rahmat aytsak, arziydi, albatta.
Biz sizlarning timsolingizda san’at degan noyob va beqiyos ma’naviy boylikni asrab-avaylab, rivojlantirib, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazib kelayotgan olijanob insonlarni ko‘ramiz.
O‘ylaymanki, so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori madaniyat tizimida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotganidan barchangiz xabardorsiz.
Shu borada qabul qilingan qator farmon va qarorlar sohani yanada rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xalqimiz, birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqish va e’tiborni kuchaytirishga qaratilgandir.
2020 yilning 26 may sanasida qabul qilingan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmonida ham ana shu masalalarga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etish lozim.
Ushbu sohaga mehr va havas qo‘ygan yoshlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun ijodiy tanlov va festivallar o‘tkazilmoqda. Ko‘plab hududlarda madaniyat yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining filiallari ochilmoqda, ularga qabul kvotalari oshirilmoqda, kam ta’minlangan oilalarga mansub iste’dodli qizlarimizga alohida imtiyozlar berilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlarning davomi sifatida Uchquduq tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limga qarashli 10 ta umumta’lim maktabi, “Qizilqum” madaniyat uyi hamda 10-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi yuzlab millionlik mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zaruriy musiqa cholg‘u asboblari bilan ta’minlanganini sizlarga ma’lum qilish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Hozirgi kunda shiddatli zamon, hayotning o‘zi barchamizning oldimizga o‘ta muhim va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Xususan, el-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Biz bu yo‘lda barcha ijodkor ziyolilarimiz qatori siz, hurmatli san’atkorlarimizning iste’dod va salohiyatingiz, bilim va tajribangiz, ezgu
fazilatlaringizga tayanamiz.
Aziz va muhtaram do‘stlar!
Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va ilhom yor bo‘lishini tilayman.
Madaniyat uyi sahnalarida, ijodiy jamoalaringizda mana shunday quvonchli kunlar ko‘p bo‘lsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin!
Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun tashakkur!

   “Yashil makon” loyihasi – amalda!

     Yurtimizning har bir go‘shasida bahor nafasi kezmoqda. Har yili mana shu pallada Navoiy kon-metallurg kombinati va uning bo‘linmalarida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va gul o‘tqazish ishlari avj oladi. Bu yil ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Shimoliy kon boshqarmasi jamoasi peshqadamlardan bo‘lib ko‘klamgi yumushlarni boshlab yubordi.
      Dunyoda iqlim o‘zgarib borayotganini inobatga olib, olis cho‘l hududi bo‘lgan Uchquduqda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Umummilliy loyiha asosida hududda daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari kuchayib, bog‘lar, ihotazorlar maydoni borgan sari kengayib bormoqda.Zero, qishi izg‘irinli, yozi garimsel, qumzorlar bag‘rida joylashgan cho‘l hududi uchun bu suv va havodek zarur.
      - Keyingi yillarda hududda “yashil qoplama”, “yashil ihotazor” – himoya o‘rmonlari barpo etish, cho‘l iqlimiga mos manzarali daraxt, saksovul va buta ko‘chatlari ekish ishlari jadal davom etmoqda. Birgina, o‘tgan yili bo‘linmalar maydonlari, atroflariga 70,6 ming tup manzarali daraxt, saksovul, lugustrum (beresklet) navli butalar ekildi, - deydi SHKB atrof-muhitni muhofaza qilish guruhi muhandisi Alixon Bahromov. - Bundan tashqari, shu kunlarda ezgu tashabbus bilan 3-gidrometallurgiya zavodi atrofida “NKMK 65 yillik bog‘i” barpo etilib, 8 ming tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi va bu nihollar “Yashil makon” elektron platformasiga kiritildi.
Bu yil kon boshqarmasi jamoasi “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi mavsumda o‘z korxonalari hududida 86 ming tup ya’ni, 37 ming tup saksovul, 20 ming tup beresklet, 2 ming tup qayrag‘och, 2 ming tup tut ko‘chatlari ekishni rejalashtirgan.
      Bir so‘z bilan aytganda, bugun xayrli ishlar boshida turgan ahil jamoamiz, bunyodkor hamkasblarimiz o‘zi yashab turgan manzilni obod qilayotgani, bu ishlarda ishtirok etayotgani va o‘z hissasini qo‘shayotganidani nihoyatda mamnun.

Laylo KARIMOVA

     Dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlarning rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida bo‘linmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerak.

      Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda bo‘lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qo‘shilmaydi.

      Dastlabki sinov davrida xodimga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi to‘liq tatbiq etiladi.

Dastlabki sinov davri mehnat stajiga, shu jumladan har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajiga ham qo‘shiladi.

     Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi aholisining o‘rtacha yoshi 29 yoshni tashkil etgan.

Shu jumladan, jinsi bo‘yicha:

erkaklar uchun – 28,3 yosh

ayollar uchun –  29,7 yosh o‘rtacha ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.

       Ma’lumot uchun, 2023-yilda O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 74,7 yoshni tashkil etgan.

       SSV tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari (IQOS) muomalasini taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Hujjatda aytilishicha, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish tez sur’atlarda ortmoqda, xususan, 26,6 ming o‘g‘il va 8,6 ming qiz chekishga moyil.

      Agar zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20 foiz) nikotinga qaramlikdan aziyat chekadi.

     Ассалому алайкум аҳли жамоа!

     Қадрли учқудуқликлар!

Сиз азизларни сизлар орқали барча мўмин-мусулмонларни ва бутун учқудуқ-ликларни ер юзидаги Ислом уммати томонидан кенг нишонланаётган улуғ ва муборак айём – Рамазон ҳайити билан чин қалбимдан самимий табриклайман!.

Барчамиз учун инсонпарварлик, сабр-қаноат, хайру саховат ва шукроналик тимсоли бўлган ушбу қутлуғ байрам кунларида энг яхши эзгу-тилакларимни билдираман!.

Ўзининг миллий урф-одат ва анъаналарига содиқ, меҳнаткаш ва саховатли туманимиз фуқаролари ана шундай юксак фазилатларни яққол намоён этиб, муқаддас Рамазон ойини тинчлик ва осойишталик, ўзаро ҳурмат ва ҳамжиҳатлик муҳитида ўтказгани ҳамда ушбу эъзозли айёмни бугун шоду хуррамлик билан кутиб олаётгани Ийд ул - Фитр байрамига алоҳида файзу шукуҳ бағишламоқда.

Муборак Рамазон ҳайити моҳиятида мужассам бўлган хайру саховат, меҳр-оқибат, инсонпарварлик сингари азалий анъана ва қадриятларимизни асраб-авайлаш ҳамда кенг тарғиб этиш, халқимизнинг эзгу ният ва орзу-интилишларини қўллаб-қувватлаш мақсадида 8 апрелда ҳурматли Президентимизнинг “Муборак Рамазон ҳайитини нишонлаш тўғрисида”ги қарори қабул қилинди.

Унга кўра, жорий йилда Рамазон ҳайитининг биринчи куни 10 апрель – чоршанба кунига тўғри келиши ҳақидаги Ўзбекистон мусулмонлари идорасининг ахбороти маълумот учун қабул қилиниб, мамлакатимизда 2024 йил 10 апрель куни Рамазон ҳайити байрами сифатида кенг нишонланмоқда.

Дарҳақиқат, сизу биз учун  эзгулик, меҳр-оқибат, хайру саховат, маънавий покланиш айёми бўлиб келаётган муборак Рамазон ойини бу йил учқудуқлик мўмин-мусулмонлар ҳам  ўзгача шукуҳ ва ҳамжиҳатлик билан ўтказмоқдалар. Айниқса, раҳмат ва мағфират нурлари ёғиладиган ушбу саодатли кунларда туманимиздаги 100 нафардан ортиқ кам таъминланган ва эҳтиёжманд оилалар, ногиронлиги бўлган шахсларга моддий ва маънавий ёрдамлар кўрсатилаётгани, барча маҳалла ва овулларда кенг жамоатчилик вакиллари иштирокида эҳсон дастурхонлари ёзилиб, эл-юртимизнинг тинчлиги, бахти ва келажаги учун дуойи фотиҳалар қилинаётгани бу ойнинг файзу тароватини янада оширмоқда.

Давлатимиз раҳбари:  «Рамазон ойи – сахийлик, меҳр-оқибат ва бағрикенглик ойидир. Бу қутлуғ айёмда меҳр-шафқатли, кечиримли бўлиш ҳаммамиз учун ҳам фарз, ҳам қарз» — дея таъкидлаганлар.

Шу муносабат билан, Рамазон ҳайити арафасида Президент адашиб жиноятга қўл урган, лекин айбини чуқур англаб, тузалиш йўлига қатъий ўтган 426 нафар фуқарони афв этиш бўйича фармонни имзолади.

Афв этилган шахсларнинг 135 нафари асосий жазодан тўлиқ озод этилди, 200 нафари жазони ўташдан муддатидан илгари шартли озод қилинди, 26 нафарининг озодликдан маҳрум этиш жазоси енгилроқ жазо билан алмаштирилди. Шунингдек, 65 нафар шахсларга тайинланган озодликдан маҳрум этиш жазосининг муддатлари қисқартирилди.

Азиз тумандошлар!

Ислом дини – аввало, тинчлик ва дўстлик, аҳиллик ва бирдамлик, билим ва

маърифат динидир.

Жамиятимизда ҳукм сураётган турли миллатлар ва элатлар, диний конфессиялар ўртасидаги бағрикенгликни, фуқаролар орасидаги ўзаро ҳурмат, меҳр-оқибат муҳитини янада мустаҳкамлаш, бугунги осуда ҳаётимизнинг қадрига етиш барчамизнинг асосий бурчимиздир.

Шунинг баробарида фарзандларимизни ҳаётга эндигина кириб келаётган ёш авлодни Ватанга муҳаббат, умуминсоний қадриятларга ҳурмат, элу-юрт фаровонлигига муносиб улуш қўшадиган етук ва баркамол инсонлар қилиб тарбиялашимиз муҳим аҳамиятга эга.

Муборак ҳадисларда Пайғамбаримиз (соллаллоҳу алайҳи ва саллам): “Уч кишининг дуоси қабулдир: отанинг фарзандига қилган дуоси, мазлумнинг дуоси ва мусофирнинг дуоси”, деганлар. Ота-она бундай неъмат ва имкониятдан унумли фойдаланиши ва фарзандларининг келажакда солиҳ ва тарбияли инсон бўлиб камол топишини Аллоҳдан сўраши лозим!

Расулуллоҳ (соллаллоҳу алайҳи васаллам) яна бир ҳадисларида: “Болаларингизга одоб беринглар ва одобларини чиройли қилинглар”, «Ота болага гўзал одобдан яхшироқ нарсани бера олмайди», дея марҳамат қилганлар.

Ҳурматли имом-хатибларимиз, ота-оналар, устоз-мураббийлар, муҳтарам нуронийларимиз яқин ҳамкорликда бу борада янада фаол ва самарали иш олиб борадилар, деб ўйлайман.

Қадрли учқудуқликлар!

Аллоҳ таолонинг марҳамати ёғиладиган ушбу барокатли ва нурафшон кунда сизларни яна бир бор азизу мукаррам байрам -Рамазон ҳайити билан чин қалбимдан самимий  табриклайман!. 

Моҳи Рамазонда қилган барча эзгу ният ва дуоларимиз ижобатини берсин, Аллоҳим!

Жонажон Ватанимизни, барча-барчамизни Яратганнинг Ўзи паноҳида асрасин!

Осмонимиз мусаффо, тинчлигимиз ва мустақиллигимиз абадий бўлсин!

Рамазон ҳайити барчамизга муборак бўлсин!

    Uchquduq tumani «Tashabbusli byudjet» g‘oliblari bilan tanishing

    «Tashabbusli byudjet»ning 2024 yildagi 1-mavsumi g‘olib loyihalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra tumandan 15 ta loyiha g‘olib deb topildi.

      Gʻolib loyihalarni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 12 259 308 000 so‘m yo‘naltiriladi. G'olib loyihalarni quyidagi havola orqali ko'rishingiz mumkin.

       https://openbudget.uz/boards/initiatives/initiative/32

     Adliya vazirligi qanday hollarda signal chalish mumkinligini ma’lum qildi.  Bu haqda Huquqiy axborot kanalida ma’lum qilindi. Qonunchilikka ko‘ra, tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:

      Aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun;

    zarur bo‘lgan hollarda yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun.

       Yuqorida ko‘rsatilgan hollardan tashqari tovushli ishoralardan foydalanish taqiqlanadi.

          Shuningdek, tovush signalini sababsiz berish, transportlarga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish, BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

   2.04.2024 yildagi OʻRQ-923 son Qonuni bilan kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’yektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritildi.

 Soliq kodeksiga tadbirkorlik sub’yektlariga ular yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilishini, shuningdek yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻi pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlanishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritildi.

SKning 482-moddasi quyidagilar  bilan toʻldirildi:

«20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaхassis» dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlariga (bundan Toshkent shahrida roʻyхatdan oʻtgan tadbirkorlik sub’yektlari mustasno) ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 2, 3 (bundan toʻlov manbaidan olinadigan foyda soligʻi mustasno) va 5 – 9-bandlarida koʻrsatilgan soliqlarni hamda aylanmadan olinadigan soliqni ushbu sub’yektlar yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab quyidagi muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi:

  • ● 51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – uch oygacha;
  • ● 101 tadan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – olti oygacha;
  • ● 200 tadan ortiq yangi ish oʻrni yaratilganda – oʻn ikki oygacha.

Bunda soliqlar boʻyicha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati mol-mulk garovi, kafillik yoхud bank kafolati ta’minotisiz, shuningdek moliyaviy holat tahlil qilinmagan holda beriladi.

Shuningdek 483-modda quyidagilar bilan toʻldirildi:

«20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaхassis» dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlari yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻini 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagi miqdorda pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi:

  • ● 51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;
  • ● 101 dan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;
  • ● 200 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilganda – ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.

 Mazkur imtiyozlar ular bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda beriladi:

  • ● «Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda va kamida bir yil davomida ularga har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam boʻlmagan ish haqi toʻlangan holda, ularning bandligi ta’minlanganda;
  • ● ushbu fuqarolar jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda.

 Mazkur majburiyatlar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bajarilmagan taqdirda, ushbu moddaning qirq oltinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilishi soliq imtiyozlarini qoʻllashning butun davri uchun bekor qilinib, ushbu soliqlarni toʻlashga doir majburiyatlar tiklanadi.

Uchquduq tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi

bosh yuriskonsulti Shodiyeva  Nafisa Minboy qizi

Page 5 of 190

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: