LOTIN-КИРИЛЛ

SINGLISIGA UYLANGAN AKA

 

Yetti oylik homilasi bilan kelin bo‘lib tushgan Sayyorani qaynonasi unchalik xushlamasdi. Kelinining har bir ishidan kamchilik topib uni ayamasdan haqoratlardi. Ayniqsa, Sayyoraning oy kuni yaqinlasha borgani sari kampirning jahli chiqar: “O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir bo‘lgan farzandni o‘g‘lim qandoq qilib qabul qilarkan-a?”,  deya tutaqardi.

Ma’rufjon esa qilgan ishidan ming-ming pushaymon bo‘lib, bir onasiga, bir kundan-kunga to‘lishib borayotgan xotiniga qarab ich-ichidan ezilardi. Gohida Sayyora kechasi bilan mijja qoqmasdan to‘lg‘onib, o‘ylanib chiqar eriga bildirmasdan to‘yib-to‘yib yig‘lab ham olar, yangi tushgan kelinning ayanchli ahvolidan qo‘ni-qo‘shnilar ham ogoh edi. Gohida ular Sayyoraga pand-nasihat qilardilar: “Kelinjon, bir etak bola tug‘sangiz bor- mi, o‘shandagina qaynonangizning chehrasi ochiladi. Chunki, bola mehri har qanday narsadan ustun”, deganlari unga bir oz bo‘lsa-da, bu uyda yashab keti- shi uchun o‘ksik qalbida ishonch uyg‘otardi.

Ha, o‘ylamay bosilgan birgina qadam uning boshiga ko‘p tashvishlar soldi. Kunlar o‘taverdi, kunlar oylarga borib ulanaverdi. Sayyora o‘g‘illik bo‘ldi. Rosti, begunoh go‘dak na beshik ko‘rdi, na unga atab "chorlov" kechasi qilindi. Shu yo‘sinda u yoshiga yetdi. Azizjon bir yoshga to‘lganida Sayyora tag‘in homilador edi. Bundan ogoh bo‘lgan "yosumon" kampir keliniga hech kun bermay qo‘ydi. "Qaqqillagan tovuq tug‘masdan qo‘ymas", deganlariday, qaynona bo‘lmish o‘z aytganini qildi. Kelinining boradigan joyi yo‘qligini bilib, Azizjonni olib qoldi. Sayyoraning esa javobini berdi. Xotinining ketishiga keskin qarshilik qilgan o‘g‘liga: - Agar meni onam desang, undan voz kechasan! Bo‘lmasa sen ham uydan ketasan!, - deya shart qo‘ydi. Men ham halol, pokiza kelin qilishni istayman. Xalqning ko‘plab to‘y- larida bo‘lganman,  ularni chaqirib bir dasturxon yozmasam ko‘nglim tinchimaydi. Qarigan chog‘imda u dunyoga armon bilan ketmayin bolam, - deya ko‘z yosh qilgan ona qarshisida Ma’rufjon lol edi.

Sayyora bu uyga qaytib qadam bosmadi. Azizjonni unutish esa u uchun oson bo‘lmadi. Lekin taqdir uni ko‘nikishga mahkum etdi. O‘ttizga kirmay o‘tin bo‘lgan baxtsiz kelin samarqandlik sobiq kursdosh dugonasining uyidan panoh topdi. Sayyora 3 oy ular bilan birga yashadi. Keyin esa o‘sha yerlik Nodir ismli o‘qituvchi yigitga ikkinchi xotin bo‘lib turmushga chiqdi. Farzandsizlik bois turmushi bo‘lmagan Nodirjon Sayyorani nihoyatda asrab-avaylardi. "Gʻoyibdan kelgan baxt", deya uni yeru ko‘kka ishonmasdi. Ayniqsa Sayyora qizlik bo‘lgach, Nodirjonning bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘shildi.

Voyaga yetib,  muhandis bo‘lish istagida poytaxtga yo‘l olgan E’zozaga ota-onasi: "Ilohim o‘qishlarga kirib kel, bolam!", deya oq fotiha berdi... Tasodifni qarangki, o‘tgan yili talaba bo‘lish uchun 2 ball yetmay qolgan Azizjon ham ikkinchi marotaba hujjatlarini institutga E’zoza bilan birgalikda, bir vaqtda topshirdi. Bir qorindan talashib tushib, taqdir taqozasiga ko‘ra bir-birlarini mutlaqo tanimaydigan aka-singillarga talabalikning oltin davri nasib etib, ular kursdosh bo‘lishdi.

Dunyo bexabar "kursdosh"lar birinchi kursligidayoq bir-birlariga ko‘ngil qo‘ydi. Dastavval pinhona, ular so‘ngra ochiq-oshkora uchrashadigan bo‘lishdi. Ayniqsa dars tayyorlash maqsadida E’zoza Azizning “Qora-qamish" massividagi ijara uyiga ko‘p borardi. Ana shunday tashriflarning birida Aziz o‘z ehtiroslarini jilovlay olmadi. Kechqurun ichilgan ikki piyola "shayton suvi" E’zoza uchun qimmatga tushdi. Tongda o‘rnidan sapchib turgan qiz ko‘zlariga ishonmadi...

Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi deganlariday, sevishgan yoshlarning xufyona yashashlaridan butun kursdoshlar va fakultet o‘qituvchilari ham voqif bo‘lishdi. Ular talabalikka “nomunosib”, deb topilganda, Azizjon bir hafta ichida nikoh to‘ylarini o‘tkazishni aytib, E’zozani tinchlantirdi. Haftaning oxirgi kuni Ma’rufjon mahalla raisi va mahallaning so‘zamol "checha"sini hamda xotini bilan birgalikda Azizjonning boshini ikkita qilib qo‘yish maqsadida shirinliklaru sovg‘a-salomlar bilan  Samarqandga yo‘l oldi.

Gʻarbdan sharqqa qarab yo‘l olgan oq tulpor ikki soat deganda ko‘hna Samarqandga yetib keldi. Bo‘lajak qudalar shahar bozoridan ham ancha shirinliklar oldilar. Mashina bo‘lajak kelinning mahallasiga kirib borganda oqsoqol Ma’rufjon va uning xotinini ogohlantirgan bo‘ldi: - "Tag‘in qizingizni bo‘yida bor, yaqinda ona bo‘ladi", deya zinhor-bazinhor ayta ko‘rmanglar. Bu sovuq xabarni eshitish har bir ota-onaga og‘irlik qiladi. Lekin bundan-da sovuq xabar o‘zlarini kutayotganidan afsus, bexabar edi ular.

Oh, qodir tabiat! Yaratgan egam! Axir ularning gunohlari uchun bu darajada jazolayapsan? Nega? Nima uchun? Qani endi shu yerda bir moʻjiza ro‘y bersa- yu, chigal taqdirlar tushga aylanib qolsa! Afsus, ming afsus...

... 15 uy, 4 xona. Eshik qo‘ng‘irog‘iga qo‘l uzatgan Ma’rufjon:  "Bismillohir - rohmani rohiyim. Iloyim ishimiz o‘ngidan kelsin!", deya ohistagina tugmachani bosdi. Ichkaridan esa sado chikmadi. Ikkinchi marotaba tugmachaga qo‘l urilganda, “hozir" degan tovush eshitildi. Shunda Ma’rufjon bir seskanib ketdi va: - Ana, ana kelayapti, - deya bir qadam orqaga tisarildi.

Eshikni Sayyora ochdi va ostonadagi tanish, notanish dasturxonu buxchalar ko‘tarib olgan kishilarga ko‘zi tushdi-yu yuragi tanasidan chiqqudek bo‘lib qotib qoldi. Ko‘zlariga ishonmadi: “Nahotki shuncha yil o‘tib?... Nega? Nima uchun?... Ma’rufjon esa ko‘zlarini chirt yumganicha devorga suyanib qoldi.

Nuriya Po‘latova,  gazetaning jamoatchi muxbiri.

O'qilgan: 224 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: