Har sohaning o‘ziga yarasha qiyinchilik va boshqalariga o‘xshamaydigan sinovlari bo‘ladiki, uni faqat o‘z sohasining bilimdonlarigina eplay oladi. Bugun mulohaza yuritishimizga sabab bo‘lgan har bir kuni, har bir daqiqasi, aytish joiz bo‘lsa har bir soniyasi mashaqqat ostida o‘tadigan, Davlatimizning yer osti boyliklari zahirasini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarda geologiya qidiruv ishlarini olib borish va aniqlangan nodir va rangli metallar zahirasini kengaytirishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan geologlar haqida bo‘ladi.
Qizilqum nodir va rangi metal ma’danlariga boy zamin. Uning bag‘rida oltin kabi qimmatbaho metallar salmog‘i ham kam emas. Yurtimizda oltin konlari va undan olingan qimmatbaho ma’danlarni qayta ishlaydigan zavodlar faoliyatini muntazam ta’minlab borish ham tabiiy boyliklardan unumli va oqilona foydalanishni talab etadi. Qimmatbaho metallar zahirasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa geologlar hamkorligida shakllanib boraveradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz geologiya sohasining ham ilmiy, ham texnologik jihatdan mustahkamlanishi va yangilanishi natijasida geologiya-qidiruv ishlari ko‘lami ham kengayib bormoqda.
“O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati Qizilqum markaziy geologiya qidiruv ekspedisiyasi tarkibida faoliyat yuritib kelayotgan Kokpatas dala ekspeditsiyasi ham geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirish, hududda mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish borasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Ekspedisiyada faoliyat yuritayotgan yuzlab ishchi va mutaxassislar o‘zlarining fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz mineral xom-ashyo bazasini kengaytirish «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ tasarrufidagi 1,3 va 5-sonli gidrometallurgiya zavodlarini xomashyo resurslari bilan uzluksiz ta’minlashdek eng muhim va strategik vazifalarni sidqidildan bajarib kelmoqdalar - deydi ekspedisiya boshlig‘i Latif Chuttiyev. Bugungi kunda geologiya soxasiga qaratilayotgan e’tibor moddiy texnik bazasining yangilanishi va yaxshilanishi hisobiga istiqbolli maydonlarda dala geologiya qidiruv ishlariningsamaradorligi ham sezilarli darajada yaxshilanib bormoqda. Birgina misol o‘rnida aytishimiz mumkinki o‘tgan yillarda burg‘ilash uskunalarining oylik ish xajmini o‘rtacha450-500 metrtashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqamlar1200-1500 metrni tashkil etmoqda.
Ekspedisiyaning yuragi
Ekspedisiya tarkibidagi bo‘linmalar orasida geologlarning alohida o‘rni bor. Yirik istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularning tarkibidagi foydali qazilma zaxirasini aniq ko‘rsatkichlar orqali ifodalash, bularning barchasi qog‘ozda oson ko‘rinishi mumkin, aslida esa dalada qidiruv ishlarini olib borishdan tasdiqlangan geologik topshiriq asosida alohida loyihalar ustidan o‘nlab mutaxassislar ma’lum vaqt davomida bosh qotiradi, texnikani belgilangan maydonga yo‘naltirish yo‘lida aniq dalillarga asoslangan izlanishlar olib boradi. Bundan tashqari istiqbolli maydonlarda olib boriladigan qidiruv va baholash ishlari belgilangan geologik topshiriqlarni bajarilishini ta’minlash kabi bir qator muhim vazifalarni amalga oshiradi. Shundan keyingina belgilangan maydonlardagi zahira qiymati aniqlanib, ko‘rsatkichlar Davlat ro‘yxatiga olinadi.
-Ekspedisiya ko‘p yillik faoliyati davomida bir necha o‘nlab har xil turdagi ma’danli va noma’dan foydali qazilma konlarini topib, respublikamiz xom ashyo bazasini rivojlantirishda o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelmoqda, – deydi ekspedisiya bosh geologi Javlon Shirinov. Kokpatas konida bugungi kunda chuqur gorizontlarda sulfidli ma’dan tanalarini chuqurlikdagi davomiyligini o‘rganish va ularning zahirasi miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Qolaversa ekspedisiya tomonidan qimmatbaho va rangli metallar va boshqa turdagi rudali foydali qazilma konlarini topish maqsadida geologik qidiruv ishlari ham keng ko‘lamda olib borilmoqda. Eng muhim loyihalar va aniqlangan foydali qazilma zahiralar ekspedisiyaning yuragi bo‘lmish geologiya bo‘limida tuziladi va ma’lumot uchun yuboriladi.
Qum bag‘ridagi moʻjizalar jamlamasi
Geologiya qidiruv ekspedisiyasi tomonidan turli qiymatga ega bo‘lgan qimmatbaho va noyob toshlar ham jamlanib alohida izlanishlar olib borilmoqdaki, buni alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli nazarimda. Oddiy suvni murakkab naqshlarga ega muzga aylanishi yoki sovuq havoda deraza oynalariga naqshlar chizilishi qanchalik hayratlanarli bo‘lsa, mayda toshlarning jamlanib yirik kristal hosil qilib gul ko‘rinishiga kelishi esa ming chandon hayratlantiradi kishini.
1963 yilda ekspedisiya bilan bir vaqtda tashkil etilgan muzeyga ilk bor Chernyavskiy Yuriy Aleksandrovich tomonidan noyob va qimmatbaho toshlar olib kelish boshlangan va shu tartibda muzeyning ilk eksponatlari to‘plana boshlangan. Muzeydan o‘rin olgan 1000 xildan ortiq turli qiymatli toshlarni tomosha qilar ekansiz, tabiatning naqadar iste’dodli musavvvir ekanligiga, bu go‘zallikni qumlar va toshlar orasidan ajrata olgan insonning esa,aqlu-zakovatiga yana bir bor tahsin aytasiz.
Muzeyni qimmatbaho va noyob ko‘rgazmali toshlar bilan boyitib borish uchun alohida reja asosida qidiruv ishlari olib boriladi, tabiat mo‘jizalari bo‘lgan turfa rangli toshlar bilan muzey bag‘ri yildan yilga to‘lib boraveradi. O‘ta ehtiyotkorlik va sinchkovlik talab etadigan bu sohada mehnat qilayotganlar shu orqali inson ko‘zini quvnatadigan rango-rang toshlar va menerallarnito‘plab boraveradilar.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, bugun yurtimiz hududida foydali qazilmalarni izlab topish va ularni o‘rganish yo‘lida o‘z uylaridan uzoqda, tog‘u toshlarda, cho‘llarda, izlanishlar olib borib, sohaga butun vujudini, aql-zakovatini sarf qilayotgan fidoyi geologiya sohasi xodimlari mehnati hamisha e’tirofga munosib.
Feruza Yandashova