O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda ilm-fan natijalari kimyo sanoati va neft-gaz tarmoqlari uchun ham juda zarurligi ta’kidlandi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston ko‘p miqdorda kimyoviy reagentlar, polimerlar va boshqa mahsulotlarni import qilayotgani bu boradagi ahvolni yaqqol ko‘rsatadi
Shu munosabat bilan, xorijiy tajriba asosida neft va tabiiy gazni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Kimyo sanoatiga zarur reagentlar uchun ilmiy institutlarga buyurtmalar berish va ularni ishlab chiqarishga grant ajratish muhimligi ta’kidlandi.Yana bir masala — bugungi kunda Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida 3 milliard tonnaga yaqin texnogen chiqindilar yig‘ilib qolgan. Yiliga ularning 20 million tonnasi qayta ishlansa, 2 tonna oltin, 8 tonna kumush, 10 ming tonna mis hamda volfram, molibden kabi nodir metallar olish mumkin. Mutasaddilarga bu borada aniq ko‘rsatmalar berildi.