Душанба-Жума: 09:00-18:00,
    (0-436) 593-11-03,    uchquduq@nv.uz

       
/ / / O‘zbekiston Prezidentligiga barcha nomzodlarning tarjimai holi

O‘zbekiston Prezidentligiga barcha nomzodlarning tarjimai holi

Sarvar Otamuratov, O‘zbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod

O‘zbekiston Prezidentligiga barcha nomzodlarning tarjimai holi
 

O‘zbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sarvar Sa’dullayevich Otamuratov 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy, Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetining sotsiologiya bo‘limini, O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Sotsiologiya fanlari nomzodi. 1995—2006-yillarda Moliya vazirligi Valyuta-iqtisod bosh boshqarmasida yetakchi iqtisodchi, bosh iqtisodchi, bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida, 2006—2009-yillarda sug‘urta kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

2009- va 2014-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan.

2010—2014-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2013-yilda Sarvar Otamuratov O‘zbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi etib saylangan.

"Uning bevosita rahbarligida partiyaning kadrlar tarkibi mustahkamlandi, hududiy partiya tashkilotlarining aholi bilan ishlash borasidagi faoliyati takomillashtirildi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlarining joylarda O‘zbekiston ‘Milliy tiklanish’ demokratik partiyasi maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha faoliyati kuchaytirildi”, —deyiladipartiya axborotida.

2015-yildan bir vaqtning o‘zida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Fraksiya rahbari lavozimida deputatlarning ijtimoiy va axborot sohalarini isloh etishga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish, markaz va joylarda samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishga doir tizimli faoliyatini tashkil etdi.

Sarvar Otamuratovning globallashuv sharoitlarida o‘zlikni anglashni kuchaytirish, fuqarolarda, ayniqsa, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlangan qator risolalari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari va maqolalari chop etilgan.

Oilali, ikki farzandi bor.

 

Shavkat Mirziyoyev, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod

O‘zbekiston Prezidentligiga barcha nomzodlarning tarjimai holi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP)dan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent. Mehnat faoliyatini 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990-yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

"1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996—2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001—2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi”, —deyiladiO‘zLiDeP axborotida.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995—2003-yillarda Oliy Majlis deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Shavkat Mirziyoyev 2003-yilda O‘zbekiston Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

"Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda”, — deyiladi partiya axborotida.

***

2016-yil 8-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Shavkat Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Hoshimova — mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Shavkat Mirziyoyev "Mehnat shuhrati” va "Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

 

 

Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod

O‘zbekiston Prezidentligiga barcha nomzodlarning tarjimai holi

 

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP)dan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov 1969-yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy, 1993-yilda Andijon davlat tillar pedagogika institutini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1993-yilda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 28-sonli o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan. 1995—2004-yillarda Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2004—2013-yillarda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan.

"Uning bevosita ishtirokida viloyatda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol rivojlantirish, yoshlarning siyosiy, huquqiy ongini yuksaltirish, fuqarolik burchlarini anglashlari yo‘lidagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi”, —deyiladipartiya axborotida.

2013-yilda Hotamjon Ketmonov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi etib saylandi.

2014-yilda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. 2015-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Oilali, uch nafar farzandi bor.

 


Narimon Umarov, O‘zbekiston "Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod

O‘zbekiston Prezidentligiga barcha nomzodlarning tarjimai holi

O‘zbekiston "Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Majitovich Umarov 1952-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy. 1974-yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi — muxandis-gidrogeolog. Geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi. Mehnat faoliyatini 1974-yilda "Gidroingeo” ilmiy-tekshirish institutida katta texnik xodim lavozimidan boshlab, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U sug‘orilayotgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq gidrogeologik prognozlarni ishlab chiqish, yer osti suvlaridan iqtisodiyotda oqilona foydalanish yo‘nalishida tadqiqotlar olib bordi.

1997—2009-yillarda Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi huzuridagi Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlab, atrof tabiiy muhit holatini monitoring qilishda yagona davlat tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshqargan.

2009—2013-yillarda Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etgan.

2009-yildan "Ekosan” ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamg‘armasining boshqaruvi raisi, 2013-yildan O‘zbekiston "Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi etib saylangan.

"Egallab turgan lavozimida davlat hokimiyati vakillik organlarida "Adolat” SDP deputatlik guruhlarining faoliyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda”, —deyiladipartiya axborotida.

2014-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi, 2015-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston "Adolat” SDP fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Oilali. Uch nafar farzandning otasi. Rafiqasi X.Xo‘jayeva – pensioner.

2012-yilda Narimon Umarov "Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.


Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда матнни белгилаб, (CTRL + ENTER) клавишасини босиб, веб-сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.

Мавзуга доир бошқа ўхшаш маълумотлар: