Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish aholining ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratilmoqda. Tashkil etilayotgan sport musobaqalari orqali esa yoshlarda o‘z irodasi kuchi va imkoniyatlarini to‘la namoyon etish o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Bu kabi amaliy ishlar ortidan mamlakatimiz vakillari yosh sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritayotganliklari tahsinga sazovordir. Aslida Uchquduq bepoyon vatanimizning eng chekka hududi bo‘lishiga qaramay, sportchi yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan salmoqli yutuqlari bilan moʻjazgina shahar nomini ko‘plab yurtlarga tarannum etmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Ana shunday umidli yoshlardan biri Nozima Normurodova. U 2011 yilda Uchquduq tumanida tug‘ilgan. Sportning milliy kurash, erkin kurash, sambo, dzyudo va jiu-jisu turlari bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Nozima bor-yo‘g‘i 13 yoshda. Sportga kirib kelganiga ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, bugun O‘zbekiston va jahon chempioni maqomini qo‘lga kiritishga ulgurdi. Undagi shijoat mitti jussasidagi katta jasorat Nozimani g‘alabalar sari ildam odimlashga undamoqda.
Haqiqatdan ham yoshlikdan sport bilan shug‘ullanish bolani kuchli, epchil qilib, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Ham jismonan ham ruhiy jihatdan chiniqtiradi. Nozima ham endigina 6-sinfda o‘qishiga qaramay o‘zining iqtidorini namoyish etib, bir necha bor Osiyo va O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga ega bo‘ldi. U o‘tgan yilda jahon chempionatida faol ishtirok etib bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, joriy yilda ham uning yutuqlari bardavom bo‘ldi.
Kuni-kecha Rossiyaning Yakuti shahrida o‘tkazilgan VIII - Osiyo bolalari musobaqasida sportning erkin kurash turidan 39 kg vazn toifasida birinchi o‘rinni egallab, yurtimiz madhiyasini Osiyo arenalarida jaranglashiga sabab bo‘lganligini alohida faxr bilan ta’kidlash o‘rinli, albatta.
Nozima erishayotgan g‘alabalari ortida Uchquduq tuman sport maktabi jamoasi va murabbiyi Sardor Sattorovning mehnatlari beqiyosligi shubhasiz.
Yuragida Vatanga muhabbat va sadoqatni jo qilgan Nozima singari sportchi qizlarimizning ko‘zidagi shijoat uchqunlari aslo so‘nmasin, deymiz. Zero, har gal kurash uchun maydoga chiqayotgan Nozima singari qizlarning ortida xalqimizning ularga bo‘lgan ishonchi suyanch bo‘lib g‘alabalar sari yetaklayversin.
Lola SULAYMONOVA,
Uchquduq tuman sport maktabi metodisti.