Naim AMONOV,
Shimoliy kon boshqarmasi direktori.
Bugun biz har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun ahamiyati beqiyos bo‘lgan mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligini kutib olmoqdamiz. Dunyodagi iqtisodiy inqiroz sababli kelib chiqqan keskinlashgan raqobat, turli qarama-qarshiliklar va kelishmovchiliklarga qaramasdan yangi O‘zbekistonni bunyod etishda biz zalvorli natijalarga erishmoqdamiz.
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yuksalishiga Navoiy kon-metallurgiya kombinatining boshqa bo‘linmalari qatorida Shimoliy kon boshqarmasi ham ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Korxonaning ahil mehnat jamoasi o‘z tajriba, bilim va kasbiy mahoratini investisiya dasturlarini amalga oshirish yuzasidan yuklatilgan vazifalarni bajarishga qazib olish va uni qayta ishlash hajmini oshirishga yo‘naltirmoqda.
Yil boshidan buyon Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan yalpi mahsulot ishlab chiqarish 4 trl. 69 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 119,4 foiz o‘sish sur’atini ta’minlash barobarida korxonaning 4,1mlrd. so‘m foyda bilan chiqishini ta’minladi. Boshqarmamizda joriy davrda 15,6 mlrd. so‘m rejaga nisbatan 114,1% miqdorida tovar mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nibatan 118,6 % ni tashkil etib, o‘sish sur’ati ta’minlandi.
Shimoliy kon boshqarmasida 2024 yil 7 oyda 82 - banddan iborat 155,3 mlrd. so‘m miqdorida mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan bo‘lib, amalda yoqilg‘i moylash mahsulotlari, elektr energiyasi, dizel yoqilg‘isining rasionallashtirilishi va ishlab chiqarish hajmining oshirilishi hisobiga 162,1 mlrd. so‘mlik natijaga erishildi. “Sharqiy” va “Daugistau” konlaridan tog‘ jinsini qazib olish hajmi kon ishlarini rivojlantirish rejasiga nisbatan 108,2 foizga bajarildi.
Yetti oy davomida mahalliylashtirish dasturi doirasida 5 mlrd. 182,7 mln so‘m miqdoridagi 26 turdagi 398 dona, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan 24 loyiha bo‘yicha 1mlrd. 445,1 mln. so‘m miqdoridagi 24 turdagi 371 dona mahsulot ishlab chiqarildi. Bu kabi ko‘rsatkichlar zamirida korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning zahmatli mehnati bo‘lsa yana bir muvafaqqiyat kaliti ishlab chiqarish dasturida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida yil boshidan qator tadbirlarning amalga oshirilishi bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Kon ishlarini tezkor boshqarishda "Sharqiy" va "Daugistau" konlarida dispetcherlik xonalarida zamon talabiga mos ravishda yangi zamonaviy kompyuterlar va interaktiv displeylar ishlab chiqarishga tadbiq etildi. Yangi istiqbolli kar’yerlardan biri - “Adjibugut” konida sanoat maydoni infratuzilmasi, xodimlar uchun dam olish xonalari va 5 sonli AYOQSH ishga tushirildi.
“Sharqiy va Daugistau” konlarini texnik va texnologik qayta jixozlash” ishchi loyihasi doirasida kovshin hajmi 7 m3 bo‘lgan zamonaviy 2 dona LIEBHERRR 9100 gidravlik ekskavatori sotib olindi. Konlarni kengaytirish ishlari olib borildi. Hozirgi vaqtda “Kokpatas”, “Daugistau” va “Djasaul” konlarini qazib olish loyihasining 3-navbati bo‘yicha “Daugistau” konida 17,9 mln. tonna “Kokpatas” konida 39,6 mln. tonna va “Djasaul” konida 26,2 mln. tonna jami 83,7 mln. tonna oltin tarkibli ma’dan zaxiralari O‘zbekiston Respublikasi Davlat zaxiralar qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 dekabrdagi 459 - sonli va 2024 yil 22 maydagi 185-sonli qarorlari asosida Kokpatas va Daugistau konlarida ma’dan qazib olish ishlarining uchinchi navbati investisiya loyihasi ustida ish olib borildi. Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida umumiy qiymati 319 mln. 835 ming AQSH dollariga baholangan “Kokpatas va Daugistau oltin ma’dan qazib olish III navbati” investisiya loyihasining texnik – iqtisodiy asoslanishi doirasida boshqarmada intensiv ishlar olib borilmoqda. 3-GMZda 7 - tegirmon ishga tushirilishi barobarida yaqin kunlarda 8 - tegirmonda ham ishlar yakunlanadi. Natijada 3 - gidrometallurgiya zavodining ma’danni qayta ishlash quvvati yilliga 8 mln.
tonnadan 10 mln. tonnaga ya’ni 125 foizga va kon ishlarida tog‘jinsini qazib olish hajmi 70 mln. m3dan istiqbolda 100 mln.m3 ya’ni 142,8 foizga oshirilishi kutilmoqda.
Har bir sohada ana shunday investision loyihalar ahamiyati yaqqol sezilmoqda. Buning natijasida ishlab chiqarish ko‘lami kengayish barobarida yangi ob’yektlarni qurish va ishga tushirish jaddalashmoqda.
2024 yildagi kombinat rivojiga qaratilgan istiqbolli loyiha sabab Kokpatas va Daugistau konlari karyerlarini kengaytirish bo‘yicha kapital kon ishlari boshlandi. 3-GMZ da 7 va 8-sonli bloklarini ishga tushirilishi zavodning flotatsiya, biooksidlanish, sorbsiya, regeneratsiya va tayyor mahsulotlarni filtrlash, quritish va kuydirish syexlarini kengaytirilishiga sabab bo‘ldi. Elektr ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida “Feruza” podstansiyasida 220/10/10 kV va 10/04 kV kuchlanishli 4 ta podstansiyalarni qurish, suv ta’minotini qayta ishlash ishlari jadallashtirildi.
Muhimi ishchi-xodimlarning turmush darajasini oshirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish kombinat rahbariyatining doimiy e’tiborida. Bugun korxona rivojlanishi bilan bir vaqtda Qizilqum sahrosi ham taraqqiy etib, yangi ish o‘rinlari tashkil tashkil etilmoqda. Hudud aholisi korxona ishchi-xodimlari uchun yanada qulay yashash sharoitlari yaratilmoqda.
Eng aziz bayramimiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bayrami oldidan “Sharqiy” koni sanoat maydonida yarim chuqurlashtirilgan ko‘lami 15 tonnagacha portlovchi moddalarni saqlash quvvatiga ega doimiy chiqim ombori ishga tushiriladi. Yaqin kunlarda 3-GMZ hududida markaziy fizika kimyo va biologik laborotoriyasining yangi binosiga foydalanishga topshirildi.
Quvonarlisi shundaki, “NKMK” AJ da “2023-2025 yillarga mo‘ljallangan operasion samaradorlik dasturi”ga muvofiq 3-GMZ bazasida biolaboratoriya tashkil etish qarori qabul qilindi. Ushbu laboratoriya nafaqat bakteriyalarning kontsentratsiyasi va populyasiyasini o‘rganish, balki bakteriyalarning faolligini oshirish ozuqa moddalarining sarfini optimallashtirish hamda oksidlash jarayonining ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash bo‘yicha tadqiqotlarni tizimli olib borilishiga yordam beradi. Biolaboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
“To‘yga to‘yona bilan”, deganlaridek “Sharqiy” konida 250 o‘rinli oshxona, “Daugistau” konida zamonaviy ishlab chiqarish o‘quv markazining foydalanishga topshirilayotgani korxonada mehnat qilayotgan minglab ishchi-xodimlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratibgina qo‘ymay yurtimizda inson qadri uchun olib borilayotning zalvorli ishlarga hamohang ezgu amallardandir.
Albatta, bunday salmoqli natijalarga haqiqiy professionallar tajribali muhandis va malakali mutaxassislar chin ma’noda o‘z kasbining ustalari erishadi. Fidoyilardan tashkil topgan jamoamiz kombinatni tubdan rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan ulkan vazifalarni uddalashiga ishonamiz!
Bu yilgi bayram tantanalari «Bir bo‘lsak - xalqmiz, birlashsak-Vatanmiz!» ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan shior ostida nishonlanmoqda. Albatta bosh shiorimizga shimollik har bir konchi muhandisu metallurg, “labbay” deb javob beradi va elu yurt ravnaqi vatan taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilish yo‘lida birlashadilar.
Ushbu bayram bilan vatanimiz istiqboli yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan barcha hamkasblarni kombinatimiz jamoasini Shimoliy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari nomidan chin dildan tabriklayman!