Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar siyosiy ong va madaniyatni shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayon hayotimizda o‘z aksini topmoqda. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar nafaqat yoshlarning asosiy vaqtini o‘tkazuvchi, balki ommaviy axborot vositalarining o‘rnini bosuvchi vositaga aylandi. Endi odamlar biror voqea sodir bo‘lsa, ushbu xabarni internet orqali an’anaviy OAVda e’lon qilinmasidan oldin olmoqda.
XXI asrda ma’naviy, mafkuraviy va axborot omillarining ta’sir kuchi moddiy va moliyaviy resurslarga nisbatan ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu jarayonda shu paytgacha asosiy rolni OAV bajargan bo‘lsa, bugun bu vazifani ijtimoiy tarmoqlar to‘laqonli ravishda bajarib kelmoqda.
Ammo bir qancha ijobiy tomonlari bilan birga ijtimoiy tarmoqlarning xavfli tomonlari ham kun sayin ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan keng jamoatchilikning qiziqishiga sabab bo‘layotgan, ba’zi o‘rinlarda tashvishga solayotgan, inson ruhiyati, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga o‘zini yetarlicha ta’sirini ko‘rsatayotgan ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi, ayni paytda dunyo miqyosida ommalashuvi va albatta uning salbiy jihatlari alohida tadqiq qilishni talab etadigan masaladir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2020 yilda O‘zbekiston aholisining soni 34 milliondan ortiq bo‘lib, internet foydalanuvchilarning soni 22 millionga yetdi. Ularning 85 foizidan ortig‘i ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Yuqoridagi ko‘rsatkichlardan shuni xulosa qilish mumkinki, bugungi kundagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari juda katta auditoriyani tashkil etadi.
Bugun dunyoda jadal sur’atlar bilan axborot urushlari ketmoqda. Bu urushdagi qurol ham, qalqon ham faqat axborot, faqat ma’lumotdir. Axborotlar makoni esa internetdir. Ijtimoiy tarmoqlar esa barcha turdagi axborotlarni tarqatishning eng qulay vositachisi hisoblanadi. Chunki zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning asosiy ustunligi muloqot erkinligi hisoblanadi.
Buning oqibatida ijtimoiy tarmoqlardan kelayotgan xavflar bugun har bir mamlakat uchun global muammoga aylandi. Shu nuqtai nazardan bir narsani ta’kidlab o‘tish lozim. Axborot xavfsizligi, bugungi kunda milliy xavfsizlikning muhim bir qismidir. Ijtimoiy tarmoqlarni mutlaqo nazoratsiz qo‘yish real dunyoda ko‘plab buzg‘unchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Diniy ma’lumotlar. Tarmoqlarda tarqalgan, ammo joiz bo‘lmagan «Agar mo‘min bo‘lsang, ushbu ma’lumotni tarqat!», «Agar Allohni yaxshi ko‘rsang, ushbu ma’lumotni tarqat!», «Agar ushbu ma’lumotni tarqatmasang, gunohlaring seni bu ishdan to‘xtatgan bo‘ladi!», «Agar ushbu ma’lumotni tarqatmasang, og‘ir kasallikka duchor bo‘lasan!» kabi iboralar shaklida uchraydi.
Siyosiy ma’lumotlar. Ijtimoiy tarmoqlarda turli siyosiy chaqiriqlar uchraydiki, ularda sizga o‘zingiz yashab turgan mamlakat siyosatini noto‘g‘ri deb singdirishga, amaldagi siyosiy tuzumga qarshi kurashishga, uning o‘rniga diniy va aksincha, eski sho‘ro tuzumidagi davlat qurishga hamda davlatning siyosiy shaxslarini obro‘sizlantirishga urinuvchi guruhlarning mavjud.
Ommaviy madaniyat haqidagi ma’lumotlar. Ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy madaniyat targ‘iboti ham juda faol olib boriladi. Ular asosan video rolik, elektron surat va qo‘shiqlar ko‘rinishida bo‘ladi. Ularda milliyligimizga zid bo‘lgan yod g‘oyalar, begona urf-odatlar, mentalitetimizga mutlaqo nomunosib madaniyatlar yoshlar g‘oyasiga singdirilishiga harakat qilinadi.
Ommaviy madaniyatning shaxs erkinligi niqobi ostida tarqalishi mamlakat yoshlarining o‘z xalqi urf-odatlarining yo‘qotilishi, milliyligining unutilishi, ayniqsa o‘zbek xalqiga mos bo‘lgan sharmu hayoning, mehr oqibatning, nomus, sha’n va oilaviy munosabatlarning qadrsizlanishiga olib keladi.
Afsuski, bunday holatlarga yurtimizda ham guvoh bo‘lmoqdamiz.
Millatchilik va mahalliychilik ruhidagi malumotlar. Millatchilik va mahalliychilik g‘oyalari ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p uchraydi. Ular asosan so‘rov tarzida o‘tkazilib, quyidagicha savollar qo‘yiladi: «Millating kim?», «Seningcha qaysi millat kuchli?», «Qaysi millat ko‘proq?», «Qayerdansan?».
Avvalo millat va xalq tushunchalarini yaxshilab anglab olishimiz kerak. Bitta til va madaniyatga ega bir etnik guruhdagi odamlar bu millatdir. Bir necha etnik guruhlardan iborat, ma’lum yashash hududiga ega, umumiy bir til va umumlashgan madaniyatga ega odamlar esa xalqdir.
O‘zbek xalqi tarkibiga mamlakatimizda yashovchi har bir millat vakili kiradi, biz birlashib bir xalqmiz. Bizning xalqimiz uchun esa millatchilik degan tushuncha mutlaqo begonadir. Shu kungacha xalqimiz birorta millatga nisbatan g‘arazlik qilmagan. Millatchilik ruhi bizning mamlakatimizda uchramasa-da, tarmoqlardagi bu kabi g‘oyalar virtual tarzda bo‘lsa-da, foydalanuvchilar o‘rtasida nizo keltirib chiqaradi. Eng xavflisi esa bu virtuallik reallikka aylanib ketishidir.
Axloqsizlik, fahsh, buzuqlikni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar. Axloqsizlik, fahsh, buzuqlikni targ‘ib qiluvchi saytlar va ularning sahifalari keng yoyilgani yosh avlodning ma’naviy ongini buzishga olib keladi.
Vahimali ma’lumotlar. Vahimali ma’lumotlar internet foydalanuvchilari o‘rtasida juda tez tarqaladi. Bu kabi ma’lumotlarda mintaqaviy yoki global miqyosda insonlar hayotida keskin, qutqarilib qolish o‘ta mushkul va hatto iloji yo‘q bo‘lgan voqelik bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqatiladi. Bunday mish-mishlardan maqsad ma’lum bir mamlakat yoki mintaqa aholisida targ‘ibot orqali mamlakatda notinchlik tug‘dirish va moddiy manfaatdorlik ko‘rishdir.
Bugun dunyoda siyosiy va diniy radikalizm, ekstremizm, qurol va odam savdosi, terrorizm, og‘ufurushlik, etnik hamda millatlararo ziddiyatlar ijtimoiy tarmoqlar orqali vujudga kelayotganiga bejiz alohida e’tibor qaratilmayapti.
Shu mavzu nuqtai nazaridan bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarning mamlakat xavfsizligi va barqarorligidagi roli ortib bormoqda. Liviya, Misr, Ukraina, Suriya, kabi mamlakatlarda ro‘y bergan mudhish voqealarning boshlang‘ich qo‘zg‘atuvchi nuqtasi ijtimoiy tarmoqlar deb ko‘rsatilmoqda. Bu bejiz emas, yuqoridagi mamlakatlar yoshlariga internet orqali avvaliga chetdan turib «demokratiya» qurishga ko‘maklashuvchi «xolislar» yoshlarda amaldagi tuzumga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otgan.
Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida filtrlarni qo‘llash va internetdan foydalanishni cheklash doim ham ko‘zlangan maqsadga olib kelmaydi. Bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat, avvalo, axborot tarqatishga mo‘ljallangan saytlar faoliyatini takomillashtirish, milliy elektron axborot resurslarimizni boyitish va milliy ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish zarur bo‘ladi. Hozirda g‘oyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, badiiy, sport, harbiy-vatanparvarlik va boshqa yo‘nalishlarda milliy axborot resurslarini rivojlantirish asosiy talabga aylangan. Chunki axborot ummonida asosiy ob’ekt inson ongi hisoblanadi. Agar fuqarolarning axborot ehtiyoji qondirilmasa, u boshqa manba qidiradi, uni boshqalar qondiradi. Natijada axborot oluvchi internetning salbiy axborotlar ummoniga kirib qolishi mumkin.
Shuning uchun ham asosiy axborot manbaiga aylanib borayotgan ijtimoiy tarmoqlarga katta e’tibor qaratishimiz va milliy ijtimoiy tarmoqlarimizni rivojlantirishimiz zarur.