So’ngi yillarda pedagog kadrlarning bilim darajasini oshirish, salohiyatli iqtidorli kadrlarni ta’lim sohasiga jalb etish, ularning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlash yuzasidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Biroq, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi hududlardagi ba’zi bir mas’ullarning mas’uliyatsizligi natijasida ijro etilmasdan qolishi fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishоnchiga haminqadar bo‘lsada, salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Misol uchun: tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo’limiga qarashli umumta’lim maktabi o’quvchisi M.A 2009-yilda o’tkazilgan respublika fan olimpiadasida g’oliblikni qo‘lga kiritgan.
2020-yilda esa u tumandagi maktablardan biriga aynan o’sha fan o’qituvchisi sifatida ishga kiradi.
Tuman adliya bo’limi tomonidan 2023-yil 3-choragi davomida olib borilgan tahlillar naijasida bir qator pedagog xodimlarga, xususan M.Aga ham qonunchilikda belgilangan ustama to’lovlari ish beruvchi tomonidan to’lanmay kelinayotganligi aniqlangan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306-son qarorining 5-bandi kichik g-bandiga ko‘ra, ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanishi belgilangan.
Ammo, mas’ullar tomonidan qarorning 5 bandi kichik “g” bandi amaliyotga notog‘ri qo‘llanilib, fuqaro M.A qaror qabul qilingan kundan oldin asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblikni qo‘lga kiritganligi sababli uning lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanmasdan kelingan.
O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-apreldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi 682-son Qonunining 41-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan.
Ha xuddi shunday, faqat unutmasligimiz kerakki, qarorining tegishli bandida ustama to‘lovi to‘lanilishi lozim bo‘lgan shaxs sifatida ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari belgilangan.
Ya’ni, ushbu holatda ustama to‘lovlari g‘oliblarning qaror kuchga kirgan kundan oldin yoki keyin belgilangan shakldagi sertifikatlarga ega bo‘lganida emas, balki qaror kuchga kirgan kundan boshlab ustama to‘lovlari olish huquqining yuzaga kelishida qo‘llaniladi.
Qisqa qilib aytganda, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari qachon g‘oliblikni qo‘lga kiritganligi muhim emas, g‘olib bo‘lgan fani bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lib ish boshlagan sanasi muhim.
Agarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306-son qarori kuchga kirgan sanadan oldin ishga kirgan bo‘lsa qaror kuchga kirgan sanadan, undan keyin ish boshlagan taqdirda ish boshlagan sanasidan ustama to‘lovlarini olishi mumkin.
Yuqoridagi holat adliya bo‘limi tomondan o‘rganilib, tegishli tadbirlar amalga oshirilgandan so’ng ushbu kamchiliklar bartaraf etildi, hamda fuqaroga yillar davomida ish beruvchining aybi bilan to‘lanmay kelingan to‘lovlar to‘lab berildi.
Uchquduq tuman adliya bo’limi
bosh maslahatchisi T.Safoev