LOTIN-КИРИЛЛ

Qo‘qonda “Xon qabuli”, nazorati kuchaygan “Tashabbusli budjet” va suyuntirmagan “suyunchi puli” – 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

    2024 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar eslatib o‘tiladi.

    “Tashabbusli budjet”da nazorat kuchayadi

      Prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida 2024 yil 1 apreldan ayrim soha va tizimlarda yangi tartiblar joriy etilishi belgilab berilgan.

      Jumladan, 2024 yil 1 apreldan boshlab “Tashabbusli budjet” doirasidagi loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etiladi.

      Shuningdek, 1 apreldan chegara bojxona postlarida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini rasmiylashtirish bo‘yicha karantin, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va veterinariya sohalaridagi nazorat funksiyalari bojxona xizmati organlariga o‘tkaziladi.

      Davlat dasturida 2024 yil 1 apreldan boshlab iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) va ma’lumotlar bazasi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, davlat investitsiya dasturlari doirasida markazlashgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan yirik loyihalarga sanoat kooperatsiyasi talablari joriy etilishi ham nazarda tutilgan.

      Xudoyorxon o‘rdasida “Xon qabuli”

2024 yil 1 apreldan boshlab “Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentning “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.

       Media loyiha doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning konsepsiyasi Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan belgilab beriladi. Tanlov doirasida jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

      Qarorga ko‘ra, turistik obektlarda milliy va tarixiy sahnalarni yaratish orqali sayyohlar uchun ularning jozibadorligini yanada oshirish maqsadida turizm obektlarida ijodiy jamoalarning teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlari tashkil etiladi. Jumladan, 2024 yil 1 apreldan boshlab namuna sifatida Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasida “Xon qabuli” teatrlashtirilgan tarixiy tantanali rasmiy qabul marosimi tashkil etiladi. Uning ijobiy natijalari bosqichma-bosqich Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlarida qo‘llanadi.

Bundan tashqari, qarorda 1 apreldan boshlab aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” hamda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihalarini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.

     “Suyunchi puli” berish tartibi o‘zgaradi

      Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ba’zi ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan bola tug‘ilganida bir martalik nafaqa (“suyunchi”) pulini berish tartibi o‘zgartirilmoqda. 

      Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli:

- birinchi farzandi uchun – barcha ayollarga;

- ikkinchi farzandi uchun – farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi. 

Qolgan barcha holatlarda nafaqa to‘lanmaydi. 

Nafaqani olish uchun arizani davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali berish mumkin. 

Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa miqdori mehnatga ham to‘lashning eng kam miqdori 70,3 foizi (hozirda 738 150 so‘m)ga teng.

     Yo‘l varaqalari elektron shaklga o‘tkaziladi

    Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2024 yil 1 apreldan 2024 yil 1 oktyabrga qadar Yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

    Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish davrida elektron yo‘l varaqalari Transport vazirligining «Uztrans» yagona interaktiv axborot tizimining “Elektron yo‘l varaqa” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi va yuritiladi. Elektron yo‘l varaqalari tashkiliy-huquqiy shakli va mansubligidan qat’i nazar, avtomobil transportida yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi.

     Shuningdek, yo‘l varaqalarining qog‘oz shaklidan foydalanishni cheklamagan holda uning elektron ko‘rinishiga bosqichma-bosqich o‘tish ta’minlanadi. Elektron yo‘l varaqalari tizimi shaxsiy yengil avtomobilida yo‘nalishsiz taksi sifatida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun amal qilmaydi. Elektron yo‘l varaqalari tizimidan foydalanganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

     Boshqa o‘zgarishlar

     2024 yil 1 apreldan boshlab:

  •     huquqiy eksperiment doirasida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha xalqaro platformalarda elektron shaklda rasmiylashtirilgan qiymati 100 ming AQSh dollarigacha (yoki ushbu ekvivalentga teng miqdorgacha) bo‘lgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi hamda ularning qog‘oz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi;
  • ijtimoiy himoya milliy agentligiga protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan elektron tijorat orqali vaucher asosida ta’minlashni to‘xtatmagan holda, 2024 yil 1 apreldan 2026 yil 1 aprelga qadar elektr yuritmali kreslo-aravacha va eshitish moslamalarini markazlashtirilgan tartibda xarid qilish va muhtoj shaxslarga yetkazib berish vakolati beriladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlarida bolalar reabilitatsiyasi bo‘limlari tashkil etiladi;
  • tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi hududiy inspeksiyalarda ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgan obektlarni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazib, foydalanishga ruxsat berish ishlarini to‘xtatadi;
  • yirik soliq to‘lovchilar uchun tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va ularning hisobini yuritish tizimi majburiy tartibda joriy etiladi;
  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi. Bunda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar ro‘yxati agentlik tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
  • maxsus axborot platformasi orqali davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari raqamlashtirish sohasidagi qoidalar va qonunchilik talablari bo‘yicha “hayot davomida ta’lim olish” tamoyili asosida o‘qitiladi;
  • ko‘chmas mulk hamda avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi orqali onlayn rejimda tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakat amalga oshiriladi;
  • kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy etgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.  
O'qilgan: 96 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: