Dunyoda koronavirus infeksiyasiga chalinish bo‘yicha qariyb 78 millionta holat qayd etildi, deb yozadi Meduza Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib.
Kasallanganlar soni bo‘yicha barcha dunyo mamlakatlari ichida AQSh yetakchilik qilmoqda (18,2 million kishi). Birinchi uchlikka Hindiston (10 million) va Braziliya (7,3 million) ham kiradi. Ulardan keyingi o‘rinda Rossiya (2,9 million) bormoqda.
Infeksiya oqibatida butun dunyoda 1,7 million kishi vafot etdi. Qariyb 44 million kishi sog‘aydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan bir hafta ichida koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha yangi rekord qayd etilgan: COVID-19 4,6 milliondan ortiq odamda aniqlangan, bu o‘tgan bir haftalik ko‘rsatkichdan 6 foizga ko‘p demakdir. O‘limlar soni esa 4 foizga oshgan.
So‘nggi yetti kun ichida eng ko‘p kasallanish holatlari AQShda (1,6 million, +14%), Braziliyada (326 ming, +8%), Turkiyada (194 ming, +11%) va Rossiyada (194 ming, +18%) qayd etilgan. Kasallikni yuqtirish holatlarining eng katta qismi Amerika mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi, Yevropa esa bir hafta ichidagi o‘lim holatlari soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
JSST hisob-kitoblari bo‘yicha jami 75 million kishi koronavirusga chalingan, 1,6 million kishi vafot etgan.