Sog‘liqni saqlash a’lochisi Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi mudiri, terapevt vrach Ra’no Ahmedova onalik va bolalik muhofazasiga qo‘shgan munosib hissasi hamda ibratli faoliyat olib borayotganligi uchun “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Mehnatining munosib rag‘bati bilan opani qutladik, doimgiday sog‘ligimdan xavotirlanganlik va mehribonlik qorishiq so‘zlarini eshitarkanman, har bir bemor uchun jonfidolik faqat Ra’no opaning o‘zigagina tan bo‘lgan xislatligiga yana bir bor amin bo‘laman!
Ha, opaning huzuriga kelgan bemor xoh tuman markazidan bo‘lsin, xoh olis ovuldan: “Kimsan, qayerliksan”, deb so‘rab ham o‘tirmaydi. Hammani birday qabul qiladi. Hatto yashash manzilini o‘zgartirib, boshqa hududlarga ko‘chib ketgan “sobiq bemorlari” ham opa bilan telefon orqali maslahatlashayotganiga ko‘p bora guvohi bo‘lganman. Bizning Ra’no opa shunday! Hammaning dardiga birdek darmon bo‘lishga hech qursa so‘zi bilan jo‘yali maslahati bilan malham bo‘lsam, deydi.
Qum ko‘chib, shamollar uvillab yotgan qizilqum cho‘li bag‘rikeng va saxiy ekan-ki, azim Karmana farzandi Ra’no Ahmedova mana 30 yildirki el ardog‘idagi shifokor! 3 nafar qiz-o‘g‘illar kamolga yetgan Odil Ahmedov va Ra’no Ahmedovalar oilasida farzandlarning biri moliyachi, biri o‘qituvchi bo‘lib, elu-yurt ravnaqiga munosib ulush qo‘shayotir.