LOTIN-КИРИЛЛ

Oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi mumkin

AOKA da oʻtkazilgan brifingda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Neʼmat Atamuratov sohaga oid fuqarolardan kelgan savollarga javob berdi.

Savol:—Yaqinda aksiya boʻyicha qonun qabul qilinadi deb bizning mahallamizga tutash yer maydonlarida koʻpchilik qurilish boshladi. Men ham qursam, yangi chiqadigan qonun bilan shu yerni oʻzimniki qilib, hujjat qilib olsam boʻladimi?

Javob:— Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida qonun nazarda tutilayapti. Eʼtiborli boʻling, qabul qilinishi kutilayotgan qonunda joyni noqonuniy egallab olib, u yerda hozir qurilish qilayotganlarning bu ishini oqlash, eʼtirof etish nazarda tutilmagan.Aksincha hozirda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar qonunbuzarlik turiga koʻra, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonunda oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish boʻyicha maʼlum davrlar belgilangan boʻlib, ushbu davrlar kosmik suratlar yordamida aniqlanadi.

Savol:—Hozirgi vaqtda ham uy-joyni kadastr roʻyxatidan oʻtkazish kechiktirilgan boʻlsa, Kadastr idoralari tomonidan jarimaga tortiladimi? Tortilsa jarima miqdori qancha?

Javob:— Koʻchmas mulkka, bino va inshootga boʻlgan huquqlar vujudga kelganidan keyin bir oy ichida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun murojaat qilinishi lozim. Oʻz vaqtida murojaat etmaslik MJTK ning 681-moddasiga asosan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10, mansabdor shaxslarga esa 15 baravari miqdorida jarimaga sabab boʻladi. Ushbu jarimalarni qoʻllash boʻyicha Kadastr agentligi vakolatli organ hisoblanadi.

Savol:— Kadastr idoralarida maqsadsiz foydalanilgan yerlarni olib qoʻyish vakolati bormi?

Javob:—Maʼlumki, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda, Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, ushbu yer uchastkalariga boʻlgan huquqni bekor qilish boʻyicha Kadastr agentligi organlari tomonidan sudga murojaat qilinadi. Maqsadsiz foydalanilayotgan yerlarni olib qoʻyish faqatgina sud tartibida hal etiladi.

Savol:—Qanday holatlarda Yer maydonlarini noqonuniy egallab olingani uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi?

Javob:— Yer maydonlarini noqonuniy egallab olingani uchun jinoiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197 hamda 229-1-moddalarida belgilangan. Eng muhim qismini aytib oʻtamiz. 229-1-moddada Sugʻoriladigan yer uchastkalarini, ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda oʻzboshimchalik bilan egallab olish — bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Savol:— Qurilishi toʻliq yakunlanmagan uyga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish mumkinmi?

Javob:— Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 389-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, Binolar va inshootlar davlat kadastriga maʼlumotlar belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida ularning qurilishi tugallangandan keyin yoxud qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartib va shartlarda ular boʻyicha bitimlar tuzilgandan keyin hisobga kiritiladi.

Qonunchilik hujjatlarida belgilangan holatlarda qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar ham davlat kadastrida hisobga olinishi mumkinligi belgilangan. Shuni ham aytib oʻtishimiz kerak, Kadastr agentligida dolzarb 40 kunlik eʼlon qilindi.

Unga koʻra, hududlarda yer va kadastr nazorati tadbirlari kuchaytiriladi. Jumladan, 45 ta dron yordamida nazorat tadbirlari olib boriladi. Oʻzbekkosmos agentligi tomonidan taqdim etilgan kosmik suratlarni taqqoslash orqali qonunbuzarliklar aniqlanadi.

Yer nazoratchi inspektorlar tomonidan aniqlangan holatlar joylarga chiqqan holda, maxsus planshetlar yordamida “E-Yer nazorat” axborot tizimiga kiritiladi va onlayn nazorat qilinadi. Jinoyat alomatlari bor yaʼni, sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilish qilish holatlari Prokuratura organlariga yuboriladi.

Savol:— Agar fuqaro oʻzboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan binoni buzib tashlasa, jarimadan ozod qilinadimi?

Javob:— Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash bilan bogʻliq huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini taʼminlasa va oʻzboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Javobgarlikdan ozod etish kodeksning 60-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikka tegishli, yaʼni yer uchastkasini oʻzboshimcha egallab unda qurilish qilish bilan bogʻliq holat bundan mustasno.

O'qilgan: 476 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: