Ayolning qo‘li gul. Ozgina sharoit va imkoniyat berilsa mohir qo‘llari bilan moʻjizalar yarata oladi. Ayniqsa, oilasi yaqinlari uchun barcha imkonini ishga soladi.
Risolat Egamova ham ana shunday qo‘li gul hunarli ayollardan. U Shimoliy kon boshqarmasi markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyasida ikki kun ishlab, ikki kun dam oladi. Ishdan bo‘sh vaqtida ana shu ikki kunda 1 ta sumka to‘qib, 350 400 ming so‘m daromad topadi. Avval boshida tanish-bilishlarga, qarindosh-yaqinlarga buyurtma asosida paypoq, shapka, qo‘lpoq, sharf kabi oddiy narsalarni to‘qib berardi.
Bugun Risolat faoliyatini kengaytirib, ayollar uchun foydali bo‘lgan buyumlar, zamonaviy dizaynga ega bo‘lgan bejirim sumkalar tayyorlamoqda. Hunarmandchilik mahsulotlarini qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonga buyurtma asosida yetkazib bermoqda.
Kuni-kecha viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev, tuman hokimi Soli Xamroyevlar hunarmand xonadonida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
-Quvonarlisi, nafaqat qo‘shni respublikalar hatto Amerikada yashovchi tanishlardan ham buyurtma qabul qildim, - deydi xursandchiligini yashirolmay Risolat Egamova. – Qo‘l mehnatim sotib oluvchilarga manzur bo‘layotgani yana izlanishga yana yangilik yaratishga undaydi.
U asosan tanish-bilishlardan hamkasblardan qo‘shni-qo‘shnilardan hamda internet orqali buyurtmachilardan buyurtmalar qabul qiladi va tayyorlab beradi.
Bugun o‘z brendiga ega bo‘lgan Risolatning oldiga qo‘ygan maqsadlari ko‘p. U chog‘roqqina binoda o‘nlab shogirdlari bilan buyurtmalar qabul qilib, mahsulotning tayyorlanish jarayonlarini buyurtmachilarga kuzatish imkonini yaratishni orzulaydi. Yana ham ota ham ona bo‘lib o‘stirgan ko‘zining oqu-qorasi ikki o‘g‘lining baxtu kamolini ko‘zlaydi.
Risolat Egamovaning faoliyati yosh qizlarimizga kelinlarimizga ibrat bo‘lsin, degan maqsadda ushbu maqolani tayyorladik. Hunar, hunardan unar, deydi dono xalqimiz! Istagimiz Risolatga o‘xshagan qo‘li gul hunarli opa-singillarimiz safi ortaversin!
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI