Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi (QKGI) kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Kasallikni virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Bu tashuvchilar esa cho‘l hududlarida ko‘plab uchraydi.
Kasallik asosan, faoliyati cho‘l hududlari, ya’ni tabiiy o‘choqlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalari (cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar)da uchraydi. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Kasallik asosan (80% dan ko‘prog‘i) 20 – 60 yoshdagi erkaklarda uchraydi.
Ushbu kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va chorva mollaridan ularni olib, qo‘llar bilan kanalarni ezish natijasida terining kana qoni bilan ifloslanishi orqali odamlarga yuqadi.
Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.
Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi.
Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:
Badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilinadi. Kana ko‘pincha oyoqlar orqali kirishini inobatga olib, shimni pochalari mahkam bog‘lanishi kerak. Kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalarni, o‘smirlarni va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan yulib olmaslik, shuningdek, qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlar (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) dan foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kana chaqishidan ehtiyot bo‘lish – bu Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligini oldini olishning garovi ekanligini unutmasligimiz kerak.