Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi fuqarolarga kelgusida tayinlanadigan pensiyaga avvalroq tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ma’lum qilmoqda.
Pensiya hisoblashda fuqaroning rasmiy ishlagan davri va soliq to‘langan ish haqi (daromadi) inobatga olinadi. Fuqaro rasmiy ishlab, daromad olgani sari yilma yil pensiya huquqi shakllanib boradi. Demak, har bir fuqaro ish faoliyati va daromadini rasmiylashtirish orqali pensiyaga tayyorgarlik ko‘rib boradi.
Pensiya miqdori ko‘proq chiqishi uchun esa quyidagilarda e’tiborli bo‘lish kerak:
– Mehnat faoliyati rasmiy shaklda ketayotgani, ishlanayotgan tashkilotda ish staji yozib borilayotganiga ishonch hosil qilish (Buni xodim o‘zi mustaqil ravishda my.gov.uz portali orqali tekshirib olsa bo‘ladi);
– Ish beruvchidan ish stajlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqamlashtirilishni talab qilish;
– Xodim tashkilot tomonidan rasmiy shaklda ish haqi to‘lanayotganligiga e’tibor berishi lozim. Bunda, xodim hisoblangan ish haqi, haqiqatan qo‘liga oladigan ish haqi, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari, jamg‘arib borilayotgan pensiya uchun o‘tkazilayotgan mablag‘lar va boshqalarni doimiy ravishda tekshirib borishi lozim;
– Agar xodim norasmiy shaklda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, o‘z-o‘zini band qilgan holda ro‘yxatdan o‘tib, Pensiya jamg‘armasiga belgilangan tartibda ijtimoiy soliqni to‘lab borishi va bu orqali ish stajini ko‘paytirib borishi mumkin;
– Pensiya qonunchiligiga oid yangiliklar, ma’lumotlar bilan muntazam ravishda tanishib borish, kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalardan xabardor bo‘lib turish;
– Agar fuqarolar hozirda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmayotgan bo‘lsalar, u holda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga mehnat daftarchasidagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni so‘rab murojaat qilishlari lozim.
Mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar hozir raqamlashtirib qo‘yilsa, pensiyaga chiqish vaqti kelganda ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinadi.
Yuqoridagi tavsiyalar asosida mehnat faoliyatini olib borish bilan kelgusida fuqarolarning pensiya ta’minoti kafolatlanadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar, pensiyaga oid har qanday masala bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining 1271 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, javob olish mumkin.