Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan Uchquduq tumani o‘zining yer osti boyliklari hamda tabiiy-iqlim sharoiti bilan alohida ajralib turadi. Hududdagi mavjud yer osti boyliklar xorijiy sarmoyadorlarning Uchquduq tumaniga bo‘lgan qiziqishini kundan-kunga oshirmoqda. Bu esa hamkorlikdagi yirik loyihalarni amalga oshirishga zamin hozirlamoqda. Hozirda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan qo‘shma korxonalar soni 5 ta bo‘lsa, kuni-kecha ular soni yana bittaga ko‘paydi.
“Orascom Investment Holding” (Misr) kompaniyasi bilan “Copper Mining” MCHJ hamkorlikdagi qo‘shma korxonaga asos solindi. Ushbu loyiha doirasida qariyb 20 mln. AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2024-2026 yillarda "Shimoliy Bukantau" maydonida geologiya-qidiruv ishlari olib boriladi. Uchquduq tumanidan 100 km. shimolda joylashgan 1170 km2ni masofani tashkil etadigan "Qaramurun”, "Orazali", "Qarabulaq” va boshqa yaqin uchastkalarda tegishli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Kuni-kecha Uchquduq tuman hokimi U.Yelmuratov ushbu qo‘shma korxona faoliyat boshlayotganligini bildiruvchi ramziy lentani kesish marosimida ishtirok etdi. Unda “Qulquduq” ovuli faollari ham qatnashib, mazkur korxonaning aynan “Qulquduq” ovulida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani hudud aholisi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
-Ushbu loyiha asosida "Qaramurun" va "Orazali" uchastkalarining prognoz resurs ko‘rsatkichlari ya’ni mis - 722 ming tonna, oltin - 7,2 tonna va molibden - 90 ming tonna zaxiralarni tashkil etishi aniqlangan, - dedi “Copper Mining” MCHJ rahbari Ilyos Azamov. - Keyinchalik loyihaning texnik-iqtisodiy asosida aniqlanadigan zaxiralarni o‘zlashtirishga 300 mln. AQSH dollaridan ortiq investisiya mablag‘lari jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Muhimi 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI