Yurtimizdagi barcha sohalarning rivoji aynan quruvchilar ishidan boshlanadi, desak mubolag‘a emas. Chunki ular qurayotgan inshootlar chinakam bunyodkorlik namunasi bo‘lib, yurt taraqqiyoti millat ravnaqi xalq farovonligiga xizmat qilmoqda.
Uchquduqning faxri bo‘lgan Shimoliy kon boshqarmasi keyingi yillarda erishayotgan har bir yutug‘ida ishchi-xodimlar uchun yaratayotgan shart-sharoitlarda shubhasiz kapital qurilish bo‘limi, qurilish ta’mirlash uchastkasi xodimlarining mehnatlari beqiyos. Bugungi kunda soha fidoiylari tomonidan Investisiya dasturi va kapital qurilish doirasida olib borilayotgan ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari tahsinga sazovor, albatta!.
Birgina joriy yilda bino va inshootlarni mukammal va joriy ta’mirlashga 33 188.0 mln. so‘m mablag‘ ajratilganligi bu borada ishlar ko‘lamining nafadar kengligini anglatadi.
Jumladan, 3-gidrometallurgiya zavodida 900 o‘rinli maishiy binoni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan bo‘lsa nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika vositalari markaziy laboratoriyasi va “Daugiztau” koni hududida o‘quv sinf xonalarining qurilishi olib borilmoqda. Shuningdek, 11 810, 6 mln so‘m mablag‘ hisobidan “Sharqiy” konida 250 o‘rinli oshxona Zarafshon qurilish boshqarmasi ishchi-xodimlari tomonidan bunyod etilmoqda. Ushbu ob’yektlar eng ulug‘ va eng aziz bayram O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ bosh direktori tomonidan tasdiqlangan manzilli qurilishlar dasturiga asosan 1 790 377, 3 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish rejaga kiritilgan. Shu jumladan, “Kokpatas” va “Daugiztau” oltin konlarida ma’dan qazib olish uchinchi bosqich loyihasiga 782 280,0 mln. so‘m, korxona ishlab chiqarish quvvatlarini saqlab qolish loyihasi bo‘yicha 618 367,4 mlrd. so‘m, 3-sonli GMZ ga qarashli chiqindi poligonining uchinchi navbat uchinchi bosqich qurilish ishlari uchun 15 000,0 mln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirda 6000,0 mln. so‘mdan ortiq mablag‘lar o‘zlashtirildi.
Muxtasar aytganda, yuqorida qayd etilgan bino va inshootlarning zamonaviy qiyofasida shuningdek, ishchi-xodimlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarda siz soha xodimlarining beqiyos kuch-g‘ayratingiz, yuksak salohiyat va mahoratingiz mujassam ekanini e’tirof etgan holda fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkur bildiramiz.
Laylo KARIMOVA, SHKB axborot xizmati rahbari.