Kon jihozlarini ta’mirlash syexi 62-yoshda
Bugun O‘zbekiston import o‘rnini bosish mexanizmlarini yaratish uchun mahalliylashtirish va yirik mahalliy sanoat va kichik biznes sub’yektlari o‘rtasida hamkorlik zanjirlarini shakllantirish bo‘yicha allaqachon o‘z dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur strategiya har yili millionlab dollarni tejash, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Bu yo‘nalishda NKMK AJ yetakchilardan biri hisoblanadi
Shimoliy kon boshqarmasi tarkibida Kon jihozlarini ta’mirlash syexi yordamchi ishlab chiqarish korxonasi bo‘lsada, asosiy ishlab chiqarish uskunalarining muntazam ishlashi uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar va uskunalarni ta’mirlab beradi.
Syexda 193 nafar ishchi-xodim beshta asosiy ishlab chiqarish uchastkasida faoliyat olib boradi. Ular tomonidan “NKMK” AJ va SHKB korxonalari ehtiyojlari uchun zaruriy ehtiyot qismlar, nostandart asbob-uskunalar, metall konstruksiyalar, yuk ko‘taruvchi moslamalar, rezina buyumlar hamda gazsimon kislorod va azot ishlab chiqariladi. E’tiborlisi, SHKB bo‘linmalari orasida mahalliylashtirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
Mamlakat rahbarining ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratishga doir qaroriga asosan 2022 yilda 65 mlrd. 461 mln. so‘m miqdoridagi 115 229 dona jihozlar ta’mirlab berilgan bo‘lsa mahalliylashtirish dasturiga binoan 1 mlrd. 610 mln. so‘mlik mahsulot tayyorlandi. 2023 yida esa syex tomonidan 3 mlrd. 561 mln. so‘m miqdoridagi loyiha dasturi ishlab chiqarishga tadbiq etildi.
Shimoliy kon boshqarmasi ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq va samarali foydalanish orqali butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, materiallarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda import hajmini pasaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shu loyihalarga asosan joriy yilda Kon jihozlarini ta’mirlash syexida 26 turdagi 840 dona qiymati 9 mlrd. 974,8 mln. so‘mlik mahalliylashtirish, 21 turdagi, 594 dona qiymati 2 mlrd. 446,3 mln. miqdoridagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Mahalliylashtirilgan mahsulotlar avvalo, kombinat bo‘linmalarining ehtiyojlariga qaratilgan. Ular respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan konchilik korxonalari uchun ham zarur. SHKB mutaxassislarining rasionalizatorlik taklifi - kar’yer ekskavatorlarini shatakka olish qurilmasining syex ishchi-xodimlari tomonidan tayyorlangani quvonarli, albatta. Bu qurilma kar’yer ekskavatorlarini ko‘chirishda juda ham samarali bo‘lib, texnikani ko‘chirish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatni sezilarli darajada qisqartirganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Kon jihozlarini ta’mirlash syexi jamoasi bu bilan cheklanib qolmay, SHKB korxonalari uchun ruxlangan metall o‘ramidan tom qoplamalari ishlab chiqarmoqda. Shuningdek syex jamoasi Daugiztau konida o‘rnatilgan davriy uzatish qurilmasi kompleksi uchun konveyerlar tayyorlab bermoqda.
Yaqinda 62 yilligini mehnatda yuksak natijalar bilan kutib olgan Kon jihozlarini ta’mirlash syexida yuqori talablarga javob beruvchi o‘z kasbining fidoyilari ishlaydi.