Qarorga koʻra, 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni “2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat ana shunday noyob fazilatlari bilan bugun ham ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlarga mos holda, har tomonlama yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida qabul qilingan.
Qarorga koʻra, 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi. 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminladi.
Joylarda Navroʻz umumxalq bayramining barcha tadbirlarini milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda zamonaviy tajribalar asosida yuqori saviyada, ommaviy sayillar shaklida tashkil etish, ularda xalqimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
bayram tadbirlarini bahor ayyomida borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni aks ettiradigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan maʼno-mazmun bilan taʼsirchan usullarda oʻtkazish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekanini namoyon etish;
Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish;
- bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
- “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navroʻz bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish;
- jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyiha va aksiyalar uyushtirish, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navroʻz bayramining ruhi va falsafasiga uygʻun boʻlgan urf-odat, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
- bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda ularning koʻrgazma-savdolari va tanlovlarini uyushtirish;
- barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududdagi uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqadi, mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda, yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻradi.