LOTIN-КИРИЛЛ

Oʻzbekistonda havo sifatini yaxshilash boʻyicha 10 ta taklif berildi

   “Yuksalish” harakati ekolog mutaxassislar oʻrtasida soʻrov oʻtkazib, holatni yaxshilash boʻyicha 10 ta birlamchi chora-tadbirlar takliflarini ishlab chiqdi.

      Soʻrovda 34 nafar mutaxassis, shu jumladan, tegishli vazirlik va qoʻmitalar, tadqiqotchilar, mahalliy ekofaollar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Respondentlarning aksariyati (80,7 foiz), birinchi galda, chang koʻtarilishini kamaytirish uchun barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va koʻp yillik oʻtlarni ekish orqali “yashil belbogʻ” yaratish kerak, deb hisoblaydi. Bunga qoʻshimcha sifatida, ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash, monitoring qilish, kesish holatlariga jazoni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Soʻralgan ekologlarning 74,4 foizi shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmaguncha yangi, ayniqsa, koʻp qavatli va noturar binolar qurilishiga moratoriy joriy etish, qurilishlarga faqat “yashil” standartlar doirasida ruxsat berish zarur, deb hisoblaydi.

Respondentlarning 70,1 foizi havoni ifloslantiruvchi omillar haqida aniq tushuncha va maʼlumotlarga ega boʻlish uchun maxsus uskunalar orqali ifloslantiruvchi manbalarni (korxona, zavod, issiqxona va hk.) monitoring qilish kerak, degan fikrda. Bunda masʼul idoralar va NNTlar vakillaridan iborat tezkor monitoring guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi taʼkidlangan. Monitoringda asosiy urgʻu quyidagilarga qaratilishi tavsiya etiladi:

ifloslanish darajasi, sabablari va tarkibini oʻrganish, uni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;

natijalarini OAVda eʼlon qilib borish;

havoni ifloslantirishga sabab boʻlgan korxonalarga ijobiy xulosalar yoki faoliyat yuritishi uchun ruxsatnomalar bergan shaxslarni javobgarlikka tortish;

qoidabuzarlarga jarima va jazo choralarini qoʻllash;

havo sifatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Respondentlar, shuningdek, havoning ifloslanganlik holati haqida aholini xabardor qilish, zarur choralarni koʻrish boʻyicha tavsiyalar berish boʻyicha keng koʻlamli targʻibot ishlarini oʻtkazishni aytgan (57,3 foizi). Axborot bilan taʼminlash tizimli, doimiy va ekolog mutaxassislarning maʼlumotlariga tayanilgan boʻlishi kerak.

Ekspertlar barcha transport vositalarini, jumladan, traktor va texnikalarni rejadan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlagan (53 foiz). Shuningdek, ular nosoz uskunalardan foydalanishni taqiqlashni yoqlagan.

Mutaxassislar, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatli obyektlarda (maktab, bogʻcha, shifoxona va hk.) havoni tozalovchi tizimlarni oʻrnatishni (50,6 foiz) hamda ish beruvchilarga bino va ofislar ichkarisida havoni tozalash boʻyicha tezkor choralar koʻrishni ham tavsiya etgan (42,1 foiz).

Respondentlarga koʻra, vaqtinchalik chora sifatida namlikni oshirish uchun yerosti suvlaridan foydalangan holda favvoralar sonini koʻpaytirish zarur (25 foiz). Ayrimlarining fikricha, moʻtadil mikroiqlimni taʼminlash va havo sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatish uchun sunʼiy suv havzalarini yaratish ham samarali choralardan biri.

Soʻrovda qatnashgan ekspertlarning 19,3 foizi ifloslanish darajasi yuqori boʻlgan kunlarda aholi orasida tibbiy niqob taqish zarurligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, deb hisoblaydi.

Shuningdek, soʻralganlarning 18 foizi qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, ishlab chiqarish, omborlarda yongʻinning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish kerakligini taʼkidlagan. Chunki dala va oʻrmonlarda, xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarda sodir boʻladigan yongʻinlar natijasida havo sifatiga hamda inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi zaharli tutun va kul tarqalishi mumkin.

O'qilgan: 167 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: