Душанба-Жума: 09:00-18:00,
    (0-436) 593-11-03,    uchquduq@nv.uz

       
/ / / O‘zbekiston parlament delegatsiyasi AQShga safar uyushtirdi

O‘zbekiston parlament delegatsiyasi AQShga safar uyushtirdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi uch kunlik tashrif bilan AQShga keldi.
O‘zbekiston parlament delegatsiyasi AQShga safar uyushtirdi

"Jahon” axborot agentligining xabar berishicha, o‘zbekistonlik parlamentariylarning safar dasturidan AQSh Kongressi a’zolari, AQSh prezidenti ma’muriyati, Davlat departamenti, Tijorat vazirligi, ishbilarmon, akademik va ekspert doiralari, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda Jahon banki vakillari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

Tashrif doirasida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida J. Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti bilan hamkorlikda brifing, Atlantika kengashida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirlar mobaynida Amerika tomoniga O‘zbekiston zamonaviy taraqqiyotidagi asosiy jarayonlar, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar, shuningdek, 2016-yil 4-dekabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida har tomonlama va xolis ma’lumotlar taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatidagi fundamental prinsiplar sobitligi, ichki va tashqi siyosat, shu jumladan, AQSh bilan ko‘p qirrali munosabatlar o‘zgarmasligi ta’kidlandi.

Bu borada amerikalik ekspertlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhimligini, turli darajada, eng avvalo, har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan — xavfsizlik, iqtisodiyot, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yangi mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

O‘zbekistondagi barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuksak baholandi. Bunda mustaqillik yillarida qonun ustuvorligiga asoslangan ochiq va barqaro siyosiy tizimning shakllantirilgani muhim o‘rin tutdi.

2016-yilning 18–19-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkilotining Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi yakunlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. Mirziyoyevning Islom hamkorlik tashkiloti homiyligida "Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazi” hamda Toshkent Islom universiteti tarkibida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining (ISESCO) maxsus kafedrasini tashkil etish tashabbuslari haqidagi ma’lumotlar Amerika tomonida katta qiziqish uyg‘otdi.

Amerikalik mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligi "Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida o‘tayotganini ijobiy baholadi.

Jumladan, CRDF Global fondi (dunyo bo‘ylab ilm-fan va ta’limni targ‘ib qiladi) prezidenti M. Dignyaning fikricha, bu respublikaning tashkilot poydevorini yangi — tashkilotning a’zo mamlakatlari ilmiy-ta’limiy imkoniyatlarini mustahkamlab, ko‘p yillar davomida o‘z mevasini beradigan g‘oya bilan boyitishga bo‘lgan harakatidan dalolat beradi. U O‘zbekistonning olijanob tashabbuslari dunyoning barcha mamlakatlari, shu jumladan, AQSh ijtimoiy-siyosiy hamda ilmiy doiralari tomonidan yuksak baholanib, qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi. Mazkur tashabbuslarning ommaviylashuvi islom dini va ilmiy-texnik taraqqiyot bir-biriga muvofiq kelmaydi, degan aqidani bartaraf etishga xizmat qiladi.

Michigan universiteti professori M. Olkott bu shior tashkilot ichidagi qarama-qarshiliklarga barham berishi mumkinligini qayd etdi. Ekspertning ta’kidlashicha, O‘zbekiston diniy siyosat borasida vaqt sinovidan o‘tgan tadbirlarni amalga oshirilmoqda. Bunda, uning aytishicha, boshqa mamlakatlardan farqli ravishda, O‘zbekistonda diniy siyosatni shakllantirish bilan chuqur diniy bilimga ega bo‘lgan odamlar shug‘ullanmoqda. Bunday bilimning yo‘qligi mintaqadagi boshqa mamlakatlarda xatolarga yo‘l qo‘yilishi hamda ziddiyatlarning ortishiga olib keldi.

J. Xopkins universiteti professori T. Hussayn ko‘plab musulmon mamlakatlari diniy ta’lim tizimi asoslarini modernizatsiyalash hamda yangilashga ehtiyoj sezayotgan bir paytda rasmiy Toshkent tomonidan IHT homiyligida Samarqand shahrida Imom Buxoriy tadqiqot markazini tashkil etish g‘oyasining oldinga surilishi ayni vaqtida tashlangan qadam ekanini ta’kidladi. Ekspert ko‘plab musulmon davlatlarida yoshlarning radikallashishi jarayoni zamonaviy diniy mutaxassislarning yetarlicha tayyorlanmagani hamda buyuk muhaddis olimlarning asarlari to‘g‘risida hozirgi ommada yetarlicha ma’lumot yo‘qligi bilan bog‘liqdir. Shu bois islom hamjamiyati yangi g‘oyalarga muhtoj bo‘lib, bu borada boy madaniy-tarixiy merosga ega O‘zbekiston ta’lim va ma’rifatni ommalashtirish yo‘li bilan bu masalaga yechim topishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni Amerika ishbilarmon doiralari vakillari e’tiborini tortdi. Iqtisodchilarning fikricha, mazkur hujjat iqtisodiyotga eng zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish imkonini beradi hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

USAID Agentligi Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori E. Rudenshold o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar hamda sotsial-iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlarni ijobiy baholab, hukumatning qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorligini faollashtirish borasidagi chora-tadbirlariga alohida urg‘u berdi. Bunda USAID respublikaga islohotlarni amalga oshirishda, shu jumladan, transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasida yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.


Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда матнни белгилаб, (CTRL + ENTER) клавишасини босиб, веб-сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.

Мавзуга доир бошқа ўхшаш маълумотлар: